Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 19:07

Shavkat Mirziyoyevga yaqin davlat maslahatchisi ishdan olindi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2003 yil dekabr oyidan buyon bu lavozimni egallab kelmoqda va Ravshan Muhitdinov unga yaqin amaldorlardan biri ekani aytilmoqda.
O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2003 yil dekabr oyidan buyon bu lavozimni egallab kelmoqda va Ravshan Muhitdinov unga yaqin amaldorlardan biri ekani aytilmoqda.
Prezidentning huquq-tartibot idoralari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Muhitdinovning ishdan olinish sababi noma‘lum.

O‘zbekiston prezidentining huquq-tartibot idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinovning 21 senyabr kuni prezident farmoni bilan o‘z lavozimidan bo‘shatilgani aytilmoqda.

Bu haqda hukumatdagi o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatgan Uzmetronom saytiga ko‘ra, Ravshan Muhitdinov Toshkent viloyati prokurori lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

Ravshan Muhitdinov prezidentning davlat maslahatchisi lavzomiga 2011 yilning iyun oyida tayinlangan edi.

Unga qadar Muhitdinov 2007-2011 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimida ishlagan.

Xabarlarga ko‘ra, aynan Ravshan Muhitdinov O‘zbekistonda xususiy notariuslarning yopilishiga olib kelgan "Notariat to‘g‘risida"gi qonun tashabbuschisidir.

Uzmetronomning yozishicha, 1963 yilda Toshkentda tug‘ilgan Ravshan Muhitdinov Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga yaqin amaldorlardan biridir.

Hozirgi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi bo‘lgan kezda, ya‘ni 2000-2005 yillar oralig‘ida Ravshan Muhitdinov Jizzax viloyati prokurori bo‘lib ishlagan.

O‘zbekistondagi hukumat idoralarida yuz berayotgan kadrlar almashinuvi jarayonidan yaxshi xabardor bo‘lgan va ismi oshkor etilmasligini so‘ragan sobiq mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, Ravshan Muhitdinov egallab turgan lavozim o‘ta muhim edi va bu amaldorning ishdan olinishi juda muhim kadr almashinuvidir.

- Bu kishining ushbu lavozimdan olinishi, albatta, mukofot emas. Ammo, agar u kishi Toshkent viloyati prokurori lavozimiga tavsiya qilingani rost bo‘lsa, demak bu odamni ma‘lum darajada boshqa rangga o‘tkazish tavsiya qilingan bo‘lishi mumkin. Chunki Toshkent viloyati prokurorligi juda katta lavozim va bu prokurorga 24 ta advokat bo‘ysunadi, deydi suhbatdoshimiz.

Sobiq mulozimga ko‘ra, Ravshan Muhitdinovning Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga yaqinligi bor va bular Jizzax viloyatida birga ishlagan kezda yaxshi chiqishgan.

- Men Jizzaxdagi juda ko‘pchilikni bilaman. Ravshan Muhitdinov haqida juda yaxshi fikrda. Bu kishi Toshkentga qaytganidan so‘ng esa O‘zbekiston Bosh prokuraturasining soliq jinoyatlarini nazorat qiladigan departamenti boshlig‘i bo‘lgan. Boshqacha aytilsa, hamma iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan amaldorlarning ishi shu kishining qo‘lidan o‘tgan. Bu juda katta armiyasi bo‘lgan departament edi. U yerda yaxshi ishladi va keyin Adliya vazirligiga o‘tgan edi, deydi sobiq mulozim.

Ravshan Muhitdinov Adliya vaziri lavozimida ishlagan 4 yil ham qisqa muddat emas, deb hisoblagan suhbatdoshimizga ko‘ra, prezidentning aynan kuch ishlatar tuzilmalar bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimini egallashi bilan bu amaldorga katta ishonch bildirilgan edi.

Endilikda bu lavozimdan olinishi Muhitdinovni quvvatlab kelgan Bosh vazir Mirziyoyevga qarshi tashlangan qadam, deya bildirilayotgan fikrlarga javoban sobiq mulozim “bo‘lishi mumkin”, deb javob berdi.

- Shavkat Mirziyoyev, shubhasiz, juda katta figura. Nufuziyam juda katta. Bu kishi mana qariyb 9 yildan beri Bosh vazir lavozimida o‘tiribdi. O‘zbekiston tarixida bunga qadar uch shaxs 10 yildan ortiq Sovminni boshqargan. Ya‘ni, O‘zbekiston SSR Ministrlar sovyetining raisi, deyilardi avval va bu lavozimda Fayzulla Xo‘jayev, Normuhammad Jo‘rayev, Rahmonqul Qurbonovlar 10 yildan oshiq o‘tirgan va mana endi Mirziyoyev bularning safida to‘rtinchi bosh vazir bo‘lishi mumkin, deydi suhbatdoshimiz.

Ravshan Muhitdinovning ishdan olinishi Bosh vazirga qarshi qaratilgan harakatmi yoki yo‘qmi, bunga yanayam aniq bahoni davlat maslahatchiligiga kim kelishi bilan berish mumkin, deb hisoblamoqda sobiq mulozim.

- Agar Milliy xavfsizlik xizmatidan odam kelsa, demak Mirziyoyevga qarshi ish¸ deyishimiz mumkin. Chunki, MXX tuzilmasi Bosh vazirni xush ko‘rmaydi. Agar IIV dan kelsa, u holda bu Bosh vazirimizga qarshi harakat emas, deb taxmin qilish mumkin.

Ammo, boshqa bir e‘tiborli jihat ham bor. Rashvan Muhitdinov egallagan davlat maslahatchisiga mas‘ul kuch ishlatar tuzilmalar safida eng nufuzlisi Mudofaa vazirligi edi. Ko‘chadagi uzun-quloq gaplarga qaraganda, hozir shu vazirlikdayam kattagina o‘pirilishlar bo‘layotganmish. Balki, bu kishining ishdan olinishi, umuman, boshqa sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Xullas, yaqin orada haq gap yuzaga chiqib qoladi, deydi O‘zbekistondagi hukumat idoralarida yuz berayotgan kadrlar almashinuvi jarayonidan yaxshi xabardor bo‘lgan va o‘z ismii oshkor etilmasligini so‘ragan sobiq mulozimlardan biri.

Uzmetronomning yozishicha, ayni paytda Ravshan Muhitdinov bo‘shatgan davlat maslahatchisi lavozimi bo‘sh qolmoqda.
XS
SM
MD
LG