Линклар

logo-print
Buxorodagi yaqinlari "hujrachilik"da ayblanib qamoqqa olingan Abdusami Rahmonov Rossiyada 7 oylik hibsdan ozod etildi.

14 sentabr kuni Moskvada boshpana izlovchi maqomida yurgan buxorolik Abdusami Rahmonov Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash izolyatoridan ozod etildi.

O‘zbekiston talabiga binoan “hujrachilikda” ayblanib ekstraditsiya xavfi ostida Moskva turmalaridan birida 7 oyu 10 kun ushlab turilgan Abdusami Rahmonov o‘tgan yil sentabr oyida Ozodlikning Moskvadagi muxbirlik byurosiga murojaat qilib¸ Buxoroda istiqomat qiluvchi nogiron ukasi Humoyun va jiyani Iqboljonning rasmiylar “Hujra”deb atayotgan diniy tashkilot tuzganlik aybi bilan hibsga olingani xabarini yetkizgan edi.

Yaqinlari ta‘qib qilinayotgani bois O‘zbekistonga borishdan qo‘rqayotganini gapirgan Abdusami o‘shanda o‘z yaqinlariga qanday yordam berish to‘g‘risida maslahat ham so‘ragan edi.

Moskvadagi huquq himoyachilari yordamida Rossiyada boshpana izlovchi shaxs maqomini olgan Abdusamining o‘zi 2011 yilning 3 fevralida mahalliy Migratsiya xizmati bo‘limlaridan birida qo‘lga olindi.

Hibsxonada buxorolik bu yigitga o‘z vatanida O‘zbekiston Jinoiy Kodeksining 159-moddasi 3-bandi - O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilganlik va 244.1- moddasining 3-bandi - Jamoat tartibiga xavf soladigan materiallarni tayyorlash va tarqatish aybi qo‘yilgani va Toshkent tomonidan 2010 yilning oktabrida xalqaro qidiruvga berilgani bildirilgan.

Huquq faollari sa‘y-harakati bilan Rossiya hibsxonasidan 14 sentabr kuni ozodlikka chiqqan Abdusami Rahmonov¸ tutqunlikdagi yarim yildan ko‘proq haëti haqida Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashdi.

Ozodlik: Oxirgi uchrashuvimiz hibsga olinishingizdan bir kun oldin bo‘lgan edi. O‘sha uchrashuvimizdan keyin nimalar bo‘lganini gapirib bersangiz...

- Shu kundan 3 avgustgacha izolyatorda edim, 3 avgustdan 14 sentabrgacha Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazida bo‘ldim. Medvyedkovodagi izolyator eng yaxshi izolyatorlardan biri, deyishdi. Rostan ham qulayliklari, remontlari jihatidan tuzuk izolyator ekan. Men turgan joy maxsus ekstraditsiya etaji. Unda xorijdan talab qilinayotgan shaxslar ushlab turiladi. Biz jinoiy ishlar bilan tushgan odamlardan alohida saqlanar edik. O‘g‘irlik, siyosiy va iqtisodiy so‘rovlar bilan ushlab turilgan odamlarning ko‘pchiligi O‘zbekistondan, Tojikistondan, Belarus va Moldovadan, ya‘ni asosan diktatorlik va avtoritar tuzumlardan bo‘lgan odamlar ancha-muncha. Ularning iltimosi ham bir - o‘z yurtiga yubormaslik.

Man turgan kamera 4 kishilik edi. Ko‘pchilik o‘zbeklar ham bo‘lib qoldik. Ular ko‘proq jinoiy, iqtisodiy ishlar bo‘yicha talab qilinayotgan shaxslar edi. Siyosiy va diniy talablar bilan ushlab turilganlar 5-6 tacha edi. Tashqariga chiqishning imkoniyati yo‘q. Hatto sayr qilishga tepasi reshetka kameraga olib kirishadi. Derazadan ko‘rib turgan kataklaringiz, kichkina xona, to‘rtta joy, deydi Abdusami Rahmonov.

Yarim yildan ortiqroq vaqt davomida ham izolyator, ham spespriyomnik nimaligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib chiqqan Abdusami Rahmonov ular o‘rtasida farqni tushuntiradi.

- Xorijiy fuqarolar uchun maxsus priyomnikning farqi u yerdagi odamlarda. Soddaroq, jinoyat qilmagan desa ham bo‘ladi, ishchan, sofdil mardikorlar... Ular bilan o‘tirib gaplashishning o‘zi izolyatordan keyin yengillik edi men uchun. Sharoitlari ham izolyatorga ko‘ra ancha muncha yengilroq. Ko‘chaga chiqaradi, sayr qildiradi, muomala masalasida, o‘zini sal erkinroq his qiladi odam. Derazalari ko‘p. To‘g‘ri, mushkulotlari ham yetarli... Yotoq joylari, remontlari nihoyatda ayanchli ahvolda. Katta stol atrofida krovatlar, qulayliklarning barchasi xonaning bir burchagida. Insonga ozor beradigan tomoni – hojatxonaning xona ichida bo‘lishi. Inson sha‘niga, ayniqsa musulmonlar uchun qattiqroq ta‘sir qiladi bu, deydi Abdusami Rahmonov.

Suhbatdosh qamoqxonadagi hamma o‘zbekning tushiga osh kirib chiqishini aytar ekan, Moskva hibsxonadan deportatsiya qilinayotgan shaxslarning aksari aldanib tushgan mehnat muhojirlari ekanini qayd etadi.

- Oshni sog‘inganim rost. Endi o‘zbek oshsiz qiynalishi shubhasiz. Osh tushlarimga kirib chiqardi. Ishchidan boshlab har xil kasb egalari tushar ekan. Ko‘proq qurilishda ishlaydiganlar. Ko‘pchiligi registratsiyaning qonuniy bo‘lmagani bilan tushib aldanib qolishi sabab. “Qonuniy, qonuniy”, deb hatto militsiyachilarga uqtirishga harakat qilardi. Aybsiz aybdorlar ko‘pchiligi. Men kelgan vaqtimda 400 kishi edi priyomnikda deyishuvdi, hozir 200 tacha – kamayib qolgan. Ular tezroq jo‘natishga harakat qilyapti. Aksar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari tashkil qiladi. Xorijiylardan Vetnam, xitoyliklar, deydi Abdusami Rahmonov.

Abdusami Rahmonov¸ qamoq insonni ruhan o‘zgartirishi mumkinligiga ishonishini gapirAdi. “Ayniqsa panjara ortiga birinchi marotaba tushayotgan odam uchun bu juda katta sinov”, deya davom etadi u.

- Bu ularni katta larzaga solib qo‘yadi ularni. Ular uchun bu og‘ir sinov. Ijobiy muhitni saqlab turishga harakat qilish kerak ekan. Nihoyatda depressiya holatiga tushib kasal bo‘lib qolganlar ham ancha-muncha. Ko‘p muddat o‘tirib qolgan, xujjatsiz tushgan odamlarda shunday bo‘lardi. Shovqin qilardi, ularga nisbatan qandaydir ma‘muriy choralar ko‘rilish holatlari bo‘lgan. Shu insonlarning qo‘shiq aytishi¸ masalan¸ yordam berardi. 28 yoshga kirgan bir xitoylik derazadan chiqib qo‘shiq aytardi – xitoycha, ruscha. Ayol melisalarni ko‘rib qolsa “Sizni ko‘rsam qalbim yonib ketyapti!”, degan gaplarni aytib kuldirardi. Bizning bollarimiz, nima desam, ayorroq, shahar ko‘rgan, chunki Moskva sharoitida yashashning o‘zi shunday tarbiyalab qo‘yarkan, deydi u.

Suhbatimiz so‘ngida hozircha O‘zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan olib ketilishits xavfi borligi tufayli vaqtincha yashirinishga majburligi gapirgan buxorolik bu yigit, qamoqda o‘tgan yarim yillik umri zoye ketmaganini va irodasi uchun qattiq sinov bo‘lganini aytadi.

- Menda ijobiy o‘zgarish bo‘ldi, degan umiddaman, chunki nimaiki bizni o‘ldirmasa – bizni kuchliroq qiladi, degan mashhur gap bor. Ya‘ni har bir mushkulot, qiyinchilik ruhimizni, ijobiy dunyoqarashimizni, zavqimizni ko‘paytirishi kerak, deb o‘ylayman. Hazrat Navoiyning gaplari bor:

Meni asir etmish zavqi bor kishi,
Yelkasida ishqning tavqi bor kishi,

-deganlarku. Inson doimiy ravishda ruhiy bardamlikni generatsiya qilib turishi kerak. Busiz bo‘lmaydi, tushkunlikka tushib qolishi mumkin, dedi endigina ozodlikka chiqqan buxorolik 37 yoshli Abdusami Rahmonov.

Hozircha O‘zbekiston MXX si josuslaridan bekinib yashashga majbur qolaëtgan Abdusami Rahmonov advokatlari hozirda unga Rossiyada qochqinlik maqomini olish uchun yana kurashni davom ettirajaklarini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG