Линклар

AQSh Kongressi O‘zbekistonga yordam ko‘rsatishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilgani aytilmoqda. O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatining ayanchliligi bois o‘rnatilgan cheklovlarni olib tashlash masalasi chorshanba kuni ko‘rib chiqilishi lozim edi.

Eurasianet.org saytining AQSh senatidagi manbaga tayanib ma‘lum qilishicha, kongress vakillari Vashingtonning O‘zebkistonga harbiy yordam ko‘rsatishi uchun yo‘l ochib beradigan qarorini ma‘qullagan.

Ayni paytda, payshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida AQSh Harbiy floti kotibi Rey Mebus boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani xabar qilinmoqda. Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga tayanib, Regnem agentligi tarqatgan xabarni Toshkentdagi AQSh elchixonasi tasdiqlaganicha yo‘q. Ma‘lum bo‘lishicha, uchrashuvda AQSh elchisi Jorj Kroll ham ishtirok etgan.

AQSh harbiy mulozimining Toshkentga tashrifi Kongressda O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyati bilan bog‘liq cheklovlarning bekor qilinishi paytga to‘g‘ri kelgani e‘tiborlidir.

Mazkur cheklovlar AQSh Kongressi tomonidan 2004 yilda, O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyati ayanchli ahvolda bo‘lgani bois joriy qilingan edi. Yaqinda prezident Barak Obama ma‘muriyati Afg‘onistonga yuklarni tranzit qilishda ko‘maklashayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlikni oshirish imkonini yaratish uchun cheklovlarni bekor qilishni so‘ragan edi.

Ayni paytda Nyu Yorkdan olingan xabarlarga ko‘ra, BMT Bosh assambleyasida qatnashayotgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri El‘yor G‘aniyevning AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton bilan kutilgan uchrashuvi bekor qilingan. Eurasianet.org saytiga ko‘ra, bunga AQSh Davlat departamentining O‘zbekistonni diniy erkinliklarni cheklayotgan davlatlar qatoriga qo‘shgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG