Линклар

logo-print

O‘zbeklarning "sirkasi" qachon suv ko‘taradi?


Aksariyati o‘tmishdagi buyuk bobolari bilan maqtanib¸ ular haykallari soyasida dam oladigan o‘zbeklarning bugungi avlodi kelajak nasllar faxrlanishga arzigulik biror ish qildimi, deb so‘raydi sizdan Dildora qiz...

Aksariyati o‘tmishdagi buyuk bobolari bilan maqtanib¸ ular haykallari soyasida dam oladigan o‘zbeklarning bugungi avlodi kelajak nasllar faxrlanishga arzigulik biror ish qildimi, deb so‘raydi sizdan Dildora qiz...

Ozodlik orqali o‘z millatdoshlari bilan fikrlashmoqchi bo‘lgan xorijda yashayotgan o‘zbeklardan biri ana shu savolga javob izlamoqda.

Shu yilning 2 sentabr kuni Germaniya va Avstriya milliy futbol jamoalari 2012 yilda bo‘lib o‘tadigan Yevropa kubogi musobaqasi saralash o‘yinining navbatdagi bosqichini o‘tkazdilar. O‘yin 6:2 hisobi bilan Germaniya foydasiga hal bo‘ldi. Nafaqat futbolning ashaddiy muxlislari, balki uning nufuzli mutaxassislari xam bu o‘yinning yuqori darajada o‘tganini alohida ta‘kidladilar.

"Shu kungacha DFB (Germaniya futbol federatsiyasi) o‘zining uzoq futbol tarixi davomida hech qachon saralash o‘yinining barida g‘olib chiqmagan. Shuningdek, sakkizta o‘yinda ketma-ket g‘oliblik ham hali nasib etmagan edi"¸ deb yozdi Nationalmannschaft – Fußball –sportschau.de o‘z onlayn sahifasida.

Natijani ko‘rib¸ Germaniya o‘z sportchilari uchun maqtovlarni xuddi gulchambarlardek yog‘dirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylasangiz¸ yanglishasiz. Xuddi shu manbaning o‘zi bu o‘yin va o‘yinchilar tahlilida davom etib¸ jumladan shunday deb o‘zadi:

"Manuel Noyer (darvozabon), asli gelzenkirxenlik o‘yinchi¸ ikki marta raqib urgan to‘pni o‘z darbozasidan olib chiqishga majbur bo‘lganini hisobga olmasak, deyarli ishsiz o‘tirdi. O‘sha ikkita urilgan to‘plarga qarshi chiqishga esa uning hech qanday imkoniyati bo‘lmadi.

Hozirda eng ko‘p sotilayotgan avtobiografiya muallifi Filipp Lam (himoyachi), chap tarafni bazo‘rg‘a kuch va yugur-yugur bilan himoya qilishga erishdi. Bu ham yetmagandek¸ u hujum davomida bir nechta xatolarga yul qo‘ydi".

Nemis futbolchilarining ham bunday tanqidlarga quloqlari ko‘nikib ketgan shekilli, nega shuncha yaxshi o‘ynasak ham tanqid qilasizlar¸ deb na bir og‘iz e‘tiroz bildirishdi, na bundan nolishdi. Balki¸ aksincha, "sport muxlislarining yaxshiroq o‘yin talab qilishga haqqi bor, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yaxshiroq o‘ynashimiz kerak"¸ degan fikrni bildirdilar.

Xo‘sh¸ buning bizga nima qizig‘i bor¸ desangiz ajab emas. Bunaqa misol-tahlillar bilan Germaniya ommaviy axbarot vositalarida kunora duch kelasiz va ular nafaqat sport, balki shu jamiyatning har bir sohasini - siyosat, iqtisod, ishlab chikarish, bilim, san‘at va hokozolarni qamrab oladi. Birgina futbol o‘yini va u haqdagi maqolani o‘qib, men nemis xalqining hech qachon erishgan yutuqlari bilan to‘xtab qolmasligiga yana bir karra amin bo‘ldim va mening bu borada ularga havasim keladi.

Havasim kelgani, ular hech qachon erishgan yutuqlari tufayli kamchiliklarini unutmaydilar.

yoki muvaffaqiyatlari orqasidan¸ albatta¸ qo‘ygan xatolarini tilga olishadi. Kamchiliklarni bo‘yniga olish, tanqidlarga yo‘l berish va eng muhimi¸ ularga quloq tutish katta mardlik¸ nazarimda. Bu mardlikning orqasidan ba‘zida ulkan muvaffaqiyatlar ham ergashib kelishini har doim ham e‘tiborga olavyermaymiz.

Masalan¸ aynan shunday tanqidlar ham Germaniyani hozirgi egallab turgan mavqe‘ga olib kelgan¸ nazarimda. Agar bularning tarixini kuzatsangiz¸ bunga yaqqol amin bo‘lasiz. Uzoqqa borib nima qilamiz - shu yilning mart oyida Yaponiyaning Fukusima shahrida bo‘lib o‘tgan mudhish voqealaridan so‘ng, Germaniya Kansleri Merkel xonim katta tanqid ostida qoldi.

Chunki u shu paytgacha elektr energiyani atom stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilishi tarafdori edi. Bunga qatiy qarshi bo‘lgan "Yashillar" partiyasi Fukusimadan muvofiq xulosa chiqarashni talab qilib, hozirda davlatni boshqarib turgan CDU/CSU va FDP ni qattiq tanqidga oldi.

Natijada Frau Merkel o‘zining butun boshli energiya siyosatidan voz kechishga majbur bo‘ldi va oppozitsiya talab qilgan yangi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra¸ barcha atom elektr stansiyalari Germaniyada 2017 yilga qadar o‘chirilishi kerak. Merkel xonim ham¸ yuqoridagi o‘yinchilar kabi¸ tanqidlarga quloq tutdi.

Endi biz bu borada nazarimizni jonajon vatanimizga qaratamiz. Mana kuni-kecha mustaqilligimizning 20 yillik bayramini nishonladik. O‘zbekistondan Internet orqali yetib kelgan manbalarni kuzatib, O‘zbekiston allaqachon utopiya, ertaksimon davlatlardan biriga aylanib ketibdi, degan xulosaga kelim. Birorta film, xoh badiiy, xoh hujjatli bo‘lsinki, hali mana bunday kamchilikarimiz bor deb, og‘ziga ham olmadi. Buning o‘rniga biz bunday narsalarga erishdik, butun dunyo bizga havas, `ba‘zi yomon` davlatlar esa hasad qiladi va hokazo mazmundagi gaplar.

Hech kim o‘sha o‘rislar bizdan `ketishganida` yurtimizda yaxshigina infrastruktura bor edi, biz har holda hamma narsani `0`dan boshlaganimiz yo‘q-ku, demaydi. Mana yana shu nemislarni oladigan bo‘lsak, ikkinchi jahon urushidan keyin deyarli yer bilan bitta bo‘lib yotgan yurtni oradan 50 yil o‘tib-o‘tmay jahonning yetakchi davlatlaridan biriga aylantirishga ulgurishgan. Vaholanki bularda sotgani na paxta, na oltin, na bug‘doy va hokazo bor. Biz ham mustaqillikdan 50 yil o‘tib, bunga erishamiz desangiz, aytilgan vaqtning deyarli yarmiga kelayapmiz, ammo ishning to‘rtdan birini ham yakunlamaganimizni hammamiz ko‘rib-bilib turibmizku!

Erkaklarimiz bolalarining ko‘zlariga tik qaragani uyalishadi. Farzandlarimni boqaman deb, ulardan yillab voz kechib, hali u yerning¸ hali bu yerning qurilishida qo‘lidagi oliy o‘quv yurtining diplomi bilan loy qorib yurishibdi. Omadi kelganlari¸ yillar o‘tib farzandlarini ko‘rar, omadi kelmaganlarining esa o‘liklari qaytayapti.

