Линклар

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir hafta davomida benzin narxi 3,1 foizga qimmatlagan.

Tojikistonga asosan Rossiyadan import qilinayotgan benzin o‘tgan yil shu vaqtiga nisbatan 50 foizga oshdi.

Bu, o‘z navbatida, aksariyat tojikistonliklarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

- “Benzin qimmat” deb, yo‘lkirani 60 diramdan 2 somoniyga (taqriban 40 sent - tahr.) oshirdi. Endi mendek ishsiz odamlar soatlab yayov yurishga majburmiz, - deydi Vyenera ismli bu suhbatdosh.

Ayni paytda benzin narxining qimmatlaganidan haydovchilar ham shikoyat qilmoqda.

- Ba‘zida soatlab zapravkalarda turib qolayapmiz. Avval 6 somonu 20 diram (taqriban 1,26 dollar - tahr.) sotilgan 1 litr benzin bugun 6 somonu 90 diram, ba‘zi joylarda 7 somoniyga (1,4 AQSh dollari - tahr.) sotilayapti, negaligini hech kim tushuntirmaydi. Ustiga ustak, benzin sifati juda past, - deydi ismini aytmagan dushanbelik haydovchilardan biri.

Tojikiston Tijorat va iqtisodiy taraqqiyot vazirligi mas‘ullari benzin narxining yuqorilaganini bu yonilg‘ining taqchillashgani bilan izohlamoqdalar.

Tojikiston bozorlarini yonilg‘i bilan asosan Rossiyaning “Gazpromneft” shirkati ta‘minlaydi. Joriy yil 1 sentabrida Rossiya tomoni Tojikistonga sotiladigan benzin har tonnasi uchun narxni 394 AQSh dollaridan 400 dollarga oshirdi.

Tojikiston Monopoliyaga qarshi kurash davlat agentligining xalqaro aloqalar bo‘lim boshlig‘i Sultonmurod Berdiyevning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, “Gazpromneft-Tojikiston” shirkati shu yil 5 sentabrida Tojikistonga sotiladigan yuqori oktanli benzin markalarini ta‘qiqlab qo‘ygan. Bu esa mamlakatda benzin taqchillashishiga olib kelgan.

- Haqiqatan bugun bozorimizda yonilg‘i mahsuloti taqchilligi kuzatiladi. Zero, Rossiya hukumati qaroriga binoan avgust oyida tarkibida oktani ko‘proq bo‘lgan AI-92 va AI-95 rusumidagi benzinning Tojikistonga importi ta‘qiqlab qo‘yildi, - dedi tojik rasmiysi Sultonmurod Berdiyev.

“Gazpromneft-Tojikiston” shirkati mas‘ullarining aytishicha esa, avgust oyida Tojikistonga AI-92 va AI-95 rusumidagi 6000 tonna benzin olib kirilgan, ammo bu miqdor yonilg‘i faqat avgust oyi uchun yetarli bo‘lgan, xolos.

Mazkur shirkat matbuot xizmati rahbari Eraj Basirov “Aziya-plyus” axborot agentligiga bergan intervyusida Tojikistonga sotiladigan yuqori oktanli benzinning ta‘qiqlab qo‘yilganiga oid ma‘lumotlarni tasdiqlab, hozirda Tojikistonga faqat AI-80 rusumidagi benzin sotilayotganini bildirgan.

Tojikiston yillik ehtiyojini qonlirish uchun Rossiyadan yiliga yarim million tonna yonilg‘i import qiladi.

Biroq joriy yil birinchi choragida Rossiya tomoni yonilg‘iga soliq to‘lovini oshirganidan so‘ng Tojikistonga Rossiyadan import qilinadigan neft mahsulotlari hajmi 11 foizga qisqardi.

Rasmiy Dushanbe sentabr boshida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedevning rasmiy safari chog‘ida bu masala ijobiy tomonga hal qilinishiga umid bog‘lagan edi, biroq tojik rasmiylari kutganidek bo‘lmadi.

Rossiya Energetika va sanoat vaziri Sergey Shmatko jurnalistlarga bergan matbuot anjumanida benzin narxi jahon bozoridagi narxlarga muvofiqlashtirilganini bildirdi.

Asnoda tojikistonlik mustaqil tahlilchilar “bularning hammasi siyosat bilan bog‘liq”, degan mulohazadalar.

Tahlilchi Zafar Abdulloyev fikricha, Tojikistonga fuqarolar noroziligini keltirib chiqaradigan benzin bo‘hroni tahdid solmoqda.

Bu esa, tahlilchiga ko‘ra, Kreml uchun ayni muddao.

- Rossiyaning asosiy maqsadi, - deydi tahlilchi Abdulloyev, - Tojikistonga siyosiy bosim o‘tkazish yo‘li bilan strategik ahamiyatga molik ob‘ektlar, jumladan, Ayniy harbiy aerodromini o‘z ixtiyoriga olish kabi shartlarini bajartirishdan iboratdir.
XS
SM
MD
LG