Линклар

Nyu Yorkda o‘tgan Moda haftaligida qatnashishiga ruxsat berilmagan Gulnora Karimova liboslarini Manhettendagi Cipriani restoranida namoyish qildi.

Ayni restoran oldida inson huquqlari faollari va O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnatiga qarshi kurashuvchi tashkilotlar vakillari norozilik piketi o‘tkazdi.

O‘zbekiston xalq harakatining AQShdagi bo‘limi rahbari Islomiddin Dolimov piket tafsiloti haqida Ozodlikka bularni aytdi.

- Cipriani degan restoranni oldida turdik. Undan tashqari Moda ko‘rgazmasi o‘tkaziladigan bino oldida ham odamlar turishdi.

Ozodlik: Norozilik tadbirida, piketda qancha odam qatnashdi?

I.Dolimov: Cipriani restoranni oldida 30ta odam bo‘ldik. U yerda O‘XH vakillaridan 5-6 kishi qatnashdik. Qolganlar boshqa tashkilotlar, jumladan, Amerika O‘qituvchilar federatsiyasi va Ishchilar huquqlarini ta‘minlovchi tashkilot vakillari ham bor edi.

Ozodlik: Piketga qanday talablar bilan chiqdinglar?

I.Dolimov: Bu shouda Gulnora Karimovaning bugungi yutuqlari Guli bilan nomlanadigan guruhini dunyoga O‘zbekistondagi kichkina bolalarning mehnati hisobiga chiqayotganini biz namoyishda aytdik. Biz plakatlar ko‘tarib chiqdik. Paxta terishning teatrlashtirilgan sahnasi ham bo‘ldi. Asosiy maqsadimiz O‘zbekistondagi bolajonlar noqonuniy va majburiy holatda paxta terimiga olib chiqib ularning mehnatidan foydalangan holatda shunday shoular o‘tkazayotganini aytish edi.

Ozodlik: Ko‘rgazmani tomosha qilishga qancha odam keldi?

I.Dolimov: O‘zini yo‘nalishi bo‘yicha ishlaydigan modelerlar keldi. Undan tashqari o‘zbeklar ham bo‘ldi. Men bir voqeani guvohi bo‘ldim. Ichkaridan Guli ko‘rgazmasini ko‘rib chiqqan bir ayol meni oldiga chaqirdida: "Sizlar Arizonadagi o‘zbeklarmi?" deb so‘radi. "Ha, men Arizonadan kelganman. O‘XHning Amerikadagi bo‘limi raisiman", deb o‘zimni tanishtirdim. Men undan "Ichkarida qanday ko‘rgazmalar bo‘ldi, nimalarni ko‘rdingiz"" deb so‘radim. Ayol ko‘rgazma bo‘lganini, taklif qilinganlarning taxminan oltmish foizi kelganini, bazilar eshik oldida turib qaytib ketganlarini aytdi. U ayol ham bizning piket ko‘rgazmaga ta‘sir qilganini aytib berdi. Biz ichkariga kirib ketayotgan mehmonlarga broshyura bergan edik. Ayolning aytishicha, uni o‘qiganlar noqulay ahvolda qolgan.

Ozodlik: Gulnora Karimova Guli ko‘rgazmasida ishtirok etdimi?

I.Dolimov: U ishtirok etmabdi-da. Ichkaridan chiqqan o‘sha ayol Gulnora ishtirok etmaganini aytdi.

Ozodlik: Ko‘rgamaga taklif qilinganlarning taxminan 60 foizi kelgan dedingiz. Ular qancha odam bo‘ladi?

I.Dolimov: Endi, ko‘rgazmaga taklif qilinganlar 150 kishi bo‘lsa, uning 60 foizi taxminan 80 – 90 kishi bo‘ladi xolos.

Ozodlik: Ko‘rgazma paytida Guli brendining vakillari sizlar bilan muloqotda bo‘ldimi?

I.Dolimov: Bir odam chiqdi. Bir o‘zbek kishi oldimizga chiqib bizga nima qilmoqchi bo‘ldi shekilli, aytyapti: "Biz yosh bo‘lganimizda O‘zbekistonda ota-onalarimizga yordam berish uchun paxtaga chiqqanmizku, sizlar aytayotgandek bo‘lmaganku", deb bizga o‘tkazayotgan namoyishimiz uchun tanbeh berdi. "O‘zingizni tanishtiring. Kimsiz?" deb so‘rasak, o‘zini tanishtirmadi. O‘zbekistonda unaqa majburmas-ku, deb oldimizda shunday dedi. Menimcha, ko‘rgazmada elchixona vakillari ham bo‘ldi. Ammo ular bizning oldimizga kelishmadi. Uzoqdan turib fotosuratlarga olib kirib ketishdi.

Gulnora Karimova Mersedes-Bens Moda haftaligi doirasida 15 sentabr kuni Nyu Yorkdagi Linkoln markazida o‘zining Guli brendi ostida adras, atlas, ipak va boshqa milliy matolardan tikilgan libos va taqinchoqlarini namoyish etishi rejalangan edi.

Ammo inson huquqlari himoyachilarining AQSh matbuotida chop etilgan tanqidiy maqolalari va norozilik piketlari natijasida Moda ko‘rgazmasi tashkilotchilari Gulnora Karimovaning ko‘rgazmada ishtirok etishiga ruxsat bermagan.

Guli brendi e‘lon qilgan bayonotda esa o‘tgan hafta oxirida Nyu Yorkda xavfsizlikka tahdid kuchaygani bois ko‘rgazma qatnashchilarining xavfsizligini ta‘minlash maqsadida Guli ko‘rgazmasi boshqa joyda o‘tkazilishi ma‘lum qilingan.
XS
SM
MD
LG