Линклар

Moskvaga muhojirning bolasi kerak emas


Moskva maktablarida rus tilini bilmaydigan muhojir bolalarining ko‘paygani ham hukumat¸ ham mahalliy ota-onalar xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Moskva maktablarida rus tilini bilmaydigan muhojir bolalarining ko‘paygani ham hukumat¸ ham mahalliy ota-onalar xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Rossiya senatorlari mehnat muhojirlarining o‘z oilasini mamlakatga olib kelishini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqish niyatida.

“Rossiyaga faqat mehnat muhojirlari kerak, lekin ularning farzandlari emas!” Rossiya Federatsiya Kengashining ayrim senatorlari muhokamaga ko‘tarib chiqqan masalani sodda qilib shunday deyish mumkin.

Senatorlar muhojirlar farzandlari bilan bog‘liq vaziyat o‘ta ayanchli ahvolda ekanligi ta‘kidlab, ayniqsa¸ bu masala Moskva shahrida dolzarb ekanligiga jamoatchilik e‘tiborini qaratdilar.

Federatsiya Kengashi raisining Federatsiya masalalari va mintaqaviy siyosat bo‘yicha muovini samaralik Vasiliy Parfyonov bu g‘oya tashabbuskorlaridan biri.

- Mehnat muhojirlarining Rossiyaga kelishidan asosiy maqsad ish, maosh ekanligini unutmaylik. Lekin ular negadir o‘zlari bilan ko‘p sonli qarindoshlariyu bola-chaqalarini olib kelib, bu yerda sanoqsiz muammolarni yuzaga keltirmoqda. Menimcha, xorijlik ishchining oilasi o‘z yurtida qolishi zarur, migrantlar yarim yilda bir uyga borib kelishi va ishlab topgan pullarini u yerga jo‘natib turishi zarur, dedi senator Vasiliy Parfyonov.

Jurnalistlarga berilgan ma‘lumotlarda Rossiya poytaxtining ayrim o‘rta maktablarida “kelgindilar” soni 70 foizni tashkil etayotgani ko‘rsatilgan.

Rossiya Federal migratsiya xizmatining Migrantlar integratsiyasiga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Tatyana Bajan deputatlarning fikrlarini ma‘qullagan holda quyidagi raqamlarni keltiradi.

- Markaziy osiyoliklarning endilikda 20 foizi emas, balki 36 foizi umuman rus tilini bilmaydi. Moskva shahar Ta‘lim departamenti e‘lon qilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Moskva maktablarida taxminan 70 ming migrantlar farzandi tahsil olmoqda. Ular orasida rus tilini biladiganlari juda ham ko‘p emas. Moskvaning 68 maktabida rus tilidan qiynalayotgan bolalar uchun qo‘shimcha darslar joriy qilindi. Qizig‘i, yuqorida aytilgan 70 ming talabadan bor-yo‘g‘i 417 tasigina qo‘shimcha darslarga qatnayapti, deydi Tatyana Bajan.

Poytaxt maktablarida muhojir farzandlari sonining keskin oshib borishi, albatta, ko‘plab mahalliy o‘quvchilar ota-onalari noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Moskvalik Yelena Paramonicheva 13 yoshli qizi o‘qiyotgan maktabda “begona” bolalar soni ko‘payayotganidan xavotirda.

- Qizim o‘qiyotgan sinfda 27 kishidan yettitasi mahalliy emas. Albatta, boshqa onalar va men ham bunga salbiy munosabatdamiz, chunki bolalarning yashash tarzi, madaniyati va mentalitetida jiddiy farq mavjud. Hatto men, moskvalik bo‘la turib, Moskvada o‘zimni noqulay his etaman, farzandim xavfsizligi uchun qo‘rqaman. Biz, moskvaliklar yo‘q bo‘lib ketdik, aralashib ketdik. Ikkinchidan¸ men sobiq Ittifoq respublikalarida bo‘layotgan voqealarga salbiy munosabatda ekanimni ham bildiraman. Chunki tushunaman – u yerdagi hukumat olib borayotgan, aniqrog‘i, olib bora olmayotgan siyosat tufayli bu odamlar o‘z yurtlarini tashlab kelib qolgan. Ularning madaniyati o‘zlarida yaxshidir, lekin u madaniyatni bu yerga olib kelishga qarshiman, deydi Ozodlik bilan suhbatda moskvalik Yelena Paramonicheva.

