Линклар

AQSh O‘zbekistonga harbiy yordamni tikladi


AQSh harbiylari o‘zbekistonlik askarlarga qurolli mashg‘ulot o‘tkazmoqda.

AQSh harbiylari o‘zbekistonlik askarlarga qurolli mashg‘ulot o‘tkazmoqda.

AQSh Kongressi inson haqlarining muttasil yomonlashgani bois 2004 yilda to‘xtatib qo‘yilgan bu yordamni qayta tiklashga qaror qildi.

AQSh Kongressi O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatish uchun qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatining ayanchliligi bois AQSh Kongressi 2004 yil oxirida bu mamlakatga¸ vaziyatda yaxshilanish bo‘lgunga qadar¸ har qanday harbiy-xavfsizlik yordami berishni taqiqlagan edi.

Eurasianet.org saytining AQSh Senatidagi manbaga tayanib ma‘lum qilishicha, Kongress vakillari Obama ma‘muriyatining kuchli bosimi va O‘zbekistonga qilingan ro‘yxati uzun safarlardan so‘ng¸ Karimov hukumatiga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga ruxsat bergan.

Obama ma‘muriyati¸ Pokiston bilan munosabatlar tobora sovuqlashib borayotgan bir paytda Afg‘onistondagi o‘z qo‘shinlari ta‘minotida O‘zbekiston qosh-qovog‘iga qaram bo‘lib bormoqda. Boltiq dengizi portlaridan boshlanadigan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i temir yo‘llari Afg‘onistonga Termiz orqali kiradi va O‘zbekiston hukumati ra‘yiga qaramaslik¸ kuzatuvchilar fikricha¸ bu tarmoqda AQSh uchun jiddiy muammolar yuzaga chiqarishi¸ hatto bu tarmoqni butkul yo‘qqa chiqarishi mumkin. (O‘z bayonotlaridan birida¸ Islom Karimov Afg‘onistonga eltuvchi yo‘llar¸ aylanib ham¸ o‘rgulib ham¸ Termizdan o‘tishini ochiq pisanda qilgan edi.)

Boz ustiga¸ 2012 yil sentabriga qadar Afg‘onistondagi o‘z qo‘shinlarining 33 mingini olib chiqishni rejalayotgan Vashington askarlarini vatanga qaytarish uchun yana bexavotir tranzit koridoriga muhtoj. Ana shu reja ijrosida o‘ta muhim bo‘g‘inga aylangan O‘zbekiston hukumati¸ bu boradagi hamkorlik uchun¸ AQSh dan inson huquqlarining ayanchli vaziyati bois o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilishni talab qilgan va 21 sentabr kuni bu talabi Kongress qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan.

Oq uy harbiy yordamga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash so‘rovini Kongressga oshirgani xabari chiqishi bilan G‘arbdagi o‘nga yaqin inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi guruh vakillari mazkur so‘rov yuzasidan qaror chiqarish vakolatiga ega qo‘mitaga qo‘shma maktub bilan murojaat qilgan edi.

“Bu maktubni yozishdan maqsadimiz O‘zbekiston rasmiylari fuqarolik jamiyati faollari¸ mustaqil jurnalistlar va siyosiy muxoliflarining ovozini bo‘g‘ishni davom ettirayotgan; so‘z va din erkinligini keskin cheklayotgan va bolalarni keng ko‘lamda majburiy mehnatga zo‘rlayotgan bir paytda AQSh soliq to‘lovchilari pulining O‘zbekiston hukumatiga harbiy yoxud xavfsizlik yordami sifatida berilishiga o‘z noroziligimizni bildirishdir”¸ deyilgan edi bu xatda.

Ammo bunday norozilikka qaramay¸ Kongress qo‘mitasi Obama¸ aniqrog‘i Karimov ma‘muriyati so‘rovini qondirishga qaror qildi – bundan buyog‘iga O‘zbekistondagi inson huquqlarining muttasil buzilishi¸ xususan AQSh Davlat departamentining o‘zi ta‘kidlab turgan kabi¸ din erkinligi oyoq osti qilinayotganiga qaramay¸ O‘zbekiston harbiy-xavfsizlik kuchlari AQShdan ochiqchasiga beminnat yordam olishni davom ettiradilar.

Bu qarorni sharhlayotgan ayrim tahlilchilar¸ Afg‘onistondagi vaziyat tobora yomonlashib¸ Vashingtonning bu urushdagi asosiy ittifoqchisi Pokiston bilan aloqalari tobora taranglashib borayotgan bir paytda¸ Obama ma‘muriyati Karimov rejimi bilan harbiy hamkorlikka tayanishga majbur¸ deyishmoqda.

