Линклар

logo-print
Atirauda hijobda yurgan tolibalardan o‘quv maskani ichiga ro‘molni yechib kirishni talab qilmoqdalar.

Bu haqda Ozodlikning qozoq sho‘‘basiga Atirau tibbiyot kolleji tolibalari ma‘lum qildilar.

- Ular hijob bilan o‘quv yurtining hatto yaqiniga yo‘lamaslikni talab qilmoqdalar. Onam o‘quv bo‘limi mudirasi bilan gaplashgani kelgandi. Mudira unga bu haqda muassasa nizomida yozilgani haqida aytibdi, ammo nizomning o‘zini ko‘rsatmabdi. Men “ichki tartib-qoidalarga rioya qilmayapmiz” deb aytolmayman: ichkarida oq xalat va qalpoqlarda yuramiz, - deydi Atirau tibbiyot kollejining 2-kurs tolibasi Gulfiya Bisengaliyeva.

A‘lochi tolibalardan bo‘lgan bu qiz sentabr oyidan boshlab undan “hammaga o‘xshab” kiyinish talab qilinayotganini aytadi.

- Vaxterimiz o‘qituvchilar topshirig‘i bilan hammaning ko‘z oldida meni ikki marta darsga qo‘ymadi. Men kollej darvozasi tashqarisida kiyimimni almashtirishga majbur bo‘ldim. Hozir-ku kun iliq, sovuq tushgan paytda qanday almashtiramiz kiyimimizni? – deydi Gulfiya.

Hijobli tolibalardan yana biri - Ayzada O‘ng‘arqizi mastura talabalar kiyim almashtirishdan bo‘yin tovlamayotganlarini, biroq bu ishni kollej ichida qilishga ruxsat so‘rayotganlarini ta‘kidlaydi.

O‘zining hech qanaqa diniy oqimlarga qo‘shilmagani va diniy ibodatlarini an‘anaviy Xanafiya mazhabiga muvofiq ravishda bajarayotganini ta‘kidlagan Gulfiya Bisengaliyevga ko‘ra, kollej rahbariyati mini-yubka kiygan qizlarga tanbeh berishni o‘ylayotgani ham yo‘q, hijobli qizlarni esa maxsus xizmatlar bilan qo‘rqitmoqdalar.

- Kollej rahbariyati bizni ro‘yxatga olib, bu ro‘yxatni Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga topshirish va ular bizni tekshirishlari bilan qo‘rqitayaptilar. Men “tekshirsa, tekshiravyersin” deb o‘ylayapman. Men hech qanaqa tartibbuzarlik bilan shug‘ullanmayapman, faqat o‘qiyapman va namozimni ado etayapman, - deydi Gulfiya.

Ayni paytda Atirau tibbiyot kolleji tolibalari sababsiz ta‘qib qilinayotganlari yuzasidan shahar prokuraturasiga murojaat qilishib, o‘zlarining hijobda yurish huquqi himoyalanishini so‘rashmoqchi.

Kollej o‘quv bo‘limi mudirasi Gulbaram Abdraxmanova esa rahbariyat bunday tadbirlarni amalga oshirishga majbur bo‘layotganini, bunga Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va prokuratura tomonidan o‘tkazilayotgani tekshiruvlar sabab ekanini aytadi.

- O‘tgan haftada biz to‘rt bolaning ro‘yxatini berdik. Ular namoz o‘qiydigan talabalar soni, ularning qachondan beri namoz o‘qishlari va bu talabalar bilan kimlar aloqa qilishi haqida ma‘lumotlarni so‘rashdi. Bungacha biz bolalari namoz o‘qiydigan ota-onalarning hammasini chaqirib, vaziyatni tushuntirdik, - deydi Gulbaram Abdraxmanova.

O‘quv bo‘limi mudirasi, agar talabalar oldiga qat‘iy talab qo‘yilmasa, kollejda Qur‘on o‘qiydigan yoshlar ko‘payib ketishi, ular boshqalarni ham dinga da‘vat qilishlari mumkinligidan pedagoglar cho‘chiyotganlarini qo‘shimcha qiladi.

- O‘quv yurtida tarbiyaning turli usullari qo‘llaniladi. Buni men pedagog sifatida aytayapman. Biz islomiy respublikada emas, demokratik davlatda yashaymiz. Ular Konstitutsiyani ro‘kach qilmoqdalar, ammo qomus mamlakat endigina mustaqillikka erishgan 1995 yilda yozilgan. Hozir “Xabar” telekanali orqali ko‘plab qonunlarga o‘zgartishlar kiritilishi haqida xabar qilinayapti, - deydi Gulbaram Abdraxmanova.

O‘quv bo‘limi mudirasi hijobli tolibalar o‘zlariga ish topishlari ham amrimahol ekanini aytadi.

- O‘tgan yili hijobli bitiruvchini ishga qabul qilmaganlariga o‘xshash misollar bor. Tibbiyot muassasalarining bosh shifokorlari bizni tolibalarga to‘g‘ri tarbiya bera olmaganlikda ayblayaptilar, - der ekan Gulbaram Abdraxmanova kollej rahbariyati qizlardan uydanoq “talab qilinganidek” kiyinib kelishni so‘rayotganini qo‘shimcha qildi.

“Demos” huquqni himoya qilish jamoatchilik tashkiloti rahbari To‘g‘jan Qizatova bu vaziyatni diskriminatsiya o‘laroq baholaydi:

- Hijobli qizlarning diniy qarashlari tufayli o‘quv yurtiga kirishini ta‘qiqlash bu qip-qizil diskriminatsiyadir. Tibbiyot kollejiga boshqa istalgan kiyimda kirish mumkin ekanu, faqat hijoblilar kirishi mumkin emas ekan. O‘quv yurti pedagoglari ular faqat boshqa haq-huquqlardangina emas, Konstitutsiya tomonidan kafolatlangan asosiy haqlardan biri bo‘lmish ta‘lim olish huquqdan mahrum qilmoqdalar, - deydi huquq faoli To‘g‘jan Qizatova.
XS
SM
MD
LG