Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:07

Zangiotada 11 nafar dindor hibsga olindi


Seshanba kuni hibs qilingan mahalladoshlarning bari O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda gumon qilinmoqda.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 11 shaxs yaqinlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu fuqarolar 13 sentabr kuni ertalab soat 6-7 oralig‘ida hibsga olingan.

- Ertalab soat 6 larda grajdankada ROVDni odamlari kelishdi. Ularni qo‘lida order bor ekan. Shu order bilan bizning mahalladan 4 kishini olib ketishdi. Ular edi bularni qanaqadir gruppa bo‘lgan, deb ayblashayotganmish, dedi hibsga olingan zangiotaliklardan birining qarindoshi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra, orderda "O‘zbekiston konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish, xalifalik qurishga urinish", degan so‘zlar bo‘lgan.

Shuningdek, bu suhbatdosh hibsga olish va keyinchalik o‘tkazilgan tintuv chog‘ida kuch qo‘llanilmaganini ham aytdi.

Uyidan olib chiqib ketilganidan buyon bu 11 kishining qayerda, qanday ahvolda saqlanayotgani yaqinlariga oshkor qilinmayapti.

- Qanaqadir "geofizika", degan joyda 10-15 sutka saqlaydigan joy bormish. O‘sha yerda kechasi ushlashib, kunduzi boshqa joylarga so‘roqqa oborib kelashyotganmish. O‘sha joyning qayerdaligini so‘radik, lekin bizga aytishmayapti, deydi hibsga olinganlardan birining qarindoshi.

Hibsga olingan zangiotaliklarning yaqinlari Ozodlikka oshkora axborot berishdan cho‘chidilar.

Ularga tez orada qarindoshlarining ozod etilishi mumkinligi, buning uchun esa hamma axborotni xufya saqlash kerakligi uqdirilgani aytildi.

Ozodlikning Zangiota tumanidagi o‘z manbalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 11 kishilik guruh safida 1964 yilda Zangiota tumanida tug‘ilga Adham Siddiqov va shu tumanda tug‘ilgan 27 yoshli Ahror Saidvaliyevlar bor.

Bu shaxslarning oilasi a‘zolari Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.

Inson huquqlari faollarining kuzatuvlariga ko‘ra, O‘zbekistonda biror jinoyatda gumon qilinib, hibsga olingan fuqaro 72 soat ichida qo‘yib yuborilmagan taqdirda uni 10 yoki 15 sutka hibsda saqlash to‘g‘risida sud qarori bo‘lishi lozim.

Zangiotada hibsga olingan dindorlarni 72 soatdan ortiq hibsda saqlash to‘g‘risidagi hujjat ularning yaqinlariga taqdim qilinmagan.

Shuningdek, hisbdagilarga nisbatan qanday munosabatda bo‘linayotgani ham noma‘lum.

- Zangiotani ROVDga borib, "uyidan chiqib ketayotganda ko‘ylakchan ketgan, oyog‘ida paypog‘i ham yo‘q edi. Sovuq tushib qoldi, hech bo‘lmasa kiyim beraylik", desak "Biz bunisiga javob berolmaymiz", deyishdi. Qayerda, qanday ahvolda saqlashyapti¸ bizga umuman aytishmayapti. Qanaqa gruppa, deyishayotganini ham aytishmayapti. Bo‘lmasa, hech qanaqa gruppa yo‘qda bu yerda. Bularni qanaqa gunohi bo‘lishi mumkin axir?! - deydi hibsga olingan zangiotaliklardan birining qarindoshi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekistonda diniy motivlarga asoslangan hibsga olishlar, tergov va mahkama jarayonlarini kuzatayotgan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga ko‘ra, shu davr ichida kechadigan ilk tergov harakatlari chog‘ida hibsga olinganlar yaqinlariga ko‘rsatilmaydi.

Guruh yetakchisi Sur‘at Ikromovning aytishicha, bu jarayonda¸ odatda diniy motivlarda gumon qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llaniladi¸ ammo ularning yaqinlari ham muttasil bosim ostida saqlangani bois bunday holatlar aksar hollarda jamoatchilikka oshkor qilinmaydi.

- Aslida bunaqa hibsga olishlar keyingi paytda Toshkent viloyati va shahrida ko‘p bo‘lyapti. Ammo, toki yaqinlari o‘zlari harakat qilib, huquq faollari yoki matbuotga chiqmas ekan, bunaqa holatlar oshkor bo‘lmay qolyapti. Huquq-tartibot idoralari esa bu jarayonda aslo ma‘lumot bermaydi. Lekin dindorlarga qarshi keng ko‘lamli repressiya davom etayapti, hech susaygani yo‘q, deydi O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.
XS
SM
MD
LG