Линклар

O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar majburiy mehnatidan foydalanilayotgani bois o‘zbek paxtasini boykot qilayotgan shirkatlar soni 60 dan oshdi.

Britaniyada chiqadigan The Daily Telegraph gazetasining ma‘lum qilishicha, H&M, Burberry, Levi, Adidas, Puma va jahonning ko‘plab boshqa yetakchi kiyim-kechak shirkatlari bu haqdagi bayonotga imzo chekkan. Bu tadbir tashabbuskori esa markazi AQShda joylashgan “As You Sow” nodavalat tashkilotidir.

Gazeta tashkilotning “Responsible Sourcing Network” loyihasi doirasida 12 sentabr kuni e‘lon qilingan bayonot haqida yozdi.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, “ikki millionga yaqin o‘zbek bolalari, ularning ko‘pchiligi yetti yashardir, o‘z hukumati tomonidan maktabni tashlab dalaga chiqishga majburlanadi. O‘n soatlik ish kuni davomida belgilangan 50 kilogramm paxtani termagan bolalar jismoniy jazoga tortiladi.”

H&M shirkati jamoatchilik aloqalari bo‘limi boshlig‘i Henrik Lampa The Daily Telegraph gazetasiga bergan izohida “biz qaysi mamlkat bo‘lishidan qat‘iy nazar bolalar mehnatiga qarshi pozitsiyani tutamiz”, deya ta‘kidladi.

Bu O‘zbekistonda bolalar mehnati muammosi bilan bog‘liq joriy oyda xalqaro maydonda ro‘y berayotgan ikkinchi voqeadir. 9 sentabr kuni Nyu Yorkdagi nufuzli moda haftaligi tashkilotchilari prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi va dizayner Gulnora Karimovaning mazkur tadbir doirasida rejalashtirilgan liboslar tomoshasini bekor qildi.

Bunga faollarning O‘zbekistondagi bolalar mehnati va inson huquqlarining buzilishiga qarshi Nyu Yorkda o‘tkazgan namoyishlari sabab bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG