Линклар

Qirg‘iziston maktablarida o‘quvchi qizlarni ro‘mol bilan darslarga qatnashishi ta‘qiqlanayapti.

Bu borada “Mutakallim” musulmon ayollar tashkiloti rahbari Jamol Frontbek qizi ma‘lum qildi.

Ismini oshkor qilishni istamagan suhbatdoshimiz O‘sh viloyatining O‘zgan tumaniga qarashli o‘rta maktablardan birida o‘qiydi. Uning aytishicha, maktab rahbariyati ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlarni maktabga kiritmay qo‘ygan:

- Maktabga ro‘mol o‘rab boraman, 7 yoshimdan ro‘mol o‘rayman. Eshik tagida navbatchilar turadi o‘qituvchilar, direktor boshchiligida. Direktorimiz Manzura opa: “Ro‘molingi yech, orqangdan o‘ra”, deydi, aks holda, kirgizmaydi, “militsiyaga beraman”, deb qo‘rqitadi.

Ozodlik: Keyin ro‘molni yechasizmi?

- Men yechmayman. Qattiq “yech” deb turib olgan kunlari maktabga kirmay, qaytib kelaman, 3-4 kundan beri maktabga bormayapman.

Ozodlik: “Ro‘molingni yech” desa, siz o‘qituvchilaringizga nima deysiz?

- “Yechmayman”, deyman. “Ollohdan qo‘rqaman”, deyman. “Men ro‘molni sizlar uchun emas, Olloh uchun o‘raganman”, deyman. Bo‘sh kelganlarning ro‘molini yechirib yuboravyerishadi.

Ozodlik: Maktabingizda ro‘mol o‘ragan qizlar ko‘pmi?

- Ha. Ko‘pchilik ro‘mol o‘ratmagani uchun maktabga bormay qo‘ygan. Direktorimizning o‘zi shim kiyib keladi, bizning ro‘molimizga osiladi, - deydi suhbatdoshimiz.

“Mutakallim” musulmon ayollar tashkiloti rahbari Jamol Frontbek qizining aytishicha ham, Qirg‘iziston o‘rta maktablarida so‘nggi paytlarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlarni maktabga kiritmay qo‘yish hollari ko‘paymoqda.

- Hozir qo‘limizda 150 dan ortiq ariza bor. Bundan tashqari, Aravon, Novqat, butun O‘sh viloyatidan “bir-ikki kunda arizalarni to‘plab beramiz”, deyishyapti. Biz vazirlikdan buyurtma bo‘lyapti, deb aytayapmiz. Negaki Novqat tumanidagi ayrim maktab direktorlari: “Men ro‘mol bilan darsga kiritavyerardim, lekin ishdan haydalib ketishim mumkin” , deyishayapti ekan. Shuning uchun biz “yuqoridan buyruq bo‘lyapti” deb hisoblaymiz, - der ekan Jamol Frontbek qizi bu masalada Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi va maktab direktorlariga yozilgan murojaatlar javobsiz qolayotganini qo‘shimcha qildi.

Qirg‘iziston o‘rta maktablarida ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlarni darslarga qo‘ymaslik muammosi avvallari asosan Qirg‘iziston janubida - O‘sh va Jalolobod viloyatlarida kuzatilgan. So‘nggi yillarda esa mazkur muammo poytaxt Bishkek maktablarida ham kuzatilmoqda.

Bishkekdagi 69-gimnaziya maktabida o‘qiydigan Ayjamal bu yil maktabga ro‘mol o‘rab borgan. Ayjamalning onasi Cho‘lpo‘n Jaqshiyevaga ko‘ra, maktab direktori qizini chaqirib, ro‘molini yechmasa, maktabga kiritmasligini aytgan.

69-gimnaziya maktabi rahbariyati esa bu talabni maktab nizomi bilan bog‘lamoqda.

- Maktabimizda maxsus ustav bor. Unda maktab formasi qanday bo‘lishi kerakligi yozilgan. Ayjamalga faqat shuni tushuntirdik. Biroq u ko‘nmadi. Unga ergashib, yana bir o‘quvchi qiz ro‘mol o‘rab keldi. Unga tushuntirgan edik, ro‘molini yechib qo‘ydi. Maktabda hamma ro‘mol o‘rayvyersa, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ayjamal hozir maktabga kelayapti, biroq fizkultura darsiga qatnashmayapti. Fizkultura ham dars-ku axir, - dedi 69-gimnaziya maktabi tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jipara Jo‘rchiyeva.

Ayni paytda Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi rasmiylari maktablarda o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashi yuzasidan ta‘qiq yo‘qligini, biroq o‘quvchilar maktablarda qabul qilingan umumiy maktab formasi bo‘yicha talabni bajarishi kerakligini aytmoqdalar:

- Ta‘lim vazirligi tomonidan Respublikaning o‘rta ta‘lim maktablarida o‘quvchi qizlar ro‘mol o‘rashini ta‘qiqlovchi maxsus qaror chiqmagan. Vazirlikka bu borada murojaat ham kelmagan. Bu masala bo‘yicha har bir o‘quvchi bilan alohida ish olib borish kerak. Maktab o‘quvchilari ijtimoiy tengligini saqlash maqsadida dars paytida usti oq, osti qora kiyim kiyishi lozim, - dedi Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi matbuot kotibi Kereez Jukeyeva.

Asnoda “Mutakallim” musulmon ayollar tashkiloti rahbari Jamol Frontbek qizi o‘quvchi qizlarining maktabga ro‘mol bilan borishiga ruxsat berish masalasi tez orada hal qilinmasa, ular norozilik mitingiga chiqishga majbur bo‘lishlarini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG