Линклар

Piterda aldamchi ish beruvchilar "qora ro‘yxati" tuzilmoqda


Muhojirlarni og‘ir ishlarda ishlatib¸ ularga haq bermay haydab yuboraëtgan ish beruvchilar sonining oshib boraëtgani aytilmoqda.

Muhojirlarni og‘ir ishlarda ishlatib¸ ularga haq bermay haydab yuboraëtgan ish beruvchilar sonining oshib boraëtgani aytilmoqda.

Peterburg muhojirlarining “Turon” gazetasi maoshlarni bermayotgan ish beruvchilarga qarshi kurash boshladi.

Sankt-Peterburg shahridagi mehnat muhojirlari uchun o‘zbek, tojik va rus tillarida chop etiladigan “Turon” gazetasi nashri insofsiz va g‘irrom ish beruvchi tashkilotlar ro‘yxatini tuzishga kirishdi.

"Shu usul bilan “Turon” mehnat muhojirlarini nopok ish beruvchilar qo‘liga tushib qolishidan saqlamoqchi", deydi Ozodlik bilan suhbatda gazeta bosh muharriri Mahmud Mamatmo‘minov.

- Bu bir g‘oya...Kronshtadtda migrantlar zabastovka qildi. Borganimdan keyin “Gazeta ekan, yordam beraolasizlarmi”, deb murojat qilishdi. “Bizni u yerda “kidat” qildi”, “pulimizni bermadi”, degan savollar ko‘payib ketdi, odamlar kelayapti, qo‘ng‘iroqlar bo‘layapti. Shundan keyin o‘zimizda ishlaydiganlarga “Shunaqa bo‘layapti, o‘zimiz ham taftish o‘tkazib yozganimiz to‘g‘ri bo‘lsa kerak”, degan ideya bilan shu ishni boshladik. Lekin bu ro‘yxatga birovning aytgani bilan kiritib qo‘ymaymiz. Odamlar bilan savol-javobiga qarab ularning ma‘lumotlarini tekshiramiz. Yaqinda buning uchun yurist yollaymiz. U borib ayb kimda ekanini tekshiradi. Ana undan keyin ish beruvchi “Bor, qo‘lingdan kelganini qil”, desa biz uni “qora ro‘yxatga” kiritamiz. Bizning maqsadimiz mehnat muhojirlarini shunga o‘xshash xavf-xatardan saqlash, deydi “Turon” gazetasi bosh muharriri.

Peterburg shahri va viloyatida ish beruvchilar tomonidan aldanayotgan mehnat muhojirlari soni shu darajada ko‘payib ketganki, deb davom etadi Mahmud Mamatmo‘minov¸ buning uchun gazeta qoshida tez orada hatto yuridik markaz ochish rejalashtirilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu "qora ro‘yxat" g‘oyasi Rossiya migrantlar federatsiyasi tomonidan ham ma‘qullangan.

Ayrim mutaxassislar fikricha, so‘nggi paytlarda Rossiya tadbirkorlari doirasida gastarbayterlarni aldash ishtiyoqi oshib borayotganiga sabab mardikorlarning mahalliy qonunlar, til va bunday holatlarga qarshi kurash usullarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda.

Rossiyaga qarashli Internet domenida nopok ish beruvchilarning sanoqsiz “qora ro‘yxatlari” mavjud.

Lekin aynan eng huquqsiz qatlam hisoblanmish mehnat muhojirlarini aldashga moslashgan tashkilot va korxonalar ro‘yxati birinchi marotaba tuzilmoqda va bu ularga qarshi kurashning samarali usullaridan hisoblanadi, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Sankt-Peterburgdagi "Umid" o‘zbeklar diasporasi tashkiloti rahbari Alijon Haydarov.

- Hozir biz ham jamiyatimizda hatto yuridik bo‘lim ochganmiz. Shunga o‘xshash arizalar bilan razbiratsya qilamiz . Ularning ko‘plari Rossiya qonunlarini bilmasligidan shartnomalarni tuzmasdan ishlayotganidan bo‘lmoqda. Shartnoma bo‘lmaganidan keyin u ishlaganmi bu yerda, ishlamaganmi – isbotlash juda qiyin. Ishchilar ham qonuniy yo‘llarini bilmaydi. Ayrim joylarda to‘layapti, qolgan joylarda yo‘q. “Bizda ishlamagan – sudga ber!”, deydi. Sudga hujjat bo‘lmasa nima deya olamiz.

Bizga oyiga 20 yaqin odam keladi. Shundan 5-7 tasini olib berayapmiz. Bizning yuridik bo‘limimiz kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda yaxshi natijalarga erishmoqda. “Qora ro‘yxatni” gazetamizdan o‘qigan 10 ming migrant yana uchtasiga aytadi “Bu firmaga borma, ishlama”, deb, deydi Alijon Haydarov.

Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarining birinchi uyushmasi bo‘lgan "Umid" o‘zbeklar jamiyati rahbariga ko‘ra, 2007 yilda Peterburgda doimiy yashayotgan o‘zbeklar soni 18 mingni tashkil etgan. “Hozirgi kunda mehnat muhojirlari bilan hisoblaganda ular soni bir milliondan oshadi”, deydi Alijon Haydarov.

“Turon” nashri maosh va haqlarni bermayotganlar “qora ro‘yxatini” doimiy ravishda to‘ldirib borishni rejalashtirmoqda.

Gazeta xodimlari nopok ish beruvchilar "qora ro‘yxatini" tuzish jaraëniga Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida mehnat qilayotgan Ozodlik tinglovchi va mushtariylarini ham taklif etmoqda.

"Qora ro‘yxat"ga kirishi lozimligini fakt va dalillar orqali isbotlash imkoni bor tashkilot va xususiy shaxslar nomlarini mazkur maqola ostida sharh qoldirish orqali jamoatchilikka bildirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG