Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:10

So‘g‘dda ishchilar ish tashladi


Tojikiston shimolidagi “Zarafshon” oltin ishlab chiqarish korxonasining 1500 ishchisi 12 sentabr kuni ommaviy ish tashlash e‘lon qildi.

- Asosiy talabimiz oylik maoshimizni, hech bo‘lmaganda, 500 dollarga ko‘tarishsin. Hammamiz mana shu yerga yig‘ilib, kattalarning qarorini kutib o‘tiribmiz, - dedi nomi sir qolishini so‘ragan ishchilardan biri.

Uning aytishicha, ayni paytda ishchilarning o‘rtacha maoshi 500 somoniyni (sal kam 110 AQSh dollari - tahr.) tashkil qiladi.

“Zarafshon” korxonasi bu mamlakatdagi oltin ishlab chiqaruvchi sakkizta korxonaning biri bo‘lib, korxona aksiyasining asosiy qismi Xitoyning Zijin Mining Group shirkatiga tegishlidir.

Ismi oshkor etilmasligini so‘ragan suhbatdoshimizning aytishicha, korxonada faoliyat qilayotgan xitoylik fuqarolarga 2000 dollargacha ish haqi to‘lanadi.

Eslatsak, avgust oyi boshida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon So‘g‘d viloyatiga ish safarida “Zarafshon” oltin ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘lib, ishchilar sharoitini yaxshilash va ularning oylik maoshini oshirish borasida topshiriq ham bergandi.

Biroq oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, ishchilarning aytishicha, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lmagan.
Boz ustiga, ularning gapiga qaraganda, korxonadagi oshna- og‘aynigarchilik, poraxo‘rlik bugungi kunda ishchilarning sabr kosasini to‘ldirgan.

Asnoda “Zarafshon” qo‘shma korxonasi direktori o‘rinbosari Bobojon Boboxonov davlat rahbarining ishchilar oylik ish haqqini oshirishga oid topshirig‘i ustida ish olib borilayotganini bildirdi.

- Ma‘muriyatimiz prezident topshirig‘i bo‘yicha ish olib bormoqda, yaqin kunlarda ishchilarning maoshi oltin narxining jahon bozoridagi narxiga qarab oshiriladi. Bugun korxonamizda bir oz anglashmovchilik bo‘lib o‘tdi, lekin bu masala atrofida vahima qilish shart emas, - deydi “Zarafshon” oltin ishlab chiqarish korxonasi mas‘uli Boboxonov.

Ayni paytda Boboxonov janoblari korxonada tartibsizlik uyushtirganlarga nisbatan qonunchilik doirasida albatta chora ko‘rilishini yashirmadi.

Tojikiston Energetika va sanoat vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy yil olti oyi davomida “Zarafshon” korxonasida 1600 kilogramm oltin ishlab chiqarilgan.

Mazkur korxona oltin ishlab chiqarishni 2016 yilgacha 5000 kilogacha oshirishni rejalashtirgani aytiladi rasmiy ma‘lumotlarda.
XS
SM
MD
LG