Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:32

MXX: O‘zbekiston islomiy harakati tanazzulda


Tohir Yo‘ldosh o‘limidan so‘ng O‘IH ga uning kuyovi Usmon Odil bosh bo‘lgan.
Tohir Yo‘ldosh o‘limidan so‘ng O‘IH ga uning kuyovi Usmon Odil bosh bo‘lgan.
Tohir Yo‘ldosh o‘limidan so‘ng bu harakat ham boshqaruv¸ ham moliyaviy jihatdan inqirozga yuz tutgan¸ deydi o‘zbekistonlik ayrim tahlilchilar.

CentralAsiaOnline internet nashri O‘zbekiston islomiy harakatida kuchli liderlar yo‘qligi bois¸ harakat o‘lgan terrorchilar murojaatlaridan foydalanayotganini ma‘lum qildi.

Markaziy Osiyodagi xavfsizlik muammolari bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassis Marat Sherbutovning CentralAsiaOnline nashriga aytishicha, O‘IH lideri Tohir Yo‘ldosh 2009 yil avgustida amalga oshirilgan raketa hujumi oqibatida o‘lganidan keyin harakatga boshchilik qila oladigan shaxs topilmay, “vakuum” holati paydo bo‘lgan.

Yangi “amir” etib tayinlangan Usmon Odil esa Tohir Yo‘ldosh kabi yetakchilik qobiliyatiga ega emas¸ deb ta‘kidlaydi o‘zbekistonlik tahlilchi..

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi bo‘limi tahlilchisi D.Rasul aytganiga asoslanib internet nashrining yana bildirishicha, O‘zbekiston islomiy harakatining yangi rahbarlari hech qanday salohiyatga ega emas.

Shu bois so‘nggi bir yil davomida O‘IH o‘z ichida kichik guruhlarga bo‘linib ketgan.

Ayni paytda, arab terrorchilarining O‘IHga moliyaviy yordam ko‘rsatishi to‘xtagan.

Tohir Yo‘ldosh AQShning Pokistondagi harbiy amaliyotlari chog‘ida 2009 yil sentabrida o‘ldirilgan edi.
Xorij bilan aloqasi bo‘lmagan Usmon Odilning harakat a‘zolari ichida mavqei va ta‘siri yo‘q va bunday vaziyat shu kungacha davom etib kelmoqda¸ deb ta‘kidlaydi O‘zbekiston MXX si eksperti.

Shunga yaqin fikrlarni Ozodlikka pokistonlik jurnalist¸ O‘IH haqidagi kitoblar muallifi Ahmad Rashid ham bildirgan edi. Ahmad Rashid O‘IH bugun yagona tashkilot, deb ko‘rilmasligi lozim¸ zotan u boshqa janggari guruhlar bilan qorishib ketgan va oldiga qo‘ygan maqsadlari ham kattaroqdir¸ degan fikrda.

- Aftidan bir nechta xodisa ro‘y berdi. Birinchidan O‘IH bir necha guruhga bo‘linib ketdi. Hozirda mintaqada O‘IHdan ajralib chiqqan bir nechta guruh, jumladan Islomiy Jihod Ittifoqi va Markaziy Osiyo Toliblari kabi guruhlar harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Bu guruhlar nega ajrab chiqqanini aniq aytish qiyin, lekin buni Al-Qoida mazkur guruhlarni nazorat qilish maqsadida tashkil qilganini taxmin qilish mumkin, deydi jurnalist.

O‘IH yoki unga aloqador guruhlar O‘zbekiston yoki horijda ro‘y bergan bir nechta hujumlarda ayblandi.

Shu yilning yozida O‘IH o‘z yetakchisi Tohir Yo‘ldosh o‘tgan yili AQSh amalga oshirgan havo hujumida o‘ldirilganini tan oldi. Uning o‘rniga kuyovi Usmon Odil harakat yetakchisi, etib tayinlangani aytildi, biroq harakat uzoq vaqt Tohir Yo‘ldosh o‘limini tan olmasdan¸ uning eski audiobayonotlarini yangi sana bilan e‘lon qilishni davom ettirib keldi.

Ham O‘zbekiston¸ ham xalqaro maydonda Al-Qoida tarmog‘iga aloqador terror guruhlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston islomiy harakati safida qancha a‘zo borligiga oid aniq ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG