Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:05

Qirg‘izistonda saylov poygasi boshlandi


Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 25 sentabrgacha prezidentlikka nomzod sifatida 20 kishini ro‘yxatga oldi.

Shu tariqa o‘zini o‘zi ko‘rsatgan nomzodlardan Qubatbek Baybo‘lov, Marat Sultanov, Roman O‘mo‘rov, O‘murbek Suvanaliyev, Qurmanbek O‘smo‘nov, Almambet Matubraimov, Marat Imanqulov, Qubanichbek Isabekov, Aqilbek Japarov, Jumabek To‘qto‘g‘aziyev, So‘o‘ro‘nbay Diyqanov, Almaz Karimovlar, siyosiy partiyalardan nomzodi ko‘rsatilganlardan esa Qamchibek Tashiyev (Ata-Jurt), Adaxan Madumarov (Butun Qirg‘iziston), Temirbek Asanbekov (Meken Intimag‘i), Anarbek Qalmatov (Ar-Namis), Shamshibek Medetbekov (El biyligi), Ishaq Masaliyev (Qirg‘iziston kommunistlari partiyasi), Arstanbek Abdildayev (El uchun), Almazbek Atambayev (Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi) 29 oktabrgacha o‘z foydasiga saylov tashviqotini yuritish huquqini qo‘lga kiritdilar.

100 000 so‘m (2200 AQSh dollaridan ko‘proq) miqdorida saylov garov puli qo‘ygan, o‘z nomzodini qo‘llaydigan 30 ming saylovchining imzosini to‘plagan va Til komissiyasi (qirg‘iz tili) imtihonidan o‘tgan bu nomzodlarning 35 kun ichida saylovoldi tashviqoti uchun sarflaydigan puli 50 million so‘mdan (1,11 million AQSh dollaridan ko‘proq) oshmasligi kerak.

Dastavval Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasiga prezidentlikka nomzod sifatida 83 kishi hujjat topshirgandi. Ulardan 63 nafari turli sabablarga ko‘ra saylovdan chetlatildi. Masalan, Qirg‘izistonning parlament respublikasiga aylanishidagi islohotlar boshida turgan O‘murbek Tekebayev kuni kecha o‘z nomzodini olib tashlanishini so‘rab MSKga murojaat qilgan.

Kecha nomzodi olib tashlangan “ErK” partiyasi lideri Tursunbay Bakir uulu, “Asaba” partiyasi lideri Salmo‘o‘rbek Diyqanov va vaqtincha ishsiz To‘ro‘bay Ko‘lubayevning saylovchilardan yetarlicha imzo yig‘olmagani iddao qilinmoqda.

- Bular yiqqan imzo 30 mingga yetmay qoldi. Norozi bo‘lganlar sudga murojaat qilib, o‘sha yerda masalasini hal qilib olishlari mumkin, - dedi Markaziy saylov komissiyasi a‘zosi Jarqin Bapanova.

Ammo avvalgi saylovlarda ham bir necha marta prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Tursunbay Bakir uulu o‘zining saylovdan chetlatilishini siyosiy buyurtma sifatida baholamoqda.

- Aqayev, Bakiyev davrida ulardan keyin eng ko‘p imzo yiqqan odam men bo‘lganman. O‘sha paytlarda 200-300 mingdan ko‘proq imzo topshirgandim. Shu sababli imzo yig‘ishda tajribam bor. MSK chiqargan qaror siyosiy buyurtma bo‘lgan. Chunki men va Salmo‘o‘r Diyqanov 22 sentabr kuni davlat tili bo‘yicha imtihondan o‘tganmiz. Agar imzo yig‘ish paytida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, u holda Nariman Tuleyev, To‘qtayim Umetaliyeva kabi imtihonga kirgizilmasligimiz kerak edi. Endilikda men MSK qarori bo‘yicha sudga murojaat qilaman. Ikkinchidan, joy-joylarda odamlar “bosh ko‘taramiz” deyapti, men ularni to‘xtatmayman, - dedi Tursunbay Bakir uulu Ozodlik radiosining qirg‘iz sho‘‘basiga bergan intervyusida.

Agar saylov poygasidan chetlatilgan shaxslarning MSK qaroriga qarshi da‘volari qondirilsa, nomzodlar ro‘yxati yana uzayishi mumkin.

Qirg‘izistonning 2010 yilda qabul qilingan konstitutsiyasiga muvofiq, bu mamlakatda prezident 6 yilga saylanadi. Yangi qomusda “bir shaxs ikki marta prezident bo‘lib saylanishi mumkin emas”ligi belgilab qo‘yilgan.

Prezidentlik lavozimiga xorijiy davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan, 35 yoshdan kichik va 70 yoshdan katta bo‘lmagan, davlat tilini biladigan va respublika hududida 15 yildan kam yashamagan Qirg‘iziston fuqarosi saylanishi mumkin.
XS
SM
MD
LG