Линклар

NATO harbiylari 20 soatlik hujum so‘nggida Kobul markazida o‘rnashgan Tolibon janggarilarini yo‘q qildi.

13 sentabr kuni Kobul markazidagi Abdul Haq maydoni yaqinidagi to‘qqiz qavatli bino tepasiga joylashib olgan janggarilar NATO kuchlari shtabi va AQSh elchixonasini avtomat, granatomyot va raketa o‘qiga tutdi .

Bu hujumlar uchun ma‘suliyatni Tolibon o‘z zimmasiga oldi.

Afg‘on rasmiylari mazkur hujumni toliblarning so‘nggi oylardagi eng kuchli hujumi sifatida baholamoqda.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibining ma‘lum qilishicha, hujumlar natijasida 14 kishi, jumladan, 4 politsiyachi, 4 nafar tinch aholi vakili va 6 janggari o‘lgan, 20dan ziyod odam yaralangan.
Jarohatlanganlar orasida NATOning olti askari ham bor.

NATO harbiy vyertolyotlardan foydlanganiga qaramay, binoga o‘rnashib olgan janggarilar 20 soat davomida qarshilik ko‘rsatgan.

Kobul politsiyasi rahbari Ayub Salangi janggarilar hujumga puxta tayyorgarlik ko‘rganliklarini aytadi.

- Biz ko‘p qavatli binoga yashiringan olti janggarini o‘ldirishga muvaffaq bo‘ldik. Ular o‘sha joydan turib hujumni boshqarib turdi. Janggarilar hujum uchun juda qulay joyni egallashgan. Biroq biz ularni yo‘q qildik, dedi Ayub Salangi.

NATO rasmiylari janggarilarni yo‘q qilish harbiy amaliyotiga Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari yetakchilik qilganini bildirdi.

Voqeadan keyin AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Vashington hujumlardan qo‘rqmasligini ta‘kidladi.

- Afg‘onistonda ishlayotgan fuqarolar o‘z ishiga sodiq, jasur odamlar, ular bu mamlakatdagi o‘z missiyasini bajarishni asdoydil maqsad qilgan. Bu kabi nomardlarcha hujumlar bilan ularni qo‘rqitish mumkin emas. Ular afg‘on hamkasblari bilan birgalikda yelkama-yelka turib bolalarga maktabga borishlari uchun imkoniyat yaratayaptilar, ayollarga tug‘ish payti ko‘maklashayaptilar, yo‘llar qurayaptilar, fermerlarga yordam berayaptilar, dedi AQSh Davlat kotibi.

Shuningdek, Hillari Klinton Amerika Afg‘oniston xalqiga yordam berishni davom ettirish uchun barcha imkoniyatdan foydalanishini ma‘lum qildi.

- Muxolifat - zo‘ravon ekstremistlar, toliblar va ittifoqchilari, Afg‘oniston xalqining tinchligi va muvaffaqiyatiga doimiy ravishda tahdid solish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Biz hushyor bo‘lamiz. O‘zi va bolalari uchun yaxshiroq kelajak yaratish yo‘lida aziyat chekkan Afg‘oniston xalqiga yordam berishni davom ettirish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz, deya bayonot berdi AQSh Davlat kotibi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen esa hujumlardan ko‘zlangan maqsad xavfsizlikni ta‘minlash vazifasini yil oxirigacha Afg‘oniston kuchlariga topshirish rejasini barbod qilishdan iborat bo‘lganini aytdi.

Rasmussen janggarilar niyatiga yeta olmasligini so‘ziga qo‘shimcha qildi.

Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay hujumlarni qoralab, bu hodisa afg‘onlarning mamlakatdagi vaziyat uchun ma‘suliyatni o‘z zimmasiga olish borasidagi intilishlarini kuchaytirishini bayon qildi.
XS
SM
MD
LG