Линклар

logo-print
Cipriani restoranida kuchli qo‘riqchilar qurshovida o‘tgan shou Gulnora Karimova uchun u kutgan shuhratni keltirmadi.

Aksincha¸ Karimova o‘z ijodi mahsuli deb taqdim etib kelayotgan GULI brendi liboslari ko‘rgazmasi Nyu York Moda haftaligiga kiritilganidan beri boshlangan mojaro 15 senyabr kuni o‘z kulminatsiyasiga yetdi: odatda O‘zbekiston haqida ko‘p ham gapirmaydigan G‘arb ommaviy axborot vositalari Karimovaning otasi 20 yildan beri yakka o‘zi boshqarayotgan O‘zbekistondagi inson haqlari vaziyatiga yana bir bor diqqat qaratdi.



Shu kuni Washington Post, New York Times, Forbes, The Guardian, Huffington Post kabi jiddiy nashrlardan tortib moda yangiliklarini yoritadigan “yaltiroq” saytlarga qadar GULI shousining Moda haftaligi bo‘lib o‘tgan Linkoln markazidan haydalib¸ xususiy Cipriani restoraniga ko‘chirilganiyu¸ bunga sabab bo‘lgan norozilik tadbirlarini surat va videolarda yoritdi.

O‘zbekistonning Manhettendagi bu noroziliklarga sabab bo‘lgan va Karimova xonim hamisha sukut saqlaydigan muammolari – inson haqlarining Karimov rejimi tomonidan muttasil poymol etilishiyu¸ millionlab bolalarning Karimovalarning yaltir-yultur hayoti uchun paxta dalalarida qullarcha ishlatilayotgani ham G‘arb ommaviy axborot vositalari diqqta markaziga tushdi.

Piket ishtirokchilari.
Avvaliga Linkoln markazini piket qilgan Xalqaro mehnat haqlari forumi¸ AQSh O‘qituvchilar federatsiyasi¸ Hyuman Rayts Uotch va O‘zbekiston Xalq harakatining AQShdagi faollari so‘ngra GULI shousiga ko‘chirilgan Cipriani restorani oldida tomoshalashtirilgan norozilik tadbiri o‘tkazdilar.

Bunday norozilik qurshovida o‘tgan Karimova shousiga¸ AQSh nashrlarining yozishicha¸ 300 ga yaqin Nyu Yorkda yashaydigan sobiq ittifoqlik kiborlar kelgan¸ xolos. Bu tomoshaga G‘arb moda va san‘at dunyosidagi mashhur shaxslarni olib kelish uchun Karimova katta pul sarflab¸ maxsus shirkatlarni yollashiga qaramay¸ ularning birortasi diktatorning qizi uyushtirgan bu hashamatli va yaltiroq ko‘rgazmaga kelib¸ jamoatchilik oldida yuzi shuvut bo‘lishni istamadi¸ deb yozdi AQSh matbuoti.

Tomoshani uyushtirgan asli gurjistonlik Anait Kiladze ITAR-TASS muxbiriga “GULI kolleksiyasi juda go‘zal¸ modada eng muhim narsa ham ayni shu go‘zallik. Shou katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi”¸ degan bo‘lsa¸ AQShdan tortib Avstraliya va Yangi Zelandiya mustaqil matbuoti bu tomoshaning “diktatorning qizi uchun sharmandalik bilan tugagani”ni ta‘kidlamoqda.

Tomoshalashtirilgan norozilik tadbirida bolalar ham qatnashdi.
Karimova tarafdorlari¸ uning “yuksak san‘ati”ni siyosatga aralashtirish urinishlaridan afsus bildirmoqdalar.

- O‘zbekistonda bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa¸ bu masala moda shousi o‘tayotgan bino oldida namoyish qilish orqali emas¸ balki kattaroq darajada¸ kattaroq idoralarda hal etilishi kerak. Bu yerga kelganlar san‘atkorni¸ model‘erni qo‘llash uchun keldi¸ Gulnora bugun qiyin vaziyatda qolgan¸ dedi Nyu Yorkdagi Ozodlik muxbiriga Cipriani dagi GULI shousiga kelgan mehmonlardan biri¸ Nyu Yorkda yashaydigan rossiliyalik rassom Olga Papkovich.

Ammo norozilik tadbiri tashkilotchilaridan biri Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Yevropa va Markziy Osiyo bo‘yicha mutasaddisi Vyeronika Goldston¸ Gulnora Karimovani qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan san‘atkor¸ olima va madaniyat homiysi qilib ko‘rsatish urinishlarining tagi bo‘sh ekanini aytadi.

- Karimova O‘zbekiston hukumatining inson haqlarini poymol qilish siyosatida muhim rol tutatdi. U mamlakatdagi inson haqlari muammosi ko‘tarilishi bilan bu muammolarni mutlaq rad etib ¸ ma‘suliyatni o‘z zimmasidan soqit qilib kelayotgan rejimning muhim bo‘lagi¸ deydi Karimovaning nafaqat O‘zbekiston prezidentining o‘z otasiga katta ta‘sirga ega to‘ng‘ich qiz¸ balki O‘zbekistonning Jenevadagi BMT idoralari va Ispaniyadagi elchisi ekanini ta‘kidlay turib HRU vakili.

O‘XX a‘zosi ko‘tarib olgan bu plakat hammaning diqqatini o‘ziga tortdi.
15 -16 sentabr kunlari G‘arb nashlarining barchasi o‘zbekistonlik Yusuf Sobirov ko‘tarib olgan bir plakatni namoyish qilishdi. “Men ham ota-onam bilan bog‘larda sayr qilishni istayman¸ ammo buning o‘rniga Gulnora Karimova moda haftasi uchun paxta terishim shart” deb yozilgan paxta terayotgan o‘zbek bolalari surati yoniga bu plakatda.

Norozilikda qatnashish uchun Arizonadan 40 soat yo‘l bosib kelganini ta‘kidlagan O‘zbekiston Xalq harakati faoli Yusuf Sobirov¸ G‘arb muxbirlariga o‘z bolalarining ayni kunlarda davlat tomonidan sahardan shomga qadar majburan paxtaga haydalganini hikoya qilib berdi va bu hikoya hozirda Washington Postdan moda saytlariga qadar namoyish etilmoqda.

Nyu York Moda haftaligi doirasida O‘zbekistonda inson haqlarining toptalayotgani¸ xususan bolalarning paxtazorda qullarcha ishlatilayotganiga norozilik bildirgan guruhlar qo‘lga kiritgan yana bir g‘alaba¸ ular ta‘kidicha¸ bolalar qo‘li bilan terilayotgan o‘zbek paxtasini boykot qiluvchilar ro‘yxatining Moda haftaligi kunlari yanada uzayganidir.

Bu ro‘yxatga¸ keyingi kunlar ichi aytilishicha¸ Gucci va Alexander McQueen kabi mashhur dizaynerlar shirkati ham qo‘shilgan.

Keyingi ikki yil ichi Adidas, Gymboree, American Apparel and Footwear association, Burberry, Macy's Inc., the Walt Disney Company¸ Tesco, Mark&sSpencer kabi yirik yirik kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi shirkatlar bolalar mehnati evaziga terilgan o‘zbek paxtasidan voz kechishga qaror bergan edi.
XS
SM
MD
LG