Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:26

Putin Rossiya prezidenti bo‘lsa xursand bo‘lasizmi?


Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev 24 sentabr kuni iqtidordagi "Yedinaya Rossiya" partiyasining yillik qurultoyida qilgan chiqishida bosh vazir Vladimir Putinni 2012 yil mart oyida o‘tkaziladigan prezident sayloviga nomzod deb ko‘rsatishni taklif qildi. Delegatlar Medvedevning taklifini bir ovozdan ma‘qulladi.

Bosh vazir Vladimir Putin qurultoyda ishtirok etayotgan 11 mingga yaqin delegatga minnatdorchilik bildirdi va Medvedev taklifini o‘zi uchun “ulkan sharaf”, deya qabul qildi.

Hafta savoli ruknining navbatdagi sonida “Putin Rossiya prezidenti bo‘lsa xursand bo‘lasizmi?” degan savolni qo‘ydik.


Iskandar Xudoyberganov, Demokratik tashabbuslar markazi rahbari:

- Yo‘q, menimcha Rossiya Putin davrida orqaga siljiyapti. Bu yaxshi natija bermaydi kelajakda. Men qandoq xursand bo‘laman agar demokratiya tislansa, agarda Rossiyada millatchilik avj olsa, bizlarga xavf tug‘dirilsa, men albatta xursand bo‘lishim mumkin emas.


Vyacheslav Oxunov, rassom:

- Bu meni xursand qilgani yo‘q. Rossiya rahbarlarining bunday siyosati hafsalamni pir qildi. Men hokimiyatni deyarli o‘z qo‘liga olgan Putin Qaddafiy kabi yakka o‘zi diktatorga aylandi deb o‘ylayman. U ham siyosiy ham iqtisodiy ma‘noda Rossiya taraqqiyotini ortga surmoqda. Putinning prezidentlikka nomzod bo‘lishi e‘lon qilinganidan keyin katta miqdordagi invyestitsiya Rossiyadan chiqib ketadi. 90-yillarga taqqoslaganda bu ulkan “regress”. Bu O‘zbekiston bilan bevosita bog‘liq. Chunki Putin hokimiyatdan mosuvo bo‘lishni xohlamagan diktator salohiyatni qanday qilib o‘z qo‘lda saqlab qolishi xususida namuna ko‘rsatmoqda.


O‘z ismini aytishni istamagn o‘zbekistonlik harbiy:

Endi Putin "gramotniy" odam. Hamma yoqni tushunadi o‘zi. Katta-katta joylarda ishlagan. Yaxshi bo‘lardi qayta. Lekin Medvedev ham yomon olib borayotgani yo‘q ishni. Men o‘ylayman, bu hammasi ijobiy hal bo‘ladi. Yaxshi bo‘ladi, lekin yomon bo‘lmaydi. Putining O‘zbekistonga munosabati boshqacha bilasizmi. O‘zbekistonni qandaydir o‘ziga yaqin ko‘radi. Bu gaplarni u (O‘zbekiston) prezident(i) bilan uchrashganda ham gapirgan bir necha marta.


Yelena Kim, O‘zbekneftegaz matbuot xