Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:59

KXShT internet tarmoqlarini nazorat qilmoqchi


Blaise Alleyne surati
Blaise Alleyne surati
Tunis va Misrdagi kabi xalq isyonlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tashkilotga a‘zo davlatlar Internet nazoratini kuchaytirmoqda.

KXShT ning ijtimoiy tarmoqlarni nazoratga olish niyatida ekaniga oid xabarlarga 30 avgustda Minskda bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti rahbari Nikolay Bordyuja va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko uchrashuvida qilingan bayonotlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Mazkur uchrashuvda Lukashenko ehtimoliy davlat to‘ntarishlari oldini olish maqsadida KXShT qoshidagi tezkor harbiy tuzilmalarni ishlatish mumkinligini haqida gapira turib¸ a‘zo davlatlarda ichki nazoratni ham kuchaytirishni taklif etgan edi.

- Bilasizmi, bizga qarshi birov ochiqchasiga urush ochmaydi. Lekin konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga ko‘pchilikning qo‘li qichib turibdi. Biz KXShT davlatlarining yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilmog‘imiz zarur, degan edi Belarus prezidenti Minskdagi uchrashuvda jumladan.

Bunday taklif o‘ziga ham xush yoqqanini yashirmagan KXShT direktori Nikolay Bordyuja hukumatlarga tahdid soluvchi ehtimoliy ssenariylar oldini olish uchun amaliy harakatlar boshlanganini qo‘shimcha qilgan edi.

- Yaqinda prezidentlarimiz axborot xavfsizligiga oid vaziyatni jiddiy ravishda muhokama etdilar. KXShTning ayrim mamlakatlarida vaziyatni izdan chiqarish aynan axborot tarmoqlari vositasida amalga oshganiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Buning uchun yuqori darajali maxsus guruh tuziladi va mazkur masalaga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi, degan edi "Yevropaning so‘nggi diktatori" deb tanilgan Lukashenko bilan yonma-yon bayonot bergan Nikolay Bordyuja.

Shu tariqa KXShT rasmiysi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat ostiga olish tashabbusi prezidentlar darajasida muhokama etilayotganini ma‘lum qilgan edi.

Bunday nazorat zaruratini izohlagan “Izvyestiya” nashrining KXShTdagi manbasi¸ hozirda mavjud infratuzilmalar istagan, hatto o‘ziga to‘q va taraqqiy etgan mamlakatlardagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligi¸ buning uchun mobil aloqa, ijtimoiy tarmoqlar, turli nodavlat ijtimoiy tashkilotlar ishlatilishi mumkinligidan bahs etadi.

Ayni paytda¸ internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, xususan Facebook va Twitterni to‘liq nazorat ostiga olishning ham texnik¸ ham siyosiy imkonlari savol ostida qolmoqda.

Kollektiv xavfsizlik tashkiloti Kotibiyati rasmiysi Vladimir Zaynutdinovning Ozodlikka bildirishicha¸ KXShT ijtimoiy tarmoqlarini to‘liq nazorat qilish niyatida emas:

- KXShT ijtimoiy tarmoqlarni nazorat ostiga olishni rejalashtirayotgani yo‘q. Biz shunchaki Internetdagi jinoyatchilikka qarshi amaliyot olib bormoqdamiz¸ xolos. “PROKSI”, deb nomlanmish bu amaliyotimiz bir necha yildan beri davom etayapti. So‘zsiz, bu amaliyot jarayonida barcha axborot resurslari olinadi, jumladan Facebook, Twitter tarmoqlari ham nazoratga olinadi. Masalan, “PROKSI” amaliyoti davomida 2010 yilda 1600 yaqin terrorchi va ekstremist deb topilgan saytlar aniqlangan, ulardan ko‘pi yopib tashlangan. Lekin KXShT mamlakatlari orasida axborot xurujiga qarshi kelishmovchilik borligini tan olamiz. Bu masala ustidan mamlakatlarimiz parlamentlarida ham ish olib borilmoqda, deydi KXShT matbuot markazi rahbari Vladimir Zaynutdinov.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ KXShT rahbari Minskda Internet tarmoqlarining umumiy nazorati haqida gapirmagan, ommaviy axborot vositalari uning bayonotini noto‘g‘ri talqin etgan.

Biroq 14 sentabr kuni Minskda yig‘ilgan MDH Bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashida so‘zga chiqqan Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka ham ijtimoiy tarmoqlarni nazorat ostiga olish kerakligini alohida ta‘kidladi.

“Londonda nima bo‘lganini ko‘rdingizmi. Menimcha bir narsa aniq: bu faoliyat ustidan nazorat bo‘lmog‘i zarur va men o‘ylaymanki¸ bu oqilona nazorat fuqarolarimiz erkinliklari himoyasi uchun xizmat qiladi”, dedi Yuriy Chayka.

Bu yig‘ilishda MDH a‘zolari Internetni hatto xavfli, deb atashdi va uni nazorat ostiga olishning xalqaro qoidalarini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Shunga qaramasdan, mutaxassislar Internetni to‘liq nazorat ostiga olishning mutlaqo imkoni yo‘qligini gapirishmovda.

Rossiyalik mashhur blogger Ilya Glushkoga ko‘ra¸ Internetni to‘sish – oyni etak bilan yopishdek imkonsiz urinish:

- Internetni nazorat ostiga olish, bu havoni nazorat qilish bilan barobar. Hech qanaqa istiqbolga ega bo‘lmagan, mutlaqo bema‘ni tashabbus, deb o‘ylayman. Ayrim totalitar va avtoritar davlat bosh prokurorlari tomonidan ilgari surilayotgan Internet maydonlari, tarmoqlarini nazorat ostiga olish haqidagi takliflari shunchaki qo‘rqitish uchun boshlangan uyin, deb o‘ylayman. Qanday qilib Internetda total nazorat o‘rnatish mumkin?! Bunga uringudek bo‘lishsa¸ bir necha kun ichida hamma anonimayzer va proksilardan foydalanishga o‘tib ketadi, deydi mashhur blogger Ilya Glushko.

Ammo Markaziy Osiyodagi yangi medialar bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyev ayrim totalitar tuzumlarda ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat o‘rnatish muammo emas, degan fikrda.

- Internetni, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarni mutlaq nazoratga olish mumkin narsa. Hozirgi texnologiyalar bunga imkon beradi. Lekin nazorat deganda ular faqat kuzatib borishi mumkin. Odamlar qaysi saytlarga kirayapti, nima qilayapti – buni kuzatishi mumkin. Ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan O‘zbekistonda Internet bir tarmoq orqali o‘tadi, “O‘zbektelekom” tarmog‘i orqali boshqa provayderlarga o‘tadi. Shu bir kanal orqali nazorat qilish juda qo‘lay. Lekin O‘zbekiston uchun bu kerakmi, yo‘qmi bu boshqa savol, deydi To‘lqin Umaraliyev.

Bu mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistonda Facebook foydalanuvchilarining soni atigi 84-85 mingni, Twitterda esa undan ham oz – 2 000 ni tashkil etadi.

“Shu sababli bu ijtimoiy tarmoqlar¸ hozircha¸ O‘zbekiston hukumatiga hech bir tahdid qila olmaydi”, deya xulosa qildi Markaziy Osiyodagi yangi medialar bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyev
XS
SM
MD
LG