Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:33

Qirg‘izistonda 17 nafar amaldor qotillikda ayblanmoqda


Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev prezident Bakiyev hukmronligi davrida sodir etilgan har bir siyosiy qotillik fosh etilishini va‘da qildi.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev prezident Bakiyev hukmronligi davrida sodir etilgan har bir siyosiy qotillik fosh etilishini va‘da qildi.
Q‘iziston Ichki ishlar vazirligi 2009 yili mamlakatda sodir etilgan shov-shuvli jinoyat ishi fosh etilganini bildirdi.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, prezident ma‘muriyatining sobiq rahbari Medet Sadirqulov, Strategik tadqiqotlar instituti sobiq direktori Sergey Slepchenko va ularning haydovchisi Qubat Sulaymanovning o‘limida ayblanib 17 ta davlat amaldori qo‘lga olingan va yana bir qator davlat amaldorlari xalqaro qidiruvga berilgan.

- Mazkur jinoyat ishi yuzasidan 17 odam qamoqqa olindi. Ularning orasida davlat amaldori bo‘lmagan birorta ham shaxs yo‘q. Qo‘lga olinganlarning barchasi yuqori darajadagi davlat amaldorlari, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat qo‘riqlash xizmatining zobitlaridir, - dedi Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev 14 sentabr kuni tushdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Vazir qo‘lga olinganlardan biri Chegara xizmatining sobiq rahbari, general Zamir Mo‘ldoshev ekanini aytdi. Ichki ishlar vazirligi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, militsiya polkovnigi Aybek Abdrazaqov, prezident Bakiyevning ukasi, Qirg‘iziston davlat qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Janish Bakiyev va uyushgan jinoiy guruhlarning 2 a‘zosi esa xalqaro qidiruvga berilgan.

Zamirbek Risaliyev jurnalistlarga tergov davomida Janish Bakiyev Medet Sadirqulov bilan o‘ldirilishidan oldin 1 soat mobaynida suhbatlashganini, bu suhbat prezident Bakiyev ma‘muriyati ish boshqarmasi rahbarining dala hovlisida bo‘lib o‘tganini aytdi. Suhbatdan so‘ng qo‘lga olingan 17 odam prezident ma‘muriyatining sobiq rahbari Medet Sadirqulov, Strategik tadqiqotlar instituti sobiq direktori Sergey Slepchenko va ularning haydovchisi Qubat Sulaymonovni oldiniga kaltaklab, keyin bo‘g‘ib o‘ldirishganini bildirganlar. Bu ishga daxldor yana 9 kishi ayni paytda qidirilmoqda. Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda qidiruvda bo‘lgan Janish Bakiyev mazkur shaxslarning o‘ldirilishini shaxsan o‘zi nazorat qilgan.

Vazirga ko‘ra, qotillik sodir etilgach, jasadlar mashinaga solinib, tog‘ etagiga olib borilgan va mashina bilan birga yoqib yuborilgan.

- Mazkur jinoyat hokimiyat amaldorlari va uyushgan jinoiy guruhlar hamkorligida amalga oshirilgan, - deb xulosaladi Ichki ishlar vaziri.

Zarilbek Risaliyev ayni paytda Ichki ishlar vazirligi amaldorlari orasida boshqa jinoyatlarga aloqador shaxslar borligini ham yashirib o‘tirmadi.

- Eski jinoyatni fosh etish uchun men kadrlarni almashtirishga majbur bo‘ldim. Chunki bu va boshqa jinoyatlarga aloqador, bu jinoyatlarni shaxsan sodir etgan odamlar bilan bu jinoyatni ochib bo‘lmas edi. Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligida militsiya formasini kiyib yurgan jinoyatchilar yana anchagina. Men buni yashirmayman. Vaqti-soati kelib, ularning hammasi o‘z jinoyatlari uchun javob beradi, - dedi Zamirbek Risaliyev.

Ichki ishlar vaziri Risaliyev Sadirqulovning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi fosh etilishi 2005-2009 yillarda sodir etilgan jinoyat ishlarining qayta tekshirilishidagi dastlabki bosqich ekanini alohida ta‘kidladi. Vazir prezident Bakiyev hukmronligi davrida sodir etilgan har bir siyosiy qotillik fosh etilishini va‘da qildi.

Prezident ma‘muriyatining sobiq rahbari Medet Sadirqulov, Strategik tadqiqotlar instituti sobiq direktori Sergey Slepchenko va ularning haydovchisi Kubat Sulaymanovlarning mashina ichida yondirilgan jasadlari 2009 yilning mart oyida Bishkek yaqinidagi Qo‘ytosh qishlog‘idan topilgan edi. O‘sha paytda mazkur shaxslar avtohalokat qurboni bo‘lgani aytilib, avtohalokat aybdori sifatida O‘smonov degan haydovchi uzoq muddatga qamalgan edi. 2010 yil aprel inqilobidan so‘ng O‘smonov noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG