Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:40

Obama Karimovga xushomad qilayotganlikda ayblanmoqda


Karimov rejimi mohiyatini yaxshi bilgan holda prezident Obama¸ huquq faollariga ko‘ra¸qisqa muddatli xavfsizlik manfaatlariga yon bosmoqda.
Karimov rejimi mohiyatini yaxshi bilgan holda prezident Obama¸ huquq faollariga ko‘ra¸qisqa muddatli xavfsizlik manfaatlariga yon bosmoqda.
Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarini O‘zbekiston orqali ochib chiqish evaziga Obama Toshkentga harbiy yordamni qayta tiklamoqchi.

“Garchi jamoatchilik orasida shov-shuv uyg‘otmayotgan bo‘lsa-da¸ Afg‘oniston xalqiga erkinlik olib kelish iddaosi bilan 10 yildan buyon davom etayotgan urush nihoyasida¸ Obama ma‘muriyati rejasi amalga oshsa¸ qo‘shni o‘zbekistonliklar erkinligi yanada cheklanishi mumkin.

Afg‘oniston shimoliga tutash hududlarni boshqarayotgan diktator Afg‘onistondagi urush¸ xususan AQSh askarlari ta‘minot yo‘lining o‘zgargani va qo‘shinlarni bu mamlakatga olib kirib¸ olib chiqish jarayonidan eng katta foyda ko‘rganlardan biridir”¸ deb yozadi AQShdagi mustaqil Salon.com nashri.

2004 yili O‘zbekistondagi inson haqlari vaziyatini yomonlashayotgani munosabati bilan Amerika Kongressi Toshkent hukumatiga AQSh tomonidan berilayotgan harbiy va xavfsizlik yordamini to‘xtatishga qaror qilgan edi. Ammo ayni kunlarda AQShdagi inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar Obama ma‘muriyatining bu qarorni o‘zgartirish va Karimov hukumatiga harbiy –xavfsizlik yordami berishni qayta tiklash borasida Kongressga kuchli bosim o‘tkazayotganidan bong urmoqdalar.

Ayrim manbalarga ko‘ra¸ kelasi yildan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni rejalayotgan Vashington ularni O‘zbekiston hududi orqali olib chiqmoqchi¸ Toshkent esa¸ buning evaziga harbiy yordamni tiklashni talab qilmoqda.

Dunyodagi eng zolim diktatorlardan biri deb tanilgan Karimov rejimiga harbiy yordam berish¸ bu rejimni xalqaro maydonda reabilitatsiya qilish va uning inson haqlarini toptash siyosatini qo‘llash bo‘ladi¸ deb bong urayotgan qator tashkilotlar kuni-kecha AQSh Kongressi namoyandalariga maktub yo‘llab¸ Obama ma‘muriyati bosimiga yon bermaslikni so‘radilar.

AQSh Senati qoshidagi Moliya qo‘mitasi a‘zosi Lindsay Graham nomiga yo‘llangan bu maktubga Amnesty International, Freedom House, Human Rights Watch, International Labor Rights Forum, Freedom Now, Open Society Policy Center, Responsible Sourcing Network , The Union of Councils for Jews in the Former Soviet Union va The Institute on Religion and Public Policy guruhlari imzo chekkan.

“Bu maktubni yozishdan maqsadimiz O‘zbekiston rasmiylari fuqarolik jamiyati faollari¸ mustaqil jurnalistlar va siyosiy muxoliflarining ovozini bo‘g‘ishni davom ettirayotgan; so‘z va din erkinligini keskin cheklayotgan va bolalarni keng ko‘lamda majburiy mehnatga zo‘rlayotgan bir paytda AQSh soliq to‘lovchilari pulining O‘zbekiston hukumatiga harbiy yoxud xavfsizlik yordami sifatida berilishiga o‘z noroziligimizni bildirishdir”¸ deb boshlanadi senatorga yozilgan xat.

2004 yilda AQSh Kongressi O‘zbekistondagi inson haqlari¸ so‘z va din erkinligi vaziyati yaxshi tomonga o‘zgarmagunicha Toshkent hukumatiga harbiy-xavfsizlik yordami berilmasligi sharti bilan millionlab dollarlik yordam puli berilishini to‘xtatgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay¸ vaziyat yaxshilanish o‘rniga yomonlashib ketgan bir vaziyatda bu yordamni qayta yo‘lga qo‘yish¸ unga o‘z xalqini yanada ezishni kuchaytirishga imkon beruvchi qurollar berish¸ huquq faollariga ko‘ra¸ diktator rejimni rag‘batlantirishdan o‘zga narsa emas.

- Kongressdagi o‘z manbalarimizdan tushunishimizcha¸ AQSh va NATO qo‘shinlariga o‘z hududi orqali ta‘minot yuklari yetkazish va kelajakda Afg‘onistondan olib chiqiladigan AQSh qo‘shinlariga tranzit koridori berish uchun O‘zbekiston hukumati inson huquqlari vaziyati tufayli o‘ziga joriy etilgan cheklovlar olib tashlanishini talab qilmoqda. O‘zbekiston hukumati ham AQShdan harbiy uskunalar olmoqchi¸ ham o‘zining inson haqlarini toptovchi hukumat emasligi da‘vosi ustiga Amerika tasdiq muhri bosilishini istamoqda¸ deydi Hyuman Rayts Uotch tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Svyerdlov.

Taxminlarga ko‘ra¸ AQSh va NATO qo‘shinlariga mo‘ljallangan ta‘minot mollarini O‘zbekiston hududi orqali o‘tkazish uchun Vashington hukumati yuzlab million dollar pul to‘lamoqda va Svyerdlov kabi mustaqil kuzatuvchilar fikricha¸ bu pullar asosan Karimovlar oilasiga tegishli ekani gumon qilinadigan shirkatlar qo‘liga tushmoqda.

Obama ma‘muriyatini o‘zbek xalqining fundamental haq-huquqlarini qo‘llash o‘rniga qisqa muddatli xavfsizlik manfaatlarini afzal bilayotganlikda ayblayotgan huquq faollari¸ Arab bahori mustabid rejimlar bilan yaqin hamkorlikning G‘arb demokratiyasi uchun qanchalar ziyonli ekanini ko‘rsatganini ta‘kidlaydilar.

Bunday tanqid va da‘vatlarga Foreign Policy nashri orqali munosabat bildirgan AQSh ma‘muriyatining o‘z ismi keltirilishini istamagan yuqori darajali rasmiysi¸ Vashington Karimov hukumatiga pora taklif qilmayotgani¸ buning o‘rniga Kongressdan O‘zbekiston harbiylariga mamlakat hududidan o‘tuvchi Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘iga janggarilar tahdid solgudek bo‘lsa¸ uni himoya qilish uchun yordam berishni so‘rayotganini aytdi. Karimovning o‘z muxoliflariga nechog‘li toqatsizligini yaxshi biladigan vashingtondagilar¸ ma‘muriyat rasmiysiga ko‘ra¸ harbiy yordamni berar ekan¸ Toshkentni inson haqlari bobida yon berishga undaydi.

Ammo O‘zbekistondagi janggarilarning AQSh va NATO ta‘minot mollari o‘tadigan temir yo‘llarga ehtimoliy hujumi oldini olish uchun O‘zbekiston hukumatiga yangi qurol-aslaha berish lozim¸ degan bahonaning o‘ziyoq¸ huquq faollarini sergak torttirmoqda.

O‘zbekistonda hukumatga muxolif janggarilik amaliyotlari u yoqda tursin¸ o‘zgacha fikrlovchilarning bari yo xorijga chiqib ketgan¸ yoxud qamoqqa tashlangan bir paytda¸ qandaydir ehtimoliy hujum bahonasida bunday repressiv rejim qo‘liga yangi qurol berish¸ mamlakat ichkarisida yangi repressiyalarga asos bo‘ladi¸ xolos¸ deyishmoqda amerikalik huquq faollari.

Ayni paytda mustaqil kuzatuvchilar¸ Oq uy ma‘muriyati O‘zbekiston-AQSh munosabatlari tarixida Vashington uchun hech qachon hozirgidek muhim ittifoqchi bo‘lib ko‘rinmagan Karimovni xafa qilishga bormasligi va Afg‘oniston “erkinligi” yo‘lida O‘zbekiston xalqi erkinligini qurbon qilishi ehtimolining kuchli ekanini e‘tirof qilmoqdalar.
XS
SM
MD
LG