Ayollarimiz esa o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urib qilmayotgan yumushlari qolmayapti. Men o‘zbek ayollaridek mehnatkash ayollarni hali Yevropaning birorta bir davlatida uchratmadim. Afsuski¸ qanchalik mehnatkash bo‘lmasinlar, shunchalik xor bo‘lib yashayotganlar ham boshqa davlatlarda kam uchraydi.

Men O‘zbekistonni 20 yil ichida undoq qildik, bundoq qildik¸ deb go‘yo ko‘ksiga maymundek qulochlab urib maqtanayotgan siyosatchilarni mana shunday muammolarga ham e‘tibor qaratishlarini xohlardim.

Sovyetning davrida o‘zbekning bolalari yirtiq kalishlarda daladan beri kelmay, faqat ular uchun ishlaydi¸ deb o‘zimizni oqlardik. Lekin mana oxirgi 20 yilda ham ularning kalishlari butun bo‘lgani yo‘q, lekin endi kim uchun terayapti ular paxtani? Mustaqillik shuncha yaxshi bo‘lsa, nega erta-yu kech asalaridek tinmaydigan o‘zbekning kosasi oqarmaydi?

Nimaga bizning bolalarimiz bola bo‘lib ko‘cha changitib o‘ynash huquqidan mahrum? Nimaga ular o‘zlarining kichkina yelkalarida ba‘zi bir katta odamga ham og‘irlik qiladigan tashvishlarni ko‘tarib yashashlari kerak?

Shaxsan men O‘zbekiston hukumatining hali maqtanishga haqqi yo‘q¸ deb bilaman. U yerda 20 yillik ishning yarmi ham qilingan emas.

Bu yerda gap faqat siyosatdagi tanqid haqida¸ desak adashamiz. Ba‘zi-ba‘zida yurtdoshlarimizniig Youtube dagimi, MyVideo dagimi o‘zaro tanqid va unga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib/o‘qib, biz o‘zbeklarning haqiqatdan ham sirkamiz suv ko‘tarmasa kerak¸ deb o‘ylayman.

O‘zbekistonni o‘zbek bo‘la turib `hali qoloq davlat` deb atash, ba‘zi bir yurtdoshlarimiz uchun sizni, ayniqsa siz boshqa yurtda yashasangiz, vatan xoini deb atashga bemalol asos bo‘ladi. Bunga o‘zim ham bir necha marta amin bo‘lganman.

Vaholanki¸ bunday forumlarda asosan shaxsiy fikrlarga tayanib yoziladi. Masalan¸ siz u yerda bir kino ko‘rdingiz yoki qo‘shiq tingladingiz. Muallifning ishidan ko‘nglingiz to‘lmay¸ bunga yarasha mulohaza bildirasiz. Agar bu kimgadir yoqmasa, sizning ham shaxsingizga `chiroyli sifatlar` kelib tegishi tayin.

Bunday holatlarni kuzatib, tanqidni "hazm kilish san‘atini" ham balki endi o‘rganishimiz kerakdir, deb o‘yladim. Axir tanqidning ham o‘ziga yarasha juda ko‘p ijobiy taraflari bor - u bor joyda ish "yuradi" va uning saviyasi ko‘tariladi.

Men ham o‘zbekman, lekin o‘zimizning bo‘lar-bo‘lmas maqtovlarimizdan, bizning bobolarimiz bunday ishlarni kilib ketishgan, bunday narsalarga erishishgan, degan gaplarimizdan charchaganman.

Nimaga biz faqat bobolarimiz bilan maqtanamiz yoki yana nechchi yil maqtanamiz? Bu ketishda nabiralarimizga rahmim keladi. Ular keyin kim bilan maqtanisharkin?

Hurmat bilan Dildora qiz.
2011 yil, sentabr
XS
SM
MD
LG