Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:58

Jasliqda "Axborot" ko‘rmoqchi bo‘lgan mahbus ham jazolanmoqda


Qamoqxona ichkarisidagi qiynoqlar haqida¸ mahbuslar yaqinlari va sobiq tutqunlar orqali daraklar yetib kelmoqda.
Qamoqxona ichkarisidagi qiynoqlar haqida¸ mahbuslar yaqinlari va sobiq tutqunlar orqali daraklar yetib kelmoqda.
Huquq faollariga ko‘ra¸ rejim qamoqdagi dindorlarni nima qilib bo‘lsa-da¸ ozodlikka chiqarmoqchi emas.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston konstitutsion tuzumiga tajovuzda ayblanib, Jasliqda jazo muddatini o‘tayotgan 40 nafar mahkum yaqinda vahshiylarcha qiynoqqa solingan.

Qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblanib, kaltaklangan mahbuslardan biri¸ guruhning bildirishicha¸ 2000 yilda 12 yilga qamalgan Alijon Halimovdir.

Tutqunning rafiqasi Komila Halimovaning aytishicha, erini Jasliq qamoqxonasida qo‘li va oyog‘i kishanlangan holda ikki kun davomida shiftga osib qo‘yishgan va tayoqlar bilan yelkalariga urishgan.

Faqat tundagina uni shiftdan olishgan va shu kishanlar bilan karovotiga zanjirband qilishgan.

-O‘shandan buyon hanuz uning biqinlari va yelkasi og‘riydi, egila olmaydigan bo‘lib qolgan, deydi iyul oyida Jasliq qamoqxonasida turmush o‘rtog‘ini ko‘rib qaytgan Komila Halimova.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovning aytishicha, mahkumlar qamoqxona ma‘muriyatidan koloniyaga gazetalar keltirilishini yoki ozroq bo‘lsa ham “Axborot” dasturini tomosha qilish imkonini yaratishni so‘ragan, lekin ularning iltimosi qondirilmay, tartibni buzishda ayblashgan.

- Ataylabdan qamoqxona tartibini buzdi¸ deb turib, ularni qamoqxonada uzoqroq qoldirish yoki yo‘q qilib yuborish bu yerda maqsad. Bularning ko‘pchiligi qamoqdan chiqishi yaqinlashib qolgan mahbuslar, deydi Sur‘at Ikromov.

Alijon Halimovning yaqinlari uning 12 yillik jazoni o‘tab, kelasi yil mart oyida qamoqdan chiqishini kutishmoqda. Ikki farzandning otasi bo‘lgan 38 yashar Halimov Toshkentdagi 1999 yil 16 fevral portlashlariga aloqadorlik aybi bilan qamalgan. Ammo qamoqxona ichki tartibini buzganlik uchun jazolangan mahbusga yangi jazo muddati qo‘shilgani taxmin qilinmoqda.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, chiqish muddati yaqinlashgan mahbuslarni uydirma ayb bilan qamoqda yana qoldirish hollari keyingi oylar ichi ko‘payib bormoqda.

- Bularning soni ko‘p bo‘lgani uchun, ular qamoqdan chiqsa qasdini olish uchun qandaydir kurashni boshlarmish, qamoqdan chiqqanidan so‘ng militsiya, prokuratura xodimlaridan o‘ch olishi mumkin, degan gumonlar ham bor. Shuning uchun ularni chiqarish niyati yo‘q. Iloji boricha ularni qamoqda saqlab qolish maqsad, deydi Surat Ikromov.

O‘zbekiston qamoqxonalari mahbuslarga noinsoniy, shafqatsiz muomala tufayli dunyoga tanilgan davlatdir.

Bir necha yil mobaynida BMT qarshisida ayni masala yuzasidan hisobot bergan O‘zbekiston rasmiylari qiynoqlarni bartaraf etish, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash maqsadida ko‘p ishlar amalga oshirilgani haqida gapirganlar.

Ammo inson huquqlari faollari va qator xalqaro tashkilotlar vaziyatning hamon o‘zgarishsiz qolayotganini aytib kelishadi.
XS
SM
MD
LG