Линклар

Atambayev Mirziyoyev bilan uchrashdi


Tahlilchilar fikricha, Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayevning Toshkentga qilgan safari ijobiy natija berishi mumkin.

Tahlilchilar fikricha, Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayevning Toshkentga qilgan safari ijobiy natija berishi mumkin.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayevning Toshkentga qilgan bir kunlik xizmat safari yakunlandi.

Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan Almazbek Atambayevning gaz, suv, energetika va chegara masalalarida muzokaralar olib borgani xabar qilindi.

Qirg‘iziston hukumati tarqatgan rasmiy bayonotda aytilishicha, Almazbek Atambayev o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentdagi Interkontinental mehmonxonasida uchrashgan. Qirg‘iz delegatsiyasi Bosh vazirdan tashqari Qirg‘iziston Energetika vaziri Askarbek Shadiyev va hukumatning tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Sapar Isaqovdan iborat bo‘lgan.

Uchrashuvda asosan gaz, energetika, suv va chegara masalalari muhokama qilingan. “Bundan tashqari, taraflar davlatlaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish masalalarini kun tartibiga qo‘ydilar”, deyiladi Qirg‘iziston hukumati rasmiy bayonotida.

Almazbek Atambayev uchrashuvdan so‘ng matbuotga: “Biz Qirg‘iziston va O‘zbekiston hamkorligi yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarilishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Buning uchun biz ikkitomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun tez-tez uchrashib turishga qaror qildik”, deya bildirdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev esa uchrashuvdan so‘ng: “Eng asosiysi, bizda o‘zaro muammolarni hal etishga intilish va tushunish mavjud”, deb e‘tirof etdi.

Siyosatshunos To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev fikricha, ikki mamlakat bosh vazirlarining mazkur bayonotlari samimiy ekaniga ishonsa bo‘ladi.

- O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarimizni iliq ham, sovuq ham deb bo‘lmaydi. Munosabatlarning qanday bo‘lishi O‘zbekiston rahbariyati bilan til topisha olishga bog‘liq. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida gaz va suv bilan bog‘liq ikkita katta masala bor. Atambayev mana shu ikkita muammoni hal etishga harakat qildi, - dedi To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev.

Uchrashuvda qirg‘izistonlik o‘zbeklar muammolari, ularning huquqlari qo‘pol tarzda buzilayotgani va qirg‘iz-o‘zbek millatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni qayta tiklash masalalarini O‘zbekiston tomoni ham, Qirg‘iziston tomoni ham ko‘tarmagan.

Siyosatshunoslar fikricha, Almazbek Atambayev Toshkentga mazkur muammolarni hal etishdan ko‘ra ko‘proq prezidentlik saylovi arafasida qirg‘izistonlik o‘zbeklar diqqatini o‘z nomzodiga qaratish maqsadini ko‘zlagan. Shundan kelib chiqqan holda, siyosatshunos Mars Sariyev Atambayevning Toshkentga qilgan safari iqtisodiy jabhada ijobiy natijalar berishi mumkinligini aytadi:

- Almazbek Atambayevning Toshkent safari ijobiy natijalar bilan yakunlanganiga ishonish mumkin. Chunki prezidentlik saylovi arafasida prezidentlikka nomzod bo‘lgan Almazbek Atambayev bu borada ijobiy natijalar bo‘lishiga ishonch hosil qilmasa, Toshkentga bormas edi, - deydi Mars Sariyev.

Ayni paytda O‘zbekiston Bosh vaziri bilan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini umumiy ifodalar bilan bildirayotgan Qirg‘iziston hukumati uchrashuv chog‘ida qanday natijalarga erishilgani to‘g‘risidagi konkret ma‘lumotni yoyinlashdan tiyilmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, 2010 yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston iqtisodiy hamkorligi ko‘rsatkichi ikki barobarga pastlab ketgan. 2010 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 135 million dollarni tashkil etgan. 2011 yilning 8 oyida esa bu ko‘rsatkich 88 million dollarga yetgan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu 2009 yilga nisbatan bir necha barobar past ko‘rsatkichdir.
XS
SM
MD
LG