Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:09

O‘zbekiston hukumati paxta boykotini pisand qilmayotir


2011 yilning sentabr oyiga kelib o‘zbek paxtasini boykot qilgan G‘arb shirkatlari soni 60 dan oshdi.
2011 yilning sentabr oyiga kelib o‘zbek paxtasini boykot qilgan G‘arb shirkatlari soni 60 dan oshdi.
Ozodlik gaplashgan Toshkent mutasaddisiga ko‘ra¸ o‘zbek paxtasiga xaridorlar Osiyoning o‘zidayoq keragidan ko‘p.

O‘zbekistondagi tola sotish tijorati o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotdan zarar ko‘rmaydi.

Bu fikrni Ozodlik muxbiriga bildirgan O‘zbekiston Paxta sanoati mulozimi¸ oktabr oyida Toshkentda o‘tadigan Xalqaro paxta yarmarkasiga kelayotgan xaridorlarning ishtahasining boykotga qaramay karnay ekanini ta‘kidladi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani sotib olish ilinjida 300 shirkat 13 oktabrdagi paxta yarmarkasida ishtirok etish uchun ariza bergan.

"Bu shirkatlarning aksariyati Bangladesh¸ Xitoy¸ Hindiston va Pokistondan kelgan"¸ deydi suhbatdosh.

- Masalan¸ birgina Pokistonning o‘ziga joriy yilning avgustiga qadar bir million toy paxta tolasi yetkazib berdik¸ deb qo‘shib o‘tdi Toshkent mulozimi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Pokistonga katta miqdorda paxta sotish haqida ayni davlat Bosh vaziri Yusuf Rizo G‘iloniyning O‘zbekistonga safari chog‘i kelishilgan.

Pokistondagi suv toshqinlari oqibatida mahalliy hosilning nobud bo‘lishi¸ Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ O‘zbekistondan yanada ko‘proq paxta sotib olish ehtijini tug‘dirgan.

O‘zbekiston Paxta sanoati vazirligi mulozimiga ko‘ra¸ sotilayotgan paxtaning hammasi uchun Pokiston shirkatlari oldindan 80 foiz pul to‘langan.

"Paxta tolasi O‘zbekistondagi 22 ta maxsus paxta terminali orqali eksport qilinadi. To‘rtta paxta ombori doxil bu terminallardan birvarakayiga yarim million tonnagacha paxta saqlanadi"¸ deydi tola sotish bo‘yicha davlat mulozimi.

Paxta qullari-xlopkorablar

1987 yilda o‘zbek dalalarini kezgan rus jurnalisti Aleksandr Minkin matbuot lug‘atiga "xlopkarab" degan kalimani kiritgan edi.

Paxta quliga aylantirgan o‘zbek bolakayning rus gazetasidagi surati Sovyet Ittifoqi afkor ommasini junbushga keltirgan bo‘lsa¸ oradan 20 yil o‘tib "O‘zbekistondagi bolalar mehnati" degan kalima G‘arb shirkatlarini hurkituvchi qizil lattaga do‘ndi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta bolalarning majburiy mehnati hosilasi ekanligini aytgan 60 dan ortiq G‘arb shirkati o‘zbek paxtasidan foydalanishdan voz kechdi.

Bu shirkatlar orasida Burberry¸ Levi¸ H&M, Adidas va Puma kabi taniqli brendlar bor.

O‘zbekistondagi paxta sanoati mulozimi bu shirkatlarsiz ham o‘zbek tolasi xaridorgir ekanini ta‘kidlay turib¸ "O‘zbek paxtasi sifatli. Biz paxtani sifati haqida sertifikat beramiz"¸ deb qo‘shib qo‘ydi.

Misr va dunyoning boshqa hududlarida yetishtirilgan paxtani sotish uchun¸ mahalliy shirkatlar toylar ustiga "Bu paxtaga majburiy bolalar mehnati aralashmagan"¸ degan sertifikat yopishtiradi va keyinchalik bu paxtadan kiyik-kechak tikkan G‘arb shirkatlari ham o‘z moliga shu muhrni bosadi. O‘zbekiston Paxta sanoati vazirligi mulozimi xalqaro boykotni to‘xtatish uchun shunday kafolat berish istiqboliga nisbatan:

- Bunaqa sertifikat bera olmaymiz¸biz faqat tola sifati uchun mas‘ulmiz¸ deya gapni qisqa qildi.

O‘zbekston paxta dalalaridagi majburiy bolalar mehnatiga qarshi izchil kurash qilayotgan “Anti-Slavery International”(Qullikka qarshi xalqaro guruh) va “SOAS” tashkilotlarining 2010 yilgi hisobiga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi paxta mavsumida har yili 2 milllionga yaqin bola majburan paxta teradi.

Imtiyozdan mahrumlik istiqboli

Davlat tarafidan “bolalar qulligi” joriy qilingan O‘zbekiston paxta sanoati mutlaq boykot qilinishi kerak¸ degan “Anti-Slavery International” tashabbusini Yevroparlamentning 16 deputati ma‘qulladi.

Bu deputatlar o‘zbek paxtasi savdosi uchun Yevropada imtiyoz yaratgan (GSP)dasturidan O‘zbekistonni chiqarib tashlash g‘oyasini ilgari surishmoqda.

(GSP) «Umumiy preferent tizimi» Yevropa Ittifoqi tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiga ko‘maklashish maqsadida 1971 yil qabul qilingan bo‘lib, bu dastur rivojlanayotgan davlatlarda yetishtirilgan xom-ashyo va tovarlarning Yevropada imtiyozli savdosini ta‘minlaydi.

O‘zbekiston paxtasi shu paytgacha Yevropada ana shu imtiyoz asosida sotib kelinmoqda.

Ammo keyingi ikki yildan beri xalqaro maydonda kuch yig‘ib borayotgan boykot bois¸ Bremendagi paxta birjasida o‘zbek paxtasi sotilmayapti.

Ayni paytda bu boykotning ma‘naviy –siyosiy natijalarini o‘zbek mulozimlari ham inkor qilmaydi.

Shu bois paxta yarmarkasi oldidan paxta paykallarida favqulloda holat joriy qilingan.

Paxta dalasidagi bolalar davlat siri sifatida maxfiy tutilishiga alohida e‘tibor qaratilgan.

O‘zbekiston dunyoda paxta ishlab chiqaradigan uchinchi eksportyor respublika, dunyo bozoriga 800 ming tonna paxta chiqarib, yiliga bir milliard AQSh dollari atrofida foyda ko‘radi.

Bu foydaning asosan boshqaruv elitasi hamyonida g‘arq bo‘layotgani iddao qilinadi.
XS
SM
MD
LG