Линклар

Koreyaga qiz uzatish katta biznesga aylangan

  • Ҳурмат Бобожон

Koreyalik yigitga turmushga chiqqan o‘zbek qizi Yulduz.

Koreyalik yigitga turmushga chiqqan o‘zbek qizi Yulduz.

O‘zbekistondagi nochorlikdan qutilish uchun o‘zbek qizlari orasida koreyalik kuyovlarga erga chiqayotganlar soni so‘nggi yillarda ko‘paydi.

Sharoit shuni taqozo qilmoqda

23 yashar namanganlik Munisa O‘zbekistondagi oilasini boqish uchun ikki yil avval koreys yigitiga turmushga chiqqan.

- Shu koreyslar chaqqon chiqib qoldi-da. To‘g‘risini aytsam¸ birinchi o‘rinda sharoit shuni taqazo qildi. Chunki, mening onam bor, singlim bor, otam yo‘q.

Onamni meni turmushga berishga qurbi yetar edi. Lekin orqamdan qo‘sha-qo‘sha sarpo jo‘natishga qurbi yetmaydi. Onamga qiyinchiligim tushmasin¸ degan holda Koreyaga turmushga chiqdim, deydi Munisa.

Munisani kelin qilgan koreyalik kuyov uning O‘zbekistondagi oilasini ham moddiy ta‘minlab turishni bo‘yniga olgan.

- Uyimga yordam beradi. O‘zbekistondagi oilam uchun turmush o‘rtog‘imni foydasi tegadi, ziyoni emas. Turmushga chiqqanimdan hech nolimayman, hudoga shukur, deydi hozirda Seulda yashayotgan Munisa.

Ayni paytda¸ Koreyadagi o‘zbeklarning Ozodlikka aytishicha¸ chet ellik kuyovga turmushga chiqib erga yolchigani kam. Janubiy koreyalik yigitga turmushga chiqqan namanganlik Muhayyo yaqinda eridan ajrashgani va o‘zi kabi ajrashayotganlar ko‘p ekanini aytadi.

- Ajrashdim. Pul bermaydi, uyga vaqtida jo‘natmaydi. O‘zbekistonga vaqtida jo‘natib turmaydi. Bir yilda bir marta jo‘natib turishi kerak edi-da. Dogovorimiz bo‘yicha shunday edi.

Erim bo‘lmasa katta emas, yosh, 80- yil mening erim. Bor yo‘g‘i sakkiz yosh katta mendan. Boshqalarni eriga o‘xshab juda katta emas. Boshqalarniki 40 qa chiqqan¸ 50 ka borgan. Lekin o‘shalar o‘ziga to‘q, oilasiga qaraydi, yaxshi olib yuradi xotinini. Ro‘zg‘ori but. Mening erim esa ishlay desam ishlatmaydi, pul desam bermaydi¸ deydi Muhayyo.

Bugun Koreyaga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik kelinlarning soni haqida aniq raqam yo‘q. Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasidan bu haqda ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ular soni¸ o‘zbek qizlarini Koreyaga turmushga uzatish bilan shug‘ullanadigan namanganlik Gulbahor opaning aytishicha¸ oz emas.


Kimga koreys er, kimga biznes

Gulbahor opa o‘zbek qizlarini Janubiy Koreyaga turmushga chiqarish bilan shug‘ullanadigan Namangandagi eng oldi agentlardan. Koreysga turmushga chiqmoqchi bo‘lgan qizlar ham¸ o‘zbek qiziga uylanmoqchi bo‘lgan koreys kuyovlar ham shu kishiga murojaat etishadi.

- Oldin kuyov bolaga qizlarni rasmlarini yuboramiz. Ular ichidan besh-o‘ntasini tanlaganidan keyin koreyalik kuyovimiz o‘zlari ularni ko‘rish uchun O‘zbekistonga keladi. Kuyov kutib olinadi, bitta mehmonxonaga joylanadi. Keyin u yerda ko‘rish bo‘ladi. Ko‘rishga faqat tanlab olingan, “short list”ga kirgan qizlar chaqiriladi. O‘shanga qarab tanlanadi, deydi namanganlik agent.

Koreyalik kuyov qizni tanlaganining ertasi bo‘lajak qaynona-qaytona uyiga o‘zi sovchilikka boradi.

- Qizning uyiga sovchi bo‘lib borib, ota-onasining roziligini olib, endi qiz rozi bo‘lganidan keyin ota-onasidan ham ruxsat so‘raladi-da. Sovchilikka borganidan keyin ota-onasi bilan kelishiladi-da. Chetni odamini ham chuv tushirmasligi kerak. Konkretniy gaplashiladi-da oldindan.

Uylanayotgan bola ham chuv tushmasligi kerak. U ham oddiy oila, millioner emas, chiqayotgan qizimiz u yerga borib podvodit qilmasligi kerak. Chiroyli turmush qurishi kerak. Shuni sovchilikka borganda kelishiladi-da¸ deydi Gulbahor opa.

Agent xonimning aytishicha¸ ota-ona roziligi olingandan keyin, ertasiga to‘y bo‘ladi.

-To‘yni ham o‘zimiz qilib beramiz, hamma joyda qilib beramiz, xohlang Namanganda¸ xohlang Toshkentda, deydi qo‘shmachi Gulbahor opa.

To‘y o‘tgandan keyin koreyalik kuyov o‘zbek kelinini Koreyaga olib ketishi kerak. Chetga chiqishga ruxsat, koreys vizasini olish kerak, xullas bu bilan endi boshqa odam shug‘ullanadi.


Kuyov keksa bo‘lsa¸ viza bermay qo‘ygan

Chetga chiqishga ruxsat, koreys vizasini olish tez bitishi uchun endi bu biznesdagi navbatdagi bo‘g‘in - toshkentlik Anyaga murojaat etishga to‘g‘ri keladi.

- Kuyov Koreyadan taklifnoma yuboradi, shu taklifnoma bilan elchixonaga boriladi. OVIR ruxsatnomasini olish, koreys vizasi, buning hammasi uch-to‘rt hafta, uzog‘i bilan bir oyda hal bo‘lishi mumkin, deydi Anya.

So‘nggi paytlarda koreysga turmushga chiqayotgan o‘zbekistonliklar ko‘paygani sabab¸ Koreya elchixonasidan viza olish ancha qiyinlashib qolgan"¸ deb qo‘shimcha qiladi nikohni hujjatlashtirishni biznesga aylantirgan bu ayol.

- Agar kelin bilan kuyov yoshi o‘rtasidagi farq 12 yoshdan katta bo‘lsa¸ viza bermay qo‘ygan. Bir yil bo‘ldi elchixona shunaqa talabni qo‘ymoqda. Endi kuyovning yoshiga ham e‘tibor berishga to‘g‘ri keladi. Kelin 22 yoshda bo‘lsa unga minimum 35 yashar kuyov topish kerak bo‘ladi¸ deb maslahat beradi Anya.


Fohishalarni ham koreysga o‘tqizivorishyapti...

Seulda yashayotgan Muhayyoning aytishicha, qizni tanlash jarayonidan to unga viza olish uchun ketgan barcha chiqimlar, shuningdek O‘zbekistondagi to‘y xarajatini ham kuyov tomon ko‘taradi. Foydani¸ o‘rtada turgan agentlar baham ko‘radi.

- To‘yimda kuyovim 2000 dollar pul bergan ekan, yo‘l xarajatimga deb. Uni ham mening ota-onamga berishmagan. Agentlar olgan. Bu yerga kelish uchun vizamgacha o‘zim ko‘targanman. Agentlar vizaga, hamma narsaga pulni olib qolishgan, menga berishmagan.

Vizangni¸ yo‘l pulini o‘zing to‘lashing kerak¸ deyishdi. Hammasini o‘zim yugurib¸ o‘zim to‘laganman. O‘sha paytda koreys tilini bilmasdim-da, erim menga pul berganini keyin Koreyaga borganimda uning o‘zidan eshitdim, deydi Muhayyo.

Koreys yigiti O‘zbekistonga kelgan payt o‘zbekchani bilmaydi, unga tegmoqchi qiz esa¸ koreys tilini bilmaydi. Bo‘lg‘usi er-xotin bir-birini tushunmayotganidan¸ o‘rtadagi chayqovchilar daromad qiladi.

- O‘rtada turganlar unga kerak, bunga kerak deb, katta miqdorda pul olishadi. O‘zi aslida 2000 dollar bilan to‘y qivorishadi. Bundan tashqari¸ dokumentlarga ham kuyov pul beradi, uni ham o‘rtadagilar olib qo‘yadi-da¸ qizga o‘zing to‘la¸ deydi.

Qiz bechora Koreyaga kelgunicha qiynalib keladi. Judayam aldashadi-da. Masalan¸ kuyov tomon mukofot puli beradi qizning ota-onasiga rahmat deb, yordam sifatida. 10 ming dollarcha pul beradi. O‘rtadagilar uni ham olib qo‘yadi. Kuyov oddiy oiladanman¸ desa o‘rtada turgan tarjimon sani kuyoving kattakon boybacha¸ deb tarjima qilib berishadi. Rossayam aldov ko‘p bu savdoda. O‘rtakashla judayam aldaydi, deydi bu jarayonni o‘z boshidan o‘tkazgan Munisa.

Janubiy Koreyada erkaklar uchun mahalliy koreys qiziga uylanish qimmatga tushishi bois, ular kelinni chet ellardan qidirishayotgani, koreys qizlaridan farqli, talablari ancha kamtarin bo‘lgani bois o‘zbek qizlarini afzal bilishayotgani aytiladi.

Seulda yashaydigan Munisaning aytishicha, O‘zbekistonda fohisha bo‘lib yurgan ayollarni ham koreysga o‘tqizivorishyapti.

- Mana shu Koreyada yashaydigan qizlar¸ hatto O‘zbekistonda yurgan yigitimi, birinchi erimi, ikkinchisimi, ishlash uchun chaqirtirib¸ mani akam deb, koreys eriga tanishtirib, eri bilan ham yashaydi¸ o‘zbek eri bilan ham yashaydi, deydi Munisa.
XS
SM
MD
LG