Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:53

Rossiyada harbiylar o‘z vaziridan norozi


Yakshanba kuni Rossiyada minglab zobitlar mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov islohotlariga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazdi.

“Armiya Serdyukovga qarshi” nomli butunrossiya aksiyasini Harbiylar huquqini himoya qilish jamoatchilik kengashi uyushtirgan. Ularning asosiy talabi mudofaa vazirining iste‘foga ketishidir.

Harbiylar Serdyukovni Rossiya armiyasi va mudofaa buyurtmasini barbod qilishda, yetarli miqdorda pul ololmayotgan harbiy pensionerlar genotsidida ayblamoqdalar.

- Asosiy e‘tiroz bu 200 ming zobit oilasining qonunga muvofiq ravishda uy-joy bilan ta‘minlanmagani bo‘yichadir. Davlat va‘da qilgan, davlat kafolatlagan, davlat buning uchun to‘laligicha mas‘ul, ammo davlat bularni bajarish u yoqda tursin, hatto harbiylar bilan qandaydir muloqot olib borishdan ham bosh tortmoqda. 22 may kuni biz Pushkin maydonida (Moskva shahrida – tahr.) miting o‘tkazgandik. O‘shanda bizning oldimizga Mudofaa vazirligining uy-joy bilan ta‘minlash departamenti boshlig‘i kelib, uzr so‘ragan, harbiylar masalasini hal qilishga yordam berishni va‘da qilgandi, biroq bu hech qanday natija bermadi. Shuning uchun bu aksiya yanada qattiqroq talablar bilan bo‘ladi. Serdyukov iste‘fosi bilan birga biz Xavfsizlik kengashi to‘g‘risida va Parlament nazorati to‘g‘risida qator qonunlar qabul qilinishini ham talab qilamiz. Agar hozir Serdyukov Pupkin, Ivanov yoki boshqa biror kishi bilan almashtirilgan taqdirda ham ularning nima bilan mashg‘ul bo‘lishini anglashimiz lozim, - dedi harbiylar huquqini himoya qilish jamoatchilik kengashi a‘zosi, "Spravyedlivaya Rossiya” partiyasi yoshlar qanoti rahbari Dmitriy Gudkov.

U tadbirda faqat harbiylar va ularning oilasigina emas, balki Rossiya Harbiy dengizchilar uyushmasi va Desantchilar uyushmasi vakillari ham qatnashishini aytdi.

“Komsomolskaya pravda” gazetasi sharhlovchisi Viktor Baranesga ko‘ra, Rossiyada ayni paytda harbiylarning ko‘chaga chiqishi uchun ancha sabablar bor.

– Armiyani shunchaki ahmoq qilayaptilar, o‘yin qoidalarini muntazam ravishda o‘zgartirib borayaptilar. Bu yerda juda jiddiy jihatni – harbiylar ma‘lum guruhlarga uyusha boshlaganini kuzatish mumkin. Hukumat bunga e‘tibor qaratishi lozim, biroq u qaysarlik bilan bu ishni qilgisi kelmayapti. Menda “yo ular Serdyukovni tanqid qilishga qo‘rqayaptilar, yoki harbiy islohot muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ochiq tan olishdan cho‘chimoqdalar” degan taassurot paydo bo‘ldi. Namoyishga chiqqan va Serdyukovning islohot o‘tkazish usullaridan norozi bo‘lgan kishilar pirovardida qandaydir qarorga kelinishi uchun Kreml, hukumat, davlat, Davlat dumasi eshigini qoqmoqdalar, - dedi Viktor Baranes.

Sharhlovchi armiya islohotining shu shaklda davom ettirilishi uning butunlay barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini ta‘kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2008 yil kuzida Rossiya armiyasining yangi shamoyilini yaratish bo‘yicha ish boshlangani e‘lon qilingandi. Harbiy islohot harbiy tuzilmani to‘rt bo‘g‘inli (harbiy okrug - armiya - diviziya - polk) tizim boshqaruvidan (okrug – tezkor qo‘mondonlik - brigada) uch bo‘g‘inli tizim boshqaruviga o‘tkazishni, markaziy harbiy boshqaruv organlarini qayta tashkil etishni, zobitlar tarkibini qisqartirishni, praporshchiklar va michmanlar institutining tugatilishini va boshqa chora-tadbirlarni ko‘zda tutadi.

Mazkur islohot doirasida qator harbiy bo‘linmalar va oliy o‘quv yurtlarini tarqatish, harbiy kuchlarni esa 1,13 million kishidan 1 million kishigacha qisqartirish, harbiy muassasa markaziy apparatini 2,5 barobar, ya‘ni 8,5 ming kishigacha qisqartirish, armiya va flotdagi zobitlik lavozimlarini esa 355 mingdan 150 minggacha kamaytirish rejalangan.
XS
SM
MD
LG