Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:57

Qirg‘izistonda kontrabandaga ko‘maklashganlar ishdan olindi


Qirg‘izistondan Tojikistonga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilayotgan benzin miqdori kuniga bir necha ming tonnani tashkil etmoqda.

Bu holatni e‘tirof etgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev qo‘shni mamlakatga qilinayotgan kontrabandani to‘xtata olmagani uchun Botken viloyat militsiyasi, chegara xizmati, moliya politsiyasi, bojxona xizmati rahbarlari va viloyat prokurori lavozimidan bo‘shatilishini e‘lon qildi.

- Bugun biz faqat viloyat rahbarlarini lavozimidan bo‘shatdik. Agar kontrabanda to‘xtamaydigan bo‘lsa, respublika miqyosidagi rahbarlar ishdan bo‘shatiladi. Kontrabandachilarga ko‘mak ko‘rsatishni bas qilinglar, - dedi Almazbek Atambayev.

Bosh vazirning aytishicha, huquq-tartibot tuzilmalari har 20 ming tonna kontrabanda benzinning faqat 400 tonnasinigina ushlab qolmoqda, bu holat ham kamdan-kam holatlarda yuz bermoqda.

Almazbek Atambayev Qirg‘izistondan Tojikistonga qilinayotgan benzin kontrabandasida bojxona, militsiya, Milliy xavfsizlik xizmati va chegara xizmati rasmiylarining qo‘li borligini ta‘kidladi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev esa ayni paytda militsiya xodimlari orasida kontrabandachilarni qo‘llayotgan shaxslar aniqlanib, ishdan olinayotganini ma‘lum qildi.

- Biz 10 kunning ichida 85 ta benzin tashuvchi avtomashinada Tojikistonga jo‘natilayotgan kontrabanda yonilg‘isini ushlab qoldik. Bu holat yuzasidan tekshiruv olib borilganda Botken viloyat militsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari kontrabandachilar bilan aloqadorligi aniqlandi. Shuning uchun u ishdan bo‘shatildi, -dedi Zarilbek Risaliyev.

Asnoda xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassislar va tahlilchilar Botken viloyatidan Tojikistonga kontrabanda benzin olib o‘tiladigan 5 ta yashirin yo‘l borligini bildirishmoqda. Biroq bu ma‘lumot shu kungacha huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan o‘rganilib ham chiqilmagan.

Biroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebayev kontrabanda benzinining asosiy qismi Tojikistonga yashirin yo‘llar orqali emas, to‘g‘ridan-ito‘g‘ri bojxona orqali o‘tayotgani aniqlanganini bildirdi.

- Kontrabanda benzinning asosiy qismi yashirin yo‘llar bilan emas, bojxonadan o‘tmoqda. Biz bu borada 9 jinoyat ishi ochib, 400 tonna benzinni muosdara qildik, - dedi Keneshbek Duyshebayev.

Qirg‘izistonda 2011 yilning 8 oyi ichida kamida uch marta har biri 10-15 kunga cho‘zilgan yonilg‘i-moylash mahsulotlari taqchilligi yuzaga keldi. Rossiyadan Qirg‘izistonga ko‘mak sifatida arzon narxda berilayotgan benzinning Tojikistonga qimmat narxda sotilayotgani aniqlangach, rasmiy Moskva qirg‘iz hukumatidan mazkur chayqovchilikni to‘xtatishni talab qilgan. Shundan so‘ng Qirg‘iziston hukumati 15 iyunda yonilg‘i-moylash mahsulotlarini boshqa davlatlarga chiqarishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan edi.

Mazkur hujjat imzolangach, Botken viloyatida Tojikistonga benzin kontrabandasi avj oldi.
XS
SM
MD
LG