Линклар

logo-print
Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva 2010 yilgi O‘sh voqealaridan keyin mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llash holatlari keskin ko‘payganini yana bir karra e‘tirof etdi.

Prezidentning aytishicha, qiynoqlar hamma mahbuslarga emas, balki milliy ozchilik vakillari bo‘lganlarga nisbatan qo‘llanilmoqda.

- Qiynoqlar va noqonuniy qo‘lga olishlar to‘xtatilmagunicha Qirg‘izistonda barqarorlik haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Qiynoq va noqonuniy qo‘lga olishlar mavjud ekan, mamlakat tinchimaydi. Biz buni tushunamizmi yoki yo‘qmi? Bozorqo‘rg‘on va O‘sh militsiyasidagi beboshlik qachongacha davom etadi? Ko‘ziga ko‘ringan odamni qamab, undan pul undirish, o‘lgunicha kaltaklash qachon to‘xtatiladi? – dedi prezident.

Roza O‘tunbayevaning aytishicha, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi qoshidagi fuqaroviy nazorat kengashlari qiynoqlarga qarshi kurashda qat‘iy pozitsiyani egallashlari lozim.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining nazorat kengashi raisi, diplomatiya akademiyasi prorektori Qayrat O‘smo‘naliyev maxsus xizmatlarda qiynoqlar muammosi mavjudligini, ammo buni qo‘mita rahbariyati tan olishni istamayotganini aytadi:

- Biz Milliy xavfsizlik xizmatidan tergov va so‘roq paytida qonunni buzgan qancha xodim javobgarlikka tortilgani haqida ma‘lumot talab qildik. Olingan javob meni hayratga solgani yo‘q. Joriy yilning 8 oyida birorta xodim qonunni buzgani uchun javobgarlikka tortilmabdi. Bundan xulosa shuki, qiynoqlar mavjudligi tan olinayotgan bir paytda qonunni buzgan birorta tergovchining javobga tortilmagani qiynoqlarga qarshi kurash sust darajada olib borilayotgani belgisidir, - dedi Qayrat O‘smo‘naliyev.

Ayni paytda ichki Qirg‘iziston Ishlar vazirligi nazorat kengashi raisi, huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova qamoqxonalarning muntazam tekshirilib turishi oqibatida qiynoqlarning oldi olinishiga va qiynoqqa solish holatlarining kamayishiga sabab bo‘layotganini qayd etdi.

- Biz vaqtincha saqlash izolyatorlarini tez-tez tekshiruvdan o‘tkazayapmiz. Bu profilaktikaning bir turi. Huquq-tartibot xodimlari izolyatorlarda qo‘qqisdan tekshiruv bo‘lib qolishini bilgan holda, noqonuniy harakatlardan tiyilishga ko‘nikishmoqda. Bundan tashqari, nazorat kengashi har bir qiynoq fakti bo‘yicha konkret takliflarni ham ishlab chiqqan, - dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 2010 yilda O‘sh voqealaridan so‘ng 30 ta qiynoq holati aniqlanganini ma‘lum qilgan edi. Joriy yilning 7 oyida esa Bosh prokuratura tomonidan qiynoq qo‘llagan huquq-tartibot xodimlariga qarshi 35 ta jinoyat ishi ochilgani bildirildi. Jumladan, o‘tgan bir oy mobaynida Bozorqo‘rg‘on va Jalobolobodda o‘zbek millatiga mansub Usmonjon Xolmirzayevni qiynoqqa solgani uchun 4 militsioner, O‘sh shahrida esa 5 nafar o‘zbek va 1 afg‘onistonlikni qiynoqqa solib, pora talab qilgani uchun 2 ta militsionerga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.
XS
SM
MD
LG