Линклар

O‘zbekistondagi joriy paxta mavsumi homilador talabalaru pensionerlarni ham chetlab o‘tmayapti.

"Homilador talaba ham paxtaga chiqsin!?"

Jizzax Pedagogika institutining homilador talabalaridan ham paxta terimiga chiqish talab qilinmoqda, aks holda ular o‘qishdan haydalish haqida ogohlantirilgan.

Bu haqda homilador talabalardan birining turmush o‘rtog‘i, o‘z ismi-sharifini oshkor qilishni istamagan holda Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Turmush o‘rtog‘im hozir homilador. Yaqinda, dekabrda farzandli bo‘lamiz, Xudo xohlasa. Paxtaga chiqa olmaydiku. Homilasi olti oydan o‘tib ketgan, paxtaga chiqa olmaydi. “Paxtaga bormasang, institutdan haydaymiz” deb nima qilishayapti. Agar chiqmasa 200 dollar pul so‘rashayapti. Men o‘zim o‘qituvchiman. Oyligim 200 dollar emas¸ 200 ming so‘m. “Paxtaga bormasang, institutdan haydalasan. Birinchi kursdan haydalsang, qaytib tiklanmaysan” deyishayapti. Nima qilishni bilmayapmiz, deydi Ozodlikka murojaat qilgan homilador talabaning eri.

Jizzax Pedagogika instituti prorektori Ne‘mat Olimov homilador talabalardan ham paxtaga chiqish talab qilinayotgani xabarini qisman tasdiqladi, biroq unga ko‘ra, o‘qishdan haydash haqida tahdid bo‘lmagan.

- To‘g‘risi¸ biz ularni talabalar safidan chiqarmaymiz. Bizda 571 ta oilali, yosh bolasi bor talabalarimiz bor. Bu o‘zi o‘zbekchilik. Ba‘zilari endi farzandli bo‘lib ham o‘qiyvyeradigan bo‘lsa, ular paxta payti o‘zi chiqmasa, o‘rniga yaqin qarindoshini paxtaga jo‘natishi kerak. O‘ziga hech kim chiq¸ demayapti. Singlisi, opa-ukasi bordir, yordam so‘rasin, dedi Ne‘mat Olimov Ozodlik bilan suhbatda.

"Paxtaga chiqmagan pensioner chiroq va gazsiz qoladi"

Toshkent viloyatida¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ pensionerlardan paxtaga chiqish haqida tilxat olinayapti.

Toshkent viloyatida yashovchi pensioner ayolning o‘z ismini oshkor qilmagan holda aytishicha, paxtaga chiqmaganlar xonadoniga elektr energiyasi va tabiiy gaz berilishi to‘xtalishi haqida po‘pisa qilinmoqda.

- Paxtaga chiqish borasida uyma-uy yurib qo‘l qo‘ydirib chiqayapti. "Agar chiqmasang gaz va svyetni o‘chiramiz" deyishdi. "Meni gaz va svyetdan qarzim yo‘q. Nimaga uzasizlar" desam. Paxta majburiy deyishdi. Ko‘pchilik majburlikdan paxtaga chiqayapti ham. Endi majbur¸ deb gapirishayapti. Hayronmiz, deydi Toshkent viloyatida yashovchi ayol.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi qishloq fuqarolar yig‘inlaridan biri oqsoqoli Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, ayrim tumanlarda oqsoqollar tashabbusi bilan bu kabi holatlar bo‘layotganini tasdiqladi.

Ayni paytda bu oqsoqol¸ o‘zi yashayotgan qishloqda ikkita kollej va uch maktabning yuqori sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilishi munosabati bilan pensionerlar yordamiga ehtiyoj sezilmayotganini qo‘shib qo‘ydi.

"Yuk mashinasidagi 60 o‘quvchi"

Jizzaxning Zarbdor tumanidagi maktablardan biri o‘qituvchisi Ziyoddulla Razzoqovga ko‘ra, o‘z o‘quvchilari 15 sentabrdan buyon paxta terimida.

Razzoqov¸ o‘quvchilarining juda yomon sharoitlarda paxtaga jo‘natilayotganini aytadi.

- Ularni kartoshkadek tashiyapti. Bitta usti yopiq gruzovoy zil mashinaga 60ta o‘quvchini ortib olib borib tashlaydi. Gazda ishlaydigan mashina hidi chiqib yotadi, nafas olish qiyin. Bechora bolalar majburda. 8-9-sinf o‘quvchilarini olib borishayapti. Erta bilan olib borishadi, kechki payt 9gacha uyiga qaytarib olib kelishadi. Ota-onalar bolalarni yuk mashinasida tashiyotgani va paxta haqini vaqtida bermayotganidan qattiq norozi bo‘lishayapti, dedi zarbdorlik o‘qituvchi Ziyoddulla Razzoqov.

Jizzax viloyati Zarbdor tuman Xalq ta‘limi bo‘limida kotiba bo‘lib ishlayotgan qizga ko‘ra, bo‘limning barcha xodimlari paxtaga safarbar qilingani bois¸ bu idorada o‘quvchilarning paxtaga chiqarilayotgani borasidagi savollarga javob beradigan rasmiy qolmagan.

"Ota-onalar pul uchun bolasini paxtaga jo‘natayapti"

Jizzaxdagi paxta mavsumi borasida monitoring o‘tkazgan huquq faoli Bahtiyor Hamroyevga ko‘ra, aksar holatlarda yuqori sinf o‘quvchilari majburiy paxta terimiga jalb qilinayapti. Lekin huquq faoli iqtisodiy yetishmovchiliklar bois ota-onalarning o‘zi bolalarini ixtiyoriy ravishda paxtaga jo‘natayotgani ham borligini ta‘kidlaydi.

- Jizzax viloyati cho‘l zonalari bo‘lgan Paxtakor, Zafarobod, Arnasoy, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlari xalqi boshqa tumanlarga nisbatan, ya‘ni tog‘li hududli tumanlarga nisbatan iqtisodiy ahvoli ancha og‘ir. Shundan kelib chiqib¸ xalqning asosiy qismi o‘ta kambag‘al holga kelib qolish oqibatida bolalarning ota-onalari, bolalarga kiyim, kitob, bolalarga ozgina yordam bo‘lsin¸ degan maqsadda bolalarni maktabdan olib qolib, ota-onalarning o‘zlari paxtaga yuborish holatlari ham uchrayapti, deydi Bahtiyor Hamroyev.

"Hokim do‘kon egasini kaltakladi"

Jizzaxdagi paxta mavsumi borasida monitoring o‘tkazgan huquq faoli Baxtiyor Hamroyevga ko‘ra, viloyatda paxta mavsumida nafaqat fermerlarga balki, barcha soha egalariga birdek taziyq kuzatilayapti.

- Bitta misol, Paxtakor tumanida Navbahor jamoa xo‘jaligi bor. O‘sha Navbahor jamoa xo‘jaligida 15 sentabr kuni bir qiziq voqea bo‘lib o‘tdi. Ya‘ni hurmatli hokimimiz Ismoilov Sayfiddin Umarovich Navbahor xo‘jaligini aylanib yurganda bir-ikkita magazinlar ochiq bo‘lgan. Magazin ochiqligini ko‘rib, magazinning xo‘jayinini chaqirib “Nega paxta vaqtida magazinni ochasan?” deb uni kaltaklagan. Bu ham yetmaganday¸ viloyat hokimi magazinning oynalarini sindirib tashlagan, dedi Baxtiyor Hamroyev.

Huquq faoli tilga olgan ushbu holat bo‘yicha Jizzax viloyat xokimligidan biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

"Paxta-2011" qurbonlari

Bu yilgi paxta mavsumi ham qurbonlarsiz bo‘lmayapti.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Andijon davlat univyersiteti qoshidagi Tarix fakultetining birinchi kurs talabasi paxta terimida vafot etdi. 1-kurs talabasi bo‘lgan yigit 4-kurs yigitlaridan yegan kaltagidan jon bergan.

Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov paxta ustida viloyat hokimidan dakki eshitgani uchun, o‘zini osib o‘ldirdi.
XS
SM
MD
LG