Ammo Obama ma‘muriyatining Afg‘oniston borasida tang ahvolda qolganini e‘tirof etgan holda¸ Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi tahlilchisi Endryu Shtrolayn¸ Vashingtonda bunday uyatli qadamga bormaslik iloji bor edi¸ degan fikrda.

- O‘zbekistonga o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilishning nima uchun zarur bo‘lib qolganini tushuna olmayapman. Axir Karimov va uning atrofidagilar allaqachon Shimoliy ta‘minot tarmog‘idan ham iqtisodiy¸ ham siyosiy manfaat ko‘rib kelayotgan ediku! Toshkent bu cheklovni olib tashlashni qattiq turib talab qilgandir¸ ammo vashingtondagilar bu talabga yon bermasa ham¸ Karimov rejimini Shimoliy ta‘minot tarmog‘i yo‘lini yopib qo‘ymas edi.

Taxminlarga ko‘ra¸ AQSh yuklari ta‘minoti uchun to‘lanayotgan yuzlab million dollardan bevosita Karimov oilasi va uning atrofidagilar foyda ko‘rmoqda va bu daromad manbaini saqlab qolishdan Amerikadan ko‘ra ham Karimov rejimi manfaatdor axir¸ deydi Shtrolayn Ozodlik bilan suhbatda.

“Inson huquqlari vaziyati kun sayin yomonlashib borayotgan¸ mamlakat aholisining kattagina¸ asosan ma‘rifatli va malakali qismi qashshoqlikdan qochib xorijga ketib bo‘lgan¸ qolganlarining ahvoli esa¸ tobora yomonlashib borayotgan O‘zbekistonga vaziyat yaxshilandi¸ deb harbiy yordam berishni davom ettirish¸ oddiy qilib aytganda¸ uyat ish”¸ deb davom etadi mustaqil tahlilchi.

AQSh Kongressi O‘zbekiston rejimiga harbiy yordamni tiklashga qaror qilgan ayni kuni BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlagan prezident Barak Obama¸ o‘z ma‘muriyati mustabid rejimlardan ezilgan va ezilayotgan xalqlar tarafida ekanini baralla e‘lon qildi. Bu bayonotni “yana bir chiroyli¸ ammo ichi po‘kak gap” deb baholagan Shtrolayn¸ Vashington o‘z manfaatiga mos kelgan joyda mazlumlar tarafiga o‘tishi¸ manfaat talab qilganda esa¸ zolimlar bilan hamkor bo‘lishini ta‘kidlaydi.

- Vashington o‘z manfaatlariga xizmat qilmaydigan vaziyatda mazlumlar tarafida ekaniga oid balandparvoz bayonotini tezgina unutishini ko‘p ko‘rganmiz. O‘zbekiston rejimining dunyodagi eng mustabidlardan ekani bugun hech kimga¸ jumladan vashingtondagilarga ham sir emas. Dunyoda Karimov rejimining tinch yo‘l bilan demokratik yo‘lga o‘tishini bashorat qilayotgan tahlilchi deyarli qolmadi. Rejimning bunaqa o‘zgarishga mutlaq yo‘l bermasligi va mamlakatda zo‘ravonliklar yuz berish ehtimoli oshib borayotgani kundek ravshan. O‘zbekistonda taloto‘plar boshlanar ekan¸ birinchi galda¸ vashingtondagilar asrab-avaylayotgan Afg‘oniston uchun tranzit yo‘li o‘z-o‘zidan bekiladi.

Ikkinchidan¸ agar o‘zbeklar rejimga qarshi ko‘chaga chiqar ekan¸ buning ehtimoli ham oshib bormoqda¸ Karimovning AQSh bergan harbiy aslahalar bilan ezilgan xalqini qirmasligiga kafolat yo‘q. Bunday ssenariy amalga ko‘chguday bo‘lsa¸ bu Vashington uchun endi shunchaki uyat emas¸ balki dahshatli sharmandalik bo‘ladi¸ deydi Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi tahlilchisi Endryu Shtrolayn.

AQSh hukumati 90-yillar ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo¸ xususan O‘zbekistonga to‘rt yo‘nalishda harbiy yordam berib kelgan. Mazkur yordam dasturi asosida O‘zbekiston hukumati o‘z qurolli kuchlari uchun millionlab dollarlik “texnik yordam” olgan¸ o‘z qurolli kuchlari treyningi uchun yana millionlab dollarlik ko‘mak olgan¸ millionlab dollarlik patrul mashinalari¸ kemalari va ular uchun ehtiyot qismlar olgan.

Ayrim manbalarga ko‘ra¸ 2005 yilda Andijonda qurolsiz namoyishchilarga o‘t ochganlar aynan AQSh va NATO bergan harbiy yordam hisobiga qurollanib¸ ular puli evaziga mashqini oshirgan qurollilar bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG