Линклар

Muallif: Shuhrat Bobojon

24 sentabr kuni O‘zbekiston Xalq Harakatining Rossiya bo‘limi rahbari Fuad Rustamxo‘jayev Ivanovodagi uyi oldida otib ketildi. Qotillar taksida uning uyi oldigacha kelgan va Rustamxo‘jayev bilan o‘zbek tilida qattiq-qattiq so‘zlashishgan. So‘ngra esa u yerdan otishma ovozlari eshitilgan.

Fuad bilan bundan roppa-rosa bir yil oldin Istanbulda Muhammad Solihning uyida uchrashgan edim.

Xorazmdan keltirilgan avangard guruchga farg‘onacha osh qilgan edi rahmatlik.

Jurnalist kasbi odamni bepisand va skeptik qilib qo‘yadi. Ammo ilk suhbatdanoq Fuad Rustamxo‘jayev burgut kabi o‘tkir nigohi, zakiy tafakkuri bilan meni o‘ziga tortdi.

Fuad O‘zbekiston rejimiga qarshi tura oladigan keng qamrovli xalq harakatini Rossiyadagi mehnat migrantlari ichida shakllantirish kerak, degan fikrni o‘shanda aytgan edi.

Sal vaqt o‘tib O‘zbekiston Xalq Harakati tuzildi.

Berlindagi qurultoyni yoritish uchun yo‘lga chiqarkanman, qurultoy tashkilotchilariga qo‘ng‘iroq qildim.

Telefon go‘shagini Fuad ko‘tardi. Meni tanigach, oshig‘ich samimiyat bilan so‘rashdi.

Dadillik, o‘z maqsadiga erishishiga mutlaq ishongan odamning sobitlik bor edi rahmatlikning ovozida.

Berlin qurultoyi muxolifatga 20 yildan beri yopishgan xastaliklardan holi emas edi.

Asosiy masala qolib, minginchi darajadagi masalalarni yotib olib talashadiganlar qurultoyga ajratilgan vaqtni qurt kabi kemira boshlaganiga chiday olmagan Fuad g‘oz o‘rnidan turib majlis ahliga xitob qildi.

Majlis tugaganidan keyin Fuad Germaniya Bundestagi deputati Viola Kramer xonim bilan suhbatlashdi.

Ana shundan keyin Fuad bilan xayrlashdik.

Yo‘l yo‘lakay o‘zbek xalqi dunyoni hashorat kabi mardikorlar bilan emas, balki Fuad kabi mardi-maydonlar bilan to‘ldira boshlaganidan qanoat hissini tuyib mag‘rurlandim.

Hech bo‘lmasa bepoyon Rossiyada bitta Fuad borligining o‘zi ham hafsalasi doimo pir men kabi jurnalist uchun katta gap edi.

24 sentabr kuni Fuad Rustamxo‘jayevning otib o‘ldirilgani xabari yetib keldi.

Londondagi jurnalist do‘stim Fuadga ta‘rif berar ekan, rahmatlikda Abdulquddus Mirzayevning diniy ilmi va Alisher Soyipovning jasorati mujassam edi, deya ta‘kidladi.

Bu gaplarni yozayotganim 26 sentabr kuni Ivanovada asr nomozidan so‘ng Fuadning jasadi tuproqqa berildi.

Alisher Soyipov, Abdulquddus Mirzayev ortidan Fuad Rustamxo‘jayev ham baqo shahriga ketdi...

Biz tiriklarga esa bitmagan ish, g‘alabasini 20 yildan beri kutayotgan kurash jabhasi qoldi.
XS
SM
MD
LG