Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:10

Qorasuvlik deputat ekstremistlikda gumon qilinmoqda


Qorasuv shahar kengashi deputati Ziyovuddin Yusupov va yana bir necha ayol Hizbut-Tahrirga a‘zolikda gumonlanib¸ hibsda ushlandi.

Qorasuv shahar kengashida 12 yildan buyon deputatlik qilib kelayotgan Ziyovuddin Yusupov 19 sentabr kuni diniy-estremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilinib, qisqa muddatga hibs qilindi.

Qirg‘iziston respublikasining Janubiy viloyatlar bo‘yicha boshqarmasi hamda O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan kelgan maxsus guruh Ziyovuddin Yusupovning uyida tintuv ham o‘tkazgan.

Ozodlik bilan suhbatda Ziyovuddin Yusupov o‘zini Hizbut-Tahrir guruhiga aloqadorlikda gumon qilishganini aytadi.

- Hizbut-Tahrirga a‘zo, uyida varaqa saqlaydi, varaqa tarqatadi¸ degan gaplarni qilgan ekan kimdir. Kecha to‘ydan kelsam, uch-to‘rtta mashina mana sanksiya, deb uyga kirib tekshirib ko‘rishib, u-bu deb hadis kitoblarni oldi. Disk chiqdi bitta. Diskdagi narsa unaqa ahamiyatga molik nima emas ekan. Ikki soat tintuv qilishdi. Keyin ikki soatcha tergov qilishib, olingan narsalarni upakovka qilib ekspertizaga jo‘natishdi, deydi Ziyovuddin Yusupov.

Ziyovuddin Yusupovning uyida davom etgan ikki soatlik tergov chog‘ida unga Hizbut -Tahrirga a‘zolik, aloqadorlik bilan bog‘liq savollar berilgan.

- Siz a‘zosizda Hizbut-Tahrirga, deb so‘rab ko‘rishdi. Men yo‘q, dedim. "Hizbiylar a‘zo bo‘lsa aniq aytadi, tonmaydi. Birinchidan, men unaqa emasman. Bo‘lsa aytavyerardim. Meni hamma yoqda bilishadi. Hokimiyatdan ham, boshqa yerdan ham so‘ra mening kimligimni. Hozir prezident saylovi oldida menga ugroza qilishmoqchi bo‘lganmi, bilmadim ishqilib”, dedim. Keyin ularning nachalnigi kirib: “Hoji aka kechiring. Bizga noto‘g‘ri xabar bo‘ldi shekili, noto‘g‘ri nima qilibmiz”, deb uzrini aytib uyga tashlab ketdi. Kelsak, xalq to‘planib turgan ekan, deydi qorasuvlik deputat Ziyovuddin Yusupov.

O‘zbek deputatiga ko‘ra, o‘zini olib ketishi bilanoq qorasuvlik mahalladoshlari uning uyi oldida yig‘ila boshlagan va uyiga qaytib kelgan kezda uy oldida 200 chog‘li odam yig‘ilib turgan.

Ziyovuddin Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz xavfsizlik idoralari xodimlari o‘ziga juda xushmuomalada bo‘lishgan, ammo shaxsiga oid hujjatlarni olib qo‘yishgan.

- Pasportimni ham olib qo‘ydi. “Bir-ikki kundan keyin beramiz. Men o‘zim olib kelib beraman”, dedi nachalnigi. U yoq-bu yoqqa chiqmang, degan gaplar bo‘lmadi lekin, deydi Qorasuv shahar kengashi deputati Ziyovuddin Yusupov.

Ozodlikka Qorasuv shahridan bog‘langan faollardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 19 sentabr kuni shahardagi to‘rt o‘zbekning uyida tintuv o‘tkazilgan va ularning hammasiga taqdim qilingan tintuv uchun sanksiya mantida Hizbut-Tahrirga aloqadorligi gumon qilingani aytilgan.

Bundan bir necha kun muqaddam esa Qorasuvda bir necha ayol shu guruhga aloqadorlikda ayblanib qisqa muddatga hibs qilingan va bu haqda xabar qilgan qorasuvliklarga ko‘ra, hibsga olingan ayollarga tazyiq ko‘rsatilgan.

