Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:23

Chechenistonga Muhammad payg‘ambarning kosasi keltirildi


Chechen prezidenti payg‘ambarning kosasini aeroportdan shaxsan o‘zi Grozniy Jome masjidiga olib keldi.
Chechen prezidenti payg‘ambarning kosasini aeroportdan shaxsan o‘zi Grozniy Jome masjidiga olib keldi.
Chechen prezidentining va‘da qilishicha¸ yaqin kelajakda bu kosani istagan odam borib ko‘rishi mumkin.

21 sentabr kuni Checheniston poytaxti Grozniy aeroportiga maxsus aviareys bilan kelib qo‘ngan samolyotda Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) ishlatgan idish keltirildi.

Maxsus qutiga solingan kosani uchoqdan Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning o‘zi olib chiqdi va usti ochiq mashinada Ahmad hoji Qodirov Jome masjidiga olib bordi, deydi Ozodlik Radiosiga Checheniston Musulmonlar diniy boshqarmasi raisi muovini Musa Dadayev.

- Kosani Londondan tadbirkor Ruslan Baysarov kuzatib keldi, aeroportda esa uni Ramzan Qodirovning o‘zi qabul qilib oldi. Bu kosa hozir Sentorroyda - Qodirovning ota yurtida, deb eshitdik. U endi toabad Chechenistonda qoladi, Mavludning 12 kuniga olib chiqib musulmonlarga ko‘rsatiladi, undan xohlagan musulmon suv ichadi – Ramzan Qodirov shunday dedi. Uning keyingi taqdiri hozircha noma‘lum, jamoatchilki va rahbarlarimiz bu masalani muhokama qilmoqdalar, balkim muzeyga o‘xshash joy maxsus ochiladi, dedi Checheniston Musulmonlar diniy boshqarmasi rasmiysi Musa Dadayev.

Uning guvohligicha, Payg‘ambarning (s.a.v.) kosalarini olib kelayotgan avtomobil kortejini Grozniy ko‘chalari bo‘ylab bir necha kilometrga tizilgan minglab chechenistonliklar qarshi oldi. “Ko‘plarining ko‘zlarida yosh edi”, deydi oqsoqol Musa Dadayev.

Bu noyob buyumning o‘tmishi va kelgusi tarixini, bu voqeaning musulmonlar uchun qanchalik ahamiyatli ekanini Checheniston Prezidenti matbuot kotibi Alvi Karimov gapirib berdi.

- Rossiya hududiga birinchi marotaba Payg‘ambar (s.a.v.) ishlatgan buyum keltirildi va bu fakt hech qachon va hech kim tomonidan inkor etilmagan. Ya‘ni u kishi bu idishdan haqiqatan yeganlar,ichganlar. Payg‘ambarimiz vafot etganlaridan keyin uni amakivachchalari Ali ibn Abutolib saqlaganlar. Undan keyin kosa qizlari Fotima va u kishining o‘g‘illari Hasan va Husanga tekkan. Shu tariqa kosa Payg‘ambarimiz avlodlari tomonidan qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan. Vahhobiylar bosimi ostida Makkayu Madinadan chiqib ketgan avlod vakillari uni Londonga olib chiqqan, deydi Alvi Karimov.

Chechen Prezidenti matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, 1400 yillik bu kosadan tashqari Grozniyga Payg‘ambar qabrlariga yopinchiq sifatida ishlatilgan yana ikkita qadimiy gilam ham keltirilgan.

Jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Alvi Karimov bu hodisani “buyumga bo‘lgan sig‘inish sifatida emas, balki shu buyumni ishlatgan buyuk zotga bo‘lgan hurmat sifatida” talqin etishni so‘radi.

- Ayrim jurnalistlar mendan “Bu buyumlarning narxi qancha?”, deb so‘radi. Bular bebaho! Na milliard, na trillion dollar turadi ular! Eng asosiysi, istagan rossiyalik istagan vaqtida Checheniston Respublikasiga kelib¸ bu narsalarni ko‘rib ketishi mumkin. Bu idish 14 asr davomida odamlar tomonidan saqlab kelindi. Biz, oddiy musulmonlar, shunday nodir narsalarning bizga keltirilganidan juda xursandmiz, dedi Alvi Karimov.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu idish Angliyada shaxsiy kolleksiyalardan birida saqlanib kelingan va Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.)ga tegishli bo‘lgan sanoqli buyumlardan biri hisobga kiradi.

Buyumlarni Chechenistonga olib kelishda chechenistonlik tadbirkor (mashhur rossiyalik qo‘shiqchi Kristina Orbakaytening sobiq eri) Ruslan Baysarovning hissasi kattaligini Grozniy Jome masjidiga yig‘ilganlar oldida Prezident Ramzan Qodirov ma‘lum qildi.

“Xalqimiz va barcha Rossiya musulmonlariga qilgan bebaho sovg‘a uchun unga katta rahmat aytamiz”, dedi Ramzan Qodirov.

Ayrim matbuot xabarlariga ko‘ra, bu kosaga Saudiya Arabistoni va Iordaniya egalik qilish niyatida bo‘lgan¸ lekin Payg‘ambar avlodlari uni Chechenistonga topshirgan.

Payg‘ambar (s.a.v.)ga tegishli kosadan tashqari Rossiyada xalifa Usmon ibn Affon (r.a.)ning qoni sahifalariga to‘kilgani aytilayotgan Qur‘onning asl nusxasi (xalifa Usmon mushafi) ham bo‘lgan.

1868 yilda Samarqandni istilo qilgan general fon Kaufman tomonidan musodara etilib Sankt-Peterburgdagi imperatorlik jamoat kutubxonasiga topshirilgan bu muqaddas kitob 1923 yilda maxsus poyezdda Toshkentga qaytarib keltirilgan va 1989 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirilgan.
XS
SM
MD
LG