Линклар

Dunyoning yetti mo‘jizalaridan farqli o‘laroq, o‘zbekistonliklar sakkiz mo‘jizani aniqlashdi.

O‘zbekistondagi uforum ishtirokchilari bir necha oy davomida O‘zbekiston mo‘jizalariga ovoz berishdi. Ushbu so‘rovnomani uyushtirganlardan biri toshkentlik bloger Yevgeniy Sklyarevskiy bir necha oy davom etgan muhokamani eslaydi:


Samarqanddagi Registon maydoni.

- Dastlab foydalanuvchilar "O‘zbekiston mo‘jizasi" deya hisoblash mumkin bo‘lgan inshootni ko‘rsatish imkoniyatiga ega edi. Eng avvalo "mo‘jiza" deya nimani yoki kimni nazarda tutishni aniqladik. Odamlarmi, inshootlarmi? Shundan so‘ng inshootlar va O‘zbekistonning tabiat mo‘jizalarini nomzod qilib ko‘rsatdik. Shunga ko‘ra, biz 7 mo‘‘jizani emas, balki O‘zbekistonning sakkiz mo‘jizasini aniqladik, - deydi toshkentlik bloger Yevgeniy Sklyarevskiy.

Buxorodagi Ark.

Uforum so‘rovnomasiga ko‘ra, mo‘jiza deb atalishga loyiq 41ta ob‘ekt qo‘yildi. Ular orasida tarixiy obidalar, tabiat mo‘jizalari, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi asrda barpo etilgan inshootlar bor edi. So‘rovnoma yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda quyidagi mo‘jizalar aniqlandi: Samarqanddagi Ulug‘bek observatoriyasi, Samarqanddagi Registon maydoni, Xivadagi Ichanqal‘a, Chorvoq va Chorvoq GESi, Buxorodagi Ark kompleksi, Toshkent metrosi, Katta Farg‘ona kanali, Toshkentning zilziladan so‘ng tiklanishi.

Xivadagi Ichanqal‘a.

- Dunyoning yetti mo‘jizasini aniqlash g‘oyasi bor edi. Undan so‘ng ko‘pchilik zamonaviy yetti mo‘jizani aniqlashga kirishgan edi. Rossiyada hatto sayt qilib, ovoz berib, Rossiyaning yetti mo‘jizasi aniqlangan edi. Biz ham O‘zbekistonning yetti mo‘jizasini tor guruhda aniqlashni niyat qildik. O‘zbekiston miqyosida bunday so‘rov hali o‘tkazilmagan, - deydi so‘rovnomada faol ishtirok etgan bloger.

Suhbatdoshimiz tor doirada o‘tkazilgan so‘rov natijalari O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilganda ham o‘zgarmaydi, degan fikrda.

Toshkent metropoliteni ham mo‘jizalar qatoridan joy oldi.

- So‘rovni 10 barobar ko‘p auditoriyada o‘tkazgan taqdirimizda ham natijaga u qadar ta‘sir o‘tkazmaydi. Baribir xuddi shu so‘rovnomada ishtirok etgan ob‘ektlar qoladi. Balki, ketma-ketligi o‘zgarar, ammo bu nomzodlar ushbu so‘rovnomadan tushmay qoladi, -deydi toshkentlik bloger.

Dunyoning mo‘jizalari dastavval Qadimiy Gresiyada paydo bo‘lgan. Uning tarkibida uch mo‘jiza bo‘lgan. Keyinchalik bu ro‘yxat yetti mo‘jizaga ko‘paygan. Ular orasida Misrdagi Xeops piramidalari, Semiramida bog‘lari, Olimpiyadagi Zevs haykali, Efesdagi Artemida xarami, Galikarnasdagi mavzoley, Aleksandriya mayoqi va Rodoss kolosi bor.
XS
SM
MD
LG