Линклар

logo-print

G‘allaorolda bir kunda 13 maktab direktori ishdan bo‘shatildi


O‘zbekiston viloyatlari maktablarida o‘quvchidan boshqa hamma narsa bor...

O‘zbekiston viloyatlari maktablarida o‘quvchidan boshqa hamma narsa bor...

Jizzax viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi yangi o‘quv yilini ana shu qaror bilan boshladi.

“Noroziligimizni ko‘zimizdan uqib turadi”

G‘allaorol tumanidagi 91 ta maktabdan 13 tasining direktori yangi o‘quv yilining boshida ishdan bo‘shatildi.

Tuman markazidagi 25-maktab direktori, 53 yoshli Dilorom Jabborovaning aytishicha, 2 sentabr kuni buyruqni ko‘rsatmasdan maktabga kelib uning ishdan bo‘shatilgani va maktabga tuman Xalq ta‘limi bo‘limida metodist bo‘lib ishlayotgan Pardayev tayinlanganini e‘lon qilishgan. Dilorom Jabborovaga ko‘ra¸ unga hatto oddiy dars soatlari ham berilmagan va mahalliy hokimiyat qahriga uchragan direktorlar, viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasi buyrug‘iga ko‘ra ishdan olingan:

- Endi hokimiyatning aytganini qilayapmiz. Qilgan bilan majburiy qilayapmizu, shuning noto‘g‘ri ekanligini¸ masalan¸ men his qilib turaman. Mana shuni hokimiyat mening basharamdan o‘qib turadi. O‘zingiz bilasiz, haqiqatni aytgan odam hech qachon bu dunyoga sig‘maydi. Shuning uchun ular qandaydir ishimiz yoki ishlayotgan maktabimizdagi ta‘lim sifati bilan hisoblashishmadi. Pensionermi, demak shularni yo‘q qilib tashlashimiz kerak. Hozir mana 19-maktabni oladigan bo‘lsam, to‘rtmi besh yilga ham yetmagan, stajga ega bo‘lmagan Rayononing yugurdakchasini olib borib qo‘yishdi. U o‘zi o‘nglab dars o‘ta olmaydi. Bitta darsni qo‘yib bersangiz, analiz qila olmaydi ekan. Boshqa maktablarda ham xuddi shunday, deydi Dilorom Jabborova.

G‘allaorol tumanidagi 78- maktabning sobiq direktori 54 yoshli Zebo Qosimova ham viloyat xalq ta‘limi boshqarmasining o‘zini ishdan olish haqidagi buyrug‘ini asossiz deb hisoblaydi:

- Bir umr maktabda jonimni jabborga berib ishladim. Hatto bir og‘iz ham ogohlantirmasdan boshqa odamni maktabga olib borib, bugundan boshlab ana shu odam ishlaydi, deb aytib kelayapti. Hurmatsizlikda, insonni qadri yo‘q, dedi Zebo Qosimova.

O‘zini noqonuniy ishdan bo‘shatilgan deb hisoblayotgan 34-maktab sobiq direktori 57 yoshli Farhod Eshmatovning mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Mehnat kodeksining 100-moddasi 7-bandiga ko‘ra, agar pensiya yoshiga yetgan odam ishlayman desa, uning ishlash qobiliyati bo‘lsa va ishga yaroqli bo‘lsa ishlashi mumkin, deb yozilgan bo‘lsada¸ viloyatda pensiya yoshiga yetgan direktorlarni bir chekkadan “qirib” tashlashgan.

“Majlislarda ta‘lim sifati emas, pul haqida gap bo‘ladi”

Sobiq maktab direktorlariga ko‘ra, pensiya yoshi aslida ularni ishdan bo‘shatish uchun bahona bo‘lgan¸ xolos. Buning asl sababi¸ hokimiyat uchun aytganini yerga tekkizmay bajaradigan mo‘min va qobil direktorlar kerakligida¸ deyishmoqda Ozodlik suhbatlashgan sobiq direktorlar.

Sobiq direktor Dilorom Jabborovaga ko‘ra, so‘nggi paytda majlislar ta‘lim sifatini yaxshilash haqida emas, balki hokimiyat topshiriqlarini qanchalik bajarilganini taftish qilish uchun o‘tkaziladigan bo‘lib qolgan:

- Uch oydan beri yig‘ilish qilsa, bezorimiz chiqib ketadi. o‘nta topshiriq bo‘yicha 91 ta maktab direktorlarini o‘n martalab turg‘izib, faqat shuni razbor qiladi¸ xolos. “Vkladga necha pul o‘tkazding? Nimaga o‘tkazmading, nimaga o‘tkazding? Ko‘mirga nega o‘tkazmading? Falon narsaga nimaga o‘tkazmading”, endi 91 ta maktab 10 marta turib o‘tirgandan keyin hammaning asabi o‘ynab ketadi. Faqat pulning razbori bo‘ladi. Topshirilmagan narsaning razbori bo‘ladi¸ xolos, deydi o‘qituvchi.

Singan “Zeromaksga” o‘qituvchi ko‘magi

Dilorom Jabborova hokimiyatda o‘tkazilgan yig‘ilishlardan biri haqida shunday misol keltiradi:

- Shunday hokimiyat zalida katta yig‘ilish qilayapti. Keraksiz odamlarni chiqarib yuborishdida¸ faqat maktab direktorlari qoldi. Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri Norqulov “Zeromaks”ning Zarbdor tumanidagi Nurafshon xo‘jaligiga chopiqqa borasizlar. Avtobus topasizlar. Hammang o‘qituvchilaringni bosasan. Bir haftaga o‘sha yerga borasizlar” dedi. Bu 11-12-avgust kunlari bo‘layapti.

Ozodlik: Joriy yildami?

- Ha. Keyin o‘nta direktorning ichidan Farhod aka (34-maktab direktori) degan turdida “Men bu ishni qilolmayman. Bu ish mening qo‘limdan kelmaydi. Chunki, o‘zimizning joyda bo‘lsa ham mayli edi, Zarbdor tumaniga borib o‘qituvchi bu ishni qilolmaydi. Ayting, undan ko‘ra 10 ming deysizmi, 15 ming deysizmi pulini qilib beraylik. Mardikorlar bor. Lekin o‘qituvchini u yerga olib bora olmayman” dedi. Zalda bittasi “2500dan yig‘aylik” dedi. Bittasi “Yaqindagina o‘zi tez yurar poyezd devoriga deb 3000 dan o‘qituvchi boshiga yiqqanmiz. Juda bir o‘qituvchilar ham dod-voy bo‘ladi” dedi. Oxiri kimdir 1000 so‘m¸ dedi. Mudirga jon kirib ketdida “Bo‘ladi. Har bir maktab o‘qituvchi boshiga 1000 so‘mdan yig‘ib bersin. Buni faqat boshqa yoq eshitmasin. Hech kimga bildirmanglar. Janjal bo‘lmasin” dedi, deydi Dilorom Jabborova.

Bitmay qolgan uylarga ham o‘qituvchi ko‘magi kerak

Muallimaga ko‘ra, qishloq joylardagi uy-joylar qurilishi ham bitmay qolsa, o‘qituvchi unga pul o‘tkazishga majbur:

- Ana endi ikkinchi bir misol. Bankka vklad qo‘yasizlar, deydi. “Har bir maktab 100 mingdan majburiy vklad qo‘yasan” dedi. Baribir majburlashgandan keyin mening bir o‘qituvchimdan oldik 100 ming pul plastigidan. Uni pul qildik 16 foizga va 84 mingni vkladga qo‘ydik. Qishloq maktablarinikining hammasini ariza yozdirib, uy-joy qurilishiga o‘tkazib yuborishdi.

Ozodlik: Bu uy-joy qurilishi kimga endi u?

- Har bir tumanlar o‘zlari uy-joy qurayaptiku ijaraga berishga. Ana shunaqa uy-joy qurilishiga o‘sha qurilish to‘xtab qolgan. Unga pul yetmagan. O‘tgan yil 100 mingdan yig‘ib, rayonoda Shodmonqulov Sobirjon ishlar edi, o‘sha “Xalq ta‘limi bitta uyni olishi kerak” degan qanaqadir gap bo‘ldida 100 mingdan maktablardan yig‘ib, o‘sha Shodmonqulov Sobirjonning nomiga uy qurilishiga o‘tkazib yuborildi, deydi sobiq direktor.

Dilorom Jabborova ishlayotgan 25-maktab qishda gaz bilan isitiladi. Biroq, barcha maktablarga tonnasi 139 ming so‘m turadigan bir yarim tonnadan ko‘mirga pul o‘tkazishga majbur qilingan.