Hibs qilingan ayollardan biri Nodira Otajonovaning Ozodlikka aytishicha, uning uyida ham tintuv o‘tkazilgan va so‘ngra o‘zini uch kun hibsda saqlashgan.

- Kichkina qizalog‘im 7 yashar. Maktabga kiyintirayotgan edim soat 7lar chamasi. Eshikni birov taqillatib qoldi. O‘g‘lim ochdi. Ochsa, 10-15ta erkak kishi “Sizning oldingizga sanksiya bilan keldik. Sizdan shikoyat tushdi. Hizbut-Tahrir a‘zosi ekansiz”, dedi. “Mayli kiring. Mening unaqa hizbiyga aloqam yo‘q”, dedim. 50 tacha Qur‘on, hadis, islomiy kitoblarni olishdi. “Disklar bormi?” dedi, disklarni ko‘rsatdim, olishdi, deydi Nodira Otajonova.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning uyidan olib ketilgan disklar rasmiylarning katta e‘tirozga sabab bo‘lgan.

- Disklarda Afg‘onistondagi bo‘lgan voqealar bor edi. Endi unaqa narsani televizorda ham ko‘rsatishardi-yu. Chechenistonda bo‘lgan voqealarning disklari bor edi. Uch dona o‘zi disk. Boshqasi kinolar, multfilmlar edi. “Andalus chavandozi”, degan multfilm bor edi. Shuni ham aytayaptiki, “Siz terroristlar bilan aloqador ekansiz. Unga ovoz bergan Hizbut-Tahrirdagilarning disklarini ko‘rganmisiz? Shunga ovoz beradigan odam ovoz bergan, deb familiyasini aytishayapti. Men u odamni bilmayman ham. "Siz ular bilan aloqador ekansiz. Siz terrorist ekansiz. Sizni yaxshilab nima qilishimiz kerak”, deyishdi, deydi Otajonova.

Nodira Otajonova hamda uning qo‘shnisi bo‘lgan Aynura ismli bir ayol bir necha soatlik so‘roqdan so‘ng uch kun hibsda saqlangan.

- U xonaga olib kirishdi, bu xonaga olib kirishdi. Biri qo‘yib, bir olib chalg‘itishib, har xil savollar berishib “Hijobingni yechib yuboramiz, ro‘molingni yechib yuboramiz”, deb ko‘rishdi. “Qiynoqqa olsak, shundoq aytib berasan”, deb ham ko‘rishdi. Keyin men bilan o‘sha Aynura, degan qirg‘iz qo‘shnimiz bor edi¸ mening singlimdek bo‘lib qolgan, ikkalamizni podvalga olib tushib qo‘yishdi. Uch kun turdik. Hozir shartli ravishda chiqarib yuborishdi. Endi sud bo‘larkan. “Bir-ikki oygacha hech qayerga chiqib ketmaysizlar. Chaqiramiz o‘zimiz”, deyishdi. O‘tiribmiz endi sudni kutib ular qanaqa hukm chiqararkan deb, deydi qorasuvlik dindor ayol Nodira Otajonova.

Ozodlikka bog‘langan ayrim qorasuvliklarning aytishicha, so‘nggi kunlarda diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilib, shahar aholisi uylarida tintuv o‘tkazish hollari ko‘paygan.

Bunday tintuvlarga¸ aksariyat hollarda¸ Qirg‘iziston respublikasining Janubiy viloyatlar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari boshchilik qilmoqda.

Ziyovuddin Yusupov va Nodira Otajonova uyida o‘tkazilgan tintuvga mas‘ul bo‘lgan mazkur boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Kuliyev Ozodlik muxbirining vaziyatga oydinlik kiritish haqidagi so‘roviga fursati yo‘qligini aytib¸ javobni keyinga qoldirdi.

Ozodlik tahririyati Qorasuv shahrida aholi uylarida bo‘layotgan tintuvlar borasida rasmiy tashkilotlardan izoh olish urinishlarini davom ettirmoqda.
XS
SM
MD
LG