Линклар

Qozog‘istondan Rossiya orqali Estoniyaga qochib o‘tgan o‘zbekistonlik dindor Rahim Sobirov ortga qaytarib yuborildi.

Rahim Sobirov shu oy boshida Yevropadan boshpana olish uchun Narva daryosidan suzib, Rossiyadan Estoniya hududiga o‘tgan edi.

Rossiyaning Ivangorod va Estoniyaning Narva shahrini ajratib turuvchi bu daryoning u sohilidan bu sohiligacha bo‘lgan masofa o‘rtacha 300 metrni tashkil qiladi.

Sobirov daryoning Estoniya tomonidagi sohiliga o‘tishi bilan chegarachilar tarafidan qo‘lga olingan.

Estoniya politsiyasi matbuot vakili Marit Liykning Ozodlikka aytishicha, Rahim Sobirov chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun jarimaga tortilib, 17 sentabr kuni Rossiyaga qaytarib yuborilgan.

- Sobirov ikki mamlakatni ajratib turuvchi daryodan suzib, Estoniya hududiga o‘tgan. Unga nisbatan qonunda ko‘rsatilgan chora qo‘llanildi va Rossiyaga qaytarib yuborildi, dedi Marit Liyk.

30 yashar Rahim Sobirov O‘zbekistondagi diniy ta‘qiblar bois¸ 2009 yilda Qozog‘istonga qochib o‘tgan. Bir yil o‘tib Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan Mo‘ldir Mo‘ldaxonovaga uylangan. Hozir Mo‘ldaxonova to‘qqiz oylik farzandi bilan Qozog‘istonda qolgan.

- Yevropada joylashib olsam¸ sizlarni ham oldiraman, deb ketgan edi. Aslida u diniy qochqin-da. Nomoz o‘qigani uchun uni O‘zbekistonda bir marta ushlab olishgan. Nimaga ushlab olgan desangiz, sumkasidan diniy diskmi, haligi Qur‘on kitobi chiqqan ekan. 2009 yilda Qozog‘istonga qochib kelganidan BMTni qochoq maqomini olgan edi aslida, deydi Mo‘ldir Mo‘ldaxonova.

Hozircha Sobirov taqdiri borasida Rossiya huquq idoralaridan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Mo‘ldir Mo‘ldaxonova erining O‘zbekistonga berib yuborilishidan xavotir bildiradi.

- Agar erimni qaytarib yuborishsa¸ uni O‘zbekistonda o‘lim yoki uzoq yillik qamoq kutmoqda, deydi Mo‘ldaxonova.

Estoniya politsiyasi vakili Marit xonimga ko‘ra, Sobirovni O‘zbekistonga berish-bermaslik endi Rossiya ixtiyorida.

- Biz uni O‘zbekistonga emas, Rossiyaga topshirdik. Chunki u bizni mamlakatga Rossiyadan keldi. Endi uning taqdirini Rossiya hal qiladi, - deydi Marit Liyk.

O‘zbekistondagi diniy ta‘qiblardan qochib, Qozog‘istonda boshpana so‘ragan 29 nafar qochqin iyun oyi boshida vatanlariga majburan qaytarilgan edi.

Qaytarilgan qochqinlar O‘zbekistonda uzoq muddatli qamoq jazolariga tortildi.

- Ma‘lum bo‘lishicha, o‘sha paytda Qozog‘iston politsiyasi mening erimni ham qidirib kelgan ekan. Baxtga ko‘ra, biz boshqa shaharda edik. Shundan keyin erim qochib yurdi. Ushlab olishsa¸ uni ham O‘zbekistonga berib yuborishlari mumkin edi-da, deydi Mo‘ldaxonova.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Hyuman Rayts Uotch va Xalqaro Amnistiya O‘zbekistonga topshirilgan qochqinlar¸ ayniqda¸ e‘tiqodi tufayli ta‘qibga uchraganlarning hibsda qiynoqqa tutilishidan xavotir bildirib kelmoqda.

Har ikkala tashkilot shuningdek¸ Qozog‘iston hukumatini boshpana izlovchilar huquqlarini poymol etish va o‘z xalqaro majburiyatlarini bajarmaslikda ayblamoqda.
XS
SM
MD
LG