Ayni paytda bu aël muhojir bolalar orasida juda irodali, aqlli va tirishqoq bolalar ko‘pligini ham e‘tirof etishini aytadi.

Moskva Ochiq Ta‘lim Institutining YuNESKO qoshidagi “Xalqaro ta‘lim va migrantlar farzandlarining maktabdagi integratsiyasi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Yuriy Goryachyov ba‘zi deputatlarning bu tashabbusini samarasiz deb ataydi:

- Bunday g‘oya mavjud bo‘lsa, unda uning kelajagi yo‘q, deb hisoblayman, chunki taraqqiyot nafaqat Rossiya, balki boshqa rivojlangan davlatlar allaqachon kuchga kirgan “Mehnat muhojirlari va ularning oila a‘zolari to‘g‘risida” Konvyensiyasini imzolashlarini taqozo etmoqda. Hozircha uni faqat migrantlarni yetkazib beruvchi mamlakatlar imzolagan, xolos. Rossiyada hozircha qonun tomonidan faqat yuqori malakali mutaxassislarning oilalalari himoya ostiga olingan. Bunday vaziyatning yuzaga kelishi¸ birinchi navbatda¸ tegishli qonun-qoidalar joriy etilmaganida, deb bilaman. Migrantlar farzandlariga bu yerga kirib kelishini taqiqlash tashabbuschilari poyezddan oldin chang ko‘tarmoqda: prezidentimizga yaqinda yangi Migratsiya siyosati loyihasi taqdim etiladi. Ana shu Migratsiya siyosatida bu masalalar ham inobatga olingan. Rosssiya mehnat muhojirlarisiz yashay olmasligini hamma tushunib yetdi, demak qonunlar nafaqat ishchi, balki so‘zsiz¸ uning oila a‘zolarini ham himoyalashi zarur, dedi gumanitar fakultet dekani Yuriy Goryachev.

Moskva Ta‘lim departamenti keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya poytaxti o‘rta maktablarida 750 mingta talaba bor, ulardan 70 mingi – mehnat muhojirlari farzandlaridir.

Rossiya Prezidenti qoshidagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Pavyel Astaxov migrantlar farzandlariga rus tili va rus madaniyatini o‘rganish uchun alohida boshlang‘ich maktablar tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Biroq hozircha Moskva hukumati bu tashabbusga biror-bir munosabat bildirganicha yo‘q.

Migrantlar farzandlari masalasida jamoatchilikda ko‘tarilgan to‘s-to‘polonda eng asosiysi – bosh qahramonning bu masalaga doir fikrini so‘rash hech kimning xayoliga kelayotgani yo‘q.

Yuqori lavozimli hukumat a‘zolariyu jamoatchilik vakillari fikrlaridan farqli o‘laroq, Moskvada yashayotgan bir guruh o‘zbek bolalari o‘zgacha fikrga ega.

O‘shlik 12 yashar Mashhura rus tilini bilmasligi sabablarini shunday tushuntiradi.

- Men unchalik bilmayman rus tilini. Odam yo‘q-da bizni o‘rgatadigan. O‘rislar bilan o‘ynaylik¸ desak kulishyapti ustimizdan “Voy, bilishmaydi ruschani bular!”, deb. Biz faqat to‘rttovimiz o‘ynaymiz – ikkita bola¸ ikkita qiz, faqat o‘zbeklar-da. Unchalik lekin zerikmayapmiz. Menga oldingi yashash joyimiz yoqardi, bu yer umuman yoqmadi, men bu yerda yig‘layvyerdim, ketaman deb. O‘zimizni uyimiz yaxshi, Qirg‘iziston. Men bu yerdan ketib qolgim kelyapti, deydi “moskvalik” bo‘la olmayotgan Mashhura.
XS
SM
MD
LG