Majburiy “fidoyilik”

Dilorom Jabborovaga ko‘ra, agar yo‘qsillar dohiysi Lenin tirik bo‘lganda, g‘allaorollik o‘qituvchilarning bu “fidoyi”ligidan juda mamnun bo‘lgan bo‘lardi. Zero, har oyda o‘qituvchilarning bir kunlik maoshi shanbalik hisobiga majburan o‘tkaziladi, biroq bu pullar qayerga ketayotgani hech kimga ma‘lum emas:

- Har oyda majburiy shanbalik o‘tkaziladi. Odatiy tusga aylangan. Bechora o‘qituvchilar ham ko‘nikib ketgan. Lekin bular qancha-qancha pul bo‘ladiku. Ular qayerga sarflanadi? Shanbalikda bir kunlik ish maoshi har oyda olib qolinadi. Har oyda bor bizda. Nazarimda shu bu yil 13-14ta, chunki avgust oyida ikkita o‘tkaziladida, ikki kunlik o‘tkaziladi, lekin uni majburiy o‘tkazmasangiz, joni holatingizga qo‘yilmaydi, deydi Dilorom Jabborova.

Avgust oyida esa mustaqillik bayrami arafasidagi obodonchilik ishlari uchun ham direktor javobgar, deydi sobiq direktor, maktab direktorlarining mahalliy hokimiyatning maktabdan tashqari buyruqlarini so‘zsiz bajarishga majbur ekanligini qistirib o‘tar ekan:

- Hamamizga joy bo‘lib berilgan, odamlarning uylariga borib ko‘cha devorlarni oqlatishim kerak, agar oqlamasa o‘zim odam yollab oqlatishim kerak, deydi Dilorom Jabborova.

Maktab direktori – “pillakor” va “g‘allakor”

Ozodlik bilan suhbatdosh bo‘lgan barcha sobiq direktorlar mahalliy hokimiyat direktorlar ustidan bevosita xo‘jayin bo‘lib olganligi va qishloq xo‘jalik ishlarida ularni joylarga “upolnomochenniy”, ya‘ni hokimiyat vakili qilib tayinlanishini aytdilar.

Sobiq direktor Dilorom Jabborova direktorlarning maktabdan tashqari bajarishi shart bo‘lgan ishlarini o‘z misolida sanab o‘tadi:

Direktorlar hozir qariyb dehqonning o‘zi bo‘lib qolgan, bahorda dehqon tashvishi boshlanishi bilan maktab direktorining yuragiga ham g‘ulu oralaydi, deydi Dilorom Jabborova.

- Bahorga chiqqan vaqtimiz bizlar pilla bajarish uchun fermerga biriktirilamizda, azob yeb to o‘sha fermer oxirigacha, svotka topshirguncha uning orqasidan yuramiz. Masalan¸ fermerning uyiga boraman. Aniqlayman¸ qaysi joylarda boqayapti. Boqqan joyiga boraman. Nima kamchilik, kirib ko‘raman, ahvoli qanday, necha kunlik, necha soatlik, nima yetishayapti, nima yetishmayapti o‘shani kelib kechqurun hokimiyatga svotka beraman, deydi Dilorom Jabborova.

Pillaning ortidan g‘allaning tashvishi chiqadi, deydi sobiq direktor:

- Men ayol kishiman. Upolnomochenniylik qo‘limdan kelmaydida. Lekin majburman. O‘sha g‘allani, haligi odamning uyini topaman, qayerda g‘allasi ekilgan g‘allasining boshiga boraman, necha kilo topshirdi, qanday bo‘lgan holati, uni yana svotka qilaman. Ertasi kuni borib yana yalinaman¸ g‘allani bajarishimiz kerak yo hokimning oldiga yuring, hokimiyatga yuring, xullas kalom bir oy iyul oyi yana g‘allada yurdik, deydi Dilorom Jabborova.

O‘qituvchi gazchi va svyetchi ham

Dilorom Jabborovaga ko‘ra, maktab direktorlari yoz oylarida ta‘til degan narsani bilmaydi:

- Ana endi o‘qituvchilar bilan 30 mingdan gazga majburiy yig‘¸ deb buyruq kelgan. Bu narsani o‘qituvchilarga aytishlik nihoyat og‘ir. Chunki ularning funksiyasiga kirmaydigan ish bu. Lekin o‘qituvchilarga boyagiday tushuntiraman “Siz bilan biz ziyoli inson. Gazoviklarning bir g‘irromligi bordirki, siz bilan meni haqqoniy inson deb qo‘ygan” deb aytaman. Ular yo‘q demaydi, uyma-uy yuradi. “Bor, darsingni bersang bo‘lmaydimi” degan gaplarni eshitadida bular. Ba‘zida ular odamlardan haqorat eshitganligi uchun yoki jonidan o‘tib ketganidan bormaydida, garchi gaz, svyetdan qarz bo‘lmasa ham cho‘ntagidan to‘lab yuborishga majbur bo‘ladi. Hokimiyatga xuddi shu kerak. Chunki planga qo‘shimcha to‘lov bo‘ladida. Paxta terimi mavsumida esa o‘zingizdan qolar gap yo‘q, deb so‘ziga xotima qiladi Dilorom Jabborova.

O‘qituvchi va direktorlar “fidoyi” bo‘lishi kerak

Jizzax viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasidan ishdan bo‘shatilgan maktab direktorlarining iddaolariga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi, boshliq o‘rnida yo‘q ekan.

G‘allarol tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri G‘ofir Norqulov maktab direktorlarining ishdan bo‘shatilishi qonuniy asosda amalga oshirilganini aytar ekan, direktorlarning maktabdan tashqari ishlarini “fidoyilik” deb atadi:

- Ishdan bo‘shatganimiz yo‘q. Ular nafaqada bo‘lganda. Men ham yaqinda bo‘lganman, lekin uch oy oldin ogohlantirish xati berilgan pensionerlarning hammasiga boshqarma tomonidan. Uni men bo‘shatgan emasman. Boshqarmadan chiqadi buyruq. Menda ular hammasi nafaqadada. Bir xili 60dan oshib ketgan erkaklar, ayollar 55 dan oshib 60 ga borib qolgan.

G‘allarol tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri G‘ofir Norqulov ishdan bo‘shatilgan direktorlarning o‘qituvchiga bolalarga bilim va tarbiya berishdan boshqa hamma qora ishlar yuklatilgani va ularning hokimiyat yugurdaklariga aylantirilganini inkor etmadi¸ faqat buni ko‘ngilli ravishda qilinayotgan fidoyilik¸ deb baholadi.

- Unga men hech narsa demayman. Butun respublika bo‘yicha fidoyi guruhlar tuzilgan. Fidoyi guruhlar bular o‘zlarining xohishi bilan ko‘rsatkichlarni aniqlab beradi¸ dedi bir kunda 13 maktab direktori ishdan bo‘shatilgan tuman rasmiysi.

G‘allarol tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri G‘ofir Norqulov bilan suhbat davomida Ozodlik muxbiri ishdan olingan direktorlar tilga olgan aksar masalalarga munosabat so‘radi. Ammo ularga berilgan yoki berilmagan javoblarni suhbatning oxiri bilan tahrirsiz tanishib¸ o‘zingiz anglab olishingiz mumkin:

Ozodlik: Masalan, siz “Zeromaksning Zarbdorda yeri bor. O‘shanga borish kerak chopiqqa” deb 10-11 avgustda o‘zingiz aytgan ekansizku direktorlarga.

- Yo‘q, u ....

Ozodlik: Sizga kim buyruq bergan?

- Viloyatdan buyruq bo‘lgan.

Ozodlik: Hokimiyatdanmi, boshqarmadanmi?

- U yerda yer berilganda, hammaga berilganda. Hamma tashkilotga bergan. yordam qilganmiz.

Ozodlik: O‘qituvchining vazifasi maktabda ishlash, dars berish emasmi? Chopiqqa nima aloqasi bor?

- Ha, shunday. Endi u chopiqqa borgani ham yo‘q o‘zi o‘qituvchilar.

Ozodlik: Mana o‘zingiz vijdonan gapiring. O‘qituvchi hozir hokimiyatning dastyoriga, mardikoriga aylanib qolmadimi?

- Shuni keyinroq gaplashaylik. Hozir bu yerda yig‘ilish bor edi. Men shunga kirmoqchi bo‘layapmanda, dedi G‘allarol tuman Xalq ta‘limi bo‘limi boshlig‘i G‘ofir Norqulov.

Biz G‘ofir Norqulov bilan qayta bog‘landik va yodimizdan ko‘tarilgan bitta savolni berdik:

Ozodlik: Siz o‘zingiz ham pensiya yoshida ekansiz, nega sizni ishdan bo‘shatishmadi?

- Keyin gaplashaylik, men hozir bandman...

Bu savolimiz ham javobsiz qoldi.
XS
SM
MD
LG