Линклар

BMTdagi chiqishida E.G‘aniyev bir yil o‘tib ham jinoyat buyurtmachilari jazolanmaganidan afsus bildirdi.

- Qonli hodisalardan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Lekin shu kungacha o‘sha jinoyatni sodir etgan kuchlar va konkret shaxslar, jinoyat tashkilotchilari, buyurtmachilari hamda ijrochilariga nisbatan na siyosiy va na yuridik hukmlar chiqarildi. Tergov oxirigacha olib borilmas va jinoyatchilar munosib jazoga tortilmas ekan, o‘zbek va qirg‘iz jamoalari o‘rtasida o‘zaro ishonchni tiklash qiyin bo‘ladi,- dedi Elyor G‘aniyev.

O‘z nutqida o‘zbek diplomati shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb bo‘lgan boshqa masalalar, jumladan, Afg‘oniston urushi, Qirg‘izistonda ro‘y bergan voqealar, mintaqadagi suv zahiralaridan foydalanish bilan bog‘liq mojaro va boshqa masalalarga to‘xtaldi.

Afg‘oniston masalasiga to‘xtalgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bu muammoni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini ta‘kidladi.

- Bizningcha, afg‘on halqi o‘z mamlakati muammosini o‘zlari hal qilishi kerak,- dedi o‘zbek diplomati.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri mintaqadagi suv zahiralaridan foydalanish bilan bog‘liq mojaroga to‘xtalar ekan, Amudaryo va Sirdaryo yuqori qismida ulkan gidroinshootlar qurilishining xatarli oqibatlari haqida ogohlantirdi.

- Transchegaraviy daryolar oqimidan foydalanishda bu daryolar o‘zanida joylashgan barcha mamlakatlar manfaati e‘tiborga olinishi kerak,- dedi Elyor G‘aniyev.

G‘aniyev O‘zbekiston ichki masalalari haqida gapirar ekan, jahon moliyaviy bo‘hroniga qaramasdan, mamlakat iqtisodi izchil o‘sishda davom etayotganini ta‘kidladi.

- Mustaqilligining 20 yili mobaynida O‘zbekiston iqtisodi 3,5 barobar, aholi yalpi daromadi esa 20 barobar oshdi, jahon moliyaviy bo‘xronining salbiy ta‘siriga qaramay, ichki yalpi mahsulotdagi o‘sish so‘nggi besh yil davomida o‘rtacha 8,5 foizni tashkil etdi va erishilgan bu o‘sish joriy saqlanib qolishi kutilmoqda,- dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

G‘aniyev, shuningdek, o‘z chiqishida demokratlashtirish sohasida ham mamlakatda yutuqlarga erishilganini aytib o‘tdi.

- Mamlakatimizda jamiyatni demokratlashtirish borasida islohotlar tadrijiy va hech qachon ortga qaytmaydigan, izchil tus olmoqda,- dedi Elyor G‘aniyev.

O‘zbekiston rasmiysi o‘z mamlakati rivojlanayotgani haqida gapirar ekan, hukumat ta‘lim masalalariga alohida e‘tibor qaratayotgani, har yili mamlakat byudjetining tahminan 60 foizi ta‘lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa ijtimoiy sohalarga sarflanayotganini qayd etdi.

Biroq mamlakat viloyatlarida o‘quv yurtlari yopilib, talaba va o‘quvchilar ommaviy tarzda paxta dalalariga haydalgani janob G‘aniyev nutqida aks etmadi.

Mahalliy va xalqaro iqtisodchilar O‘zbekiston rasmiylari berayotgan ma‘lumotlarni shubha ostiga olib keladi.

AQShdagi inson huquqlari guruhlari hamda O‘zbekiston xalq harakati faollari 28 sentabr kuni Vashingtonda O‘zbek-Amerika biznes forumi o‘tajak bino oldida norozilik namoyishini uyushtirishga tayyorlanmoqda.

- O‘zbek rasmiylari aytayotgan raqamlar to‘g‘ri bo‘lsa, millionlab o‘zbek muhojirlari Rossiya, Qozog‘istonda ish izlab, daydib yurmagan, oilasini bag‘rida o‘tirgan bo‘lar edi. Agar hukumat ta‘lim sohasiga e‘tibor qaratishni chindan ham istasa, bolajonlarni paxta dalalariga haydamagan bo‘lar edi,- deydi O‘zbekiston xalq harakatining AQSh bo‘yicha rahbari Islomiddin Dolimov.

Forum Amerika-O‘zbekiston Savdo ishlab chiqarish palatasi tomonidan tashkillashtirilib, unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning ishtirok etishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG