Линклар

logo-print
Paxta ustida viloyat hokimidan dakki eshitib¸ tunni ichki ishlar bo‘limida o‘tkazgan fermer uyiga qaytib o‘zini o‘ldirdi.

Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov dushanba kuni o‘z joniga qasd qildi.

Bu haqda o‘z xavfsizligidan cho‘chiyotgani bois ismi aytilmasligini so‘ragan muzrobodlik boshqa bir fermer Ozodlikka xabar berdi. Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ viloyat hokimining To‘ranazarovga o‘tkazgan tazyiqlari uning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan:

- Familiyasi To‘ranazarov ekan. Ismoil aka der ekan. Ikki kun oldin viloyat hokimi kelib yig‘ilish qilgan. “Davay paxtani topib berasan. Bo‘lmasa seni tiqvoraman, qamab yuboraman” deb juda tazyiq katta bo‘lgan. Viloyat hokimi o‘sha tumanga upolnomochenniyku. O‘sha kuni militsiyaxonaga olib borib tiqishgan. Ushlab turganda ichki ishlarda uchta fermer bilan ertasi kuni uyiga kelib o‘zini o‘zi osganda. yoniga yana zapiska tashlagan. Qog‘oz tashlaganki, “Meni tazyiq bilan nima qilgan. Planni bajarmaganman” deb. Juda ko‘p sabablarni ko‘rsatgan. “Vaqtida solyarka bermagan, vaqtida pullarini bermagan, hamma yordamlar vaqtida qilinmagan. O‘sha paytlarda men borganman. Kattalar bilan uchrashganman. Hech qanday yordam bo‘lmagan” deb yozgan, deydi muzrobodlik fermer.

Unga ko‘ra, ayni paytda viloyatda paxta terimi shiddat bilan davom etmoqda va viloyat hokimi Turob Jo‘rayev fermerlarga nisbatan qatag‘on siyosatini qo‘llamoqda:

- Endi juda qattiq olib borayapti bular siyosatni. Faqat uradi, so‘kadi, hattoki hokimlargacha ayamaydi, tepadi, juda qattiq haqoratlar. Surxondaryo hozirgi Turob Jo‘rayevday viloyat hokimini hali ko‘rgani yo‘q. Surxondaryoni umuman qattiq bosim ostiga olib tashlagan. Bundan oldingi hokimlar ham ishlagan, juda ajoyib hokimlar. Lekin bu hokim¸ qo‘polroq aytganda¸ tyuremniy jizn qilib tashlagan Surxondaryoda. Ayniqsa¸ fermerlarga nisbatan. Surxondaryo lageru fermerlar aristonlar. Bu odam boshchiligidagi nadziratellar urib, tepib, eng kattasi Jo‘rayev Turob bo‘lib turibdi.

Qanday yig‘ilish o‘tkazmasin, hatto selektorlarda ayol kishi o‘tiradimi, boshqa odam o‘tiradimi¸ u odamga hech qanday farqi yo‘q. Faqat onangni deb so‘kishdan boshqa ishi yo‘q. Onangni deb so‘kinavyeradi. Juda qo‘pol. Yig‘ilishlar bo‘ladigan bo‘lsa¸ hatto chiqarib demonstrativno qilib, katta zallarda ham ko‘rganmiz, hattoki Muzrobodning o‘zida ham bo‘lgan, urib tepib, juda qattiq urganlariga o‘zimiz guvoh bo‘lganmiz, deydi ismi sir qolishini so‘ragan muzrobodlik fermer.

Muzrobod rayon Ichki ishlar bo‘limining navbatchisi ham Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida fermer o‘zini osib qo‘yganligi faktini tasdiqladi. Unga ko‘ra, bu ishni hozir tuman prokuraturasi tergov qilmoqda.

Ozodlik voqea tafsilotlarini yaqindan o‘rganishga harakat qiladi.
XS
SM
MD
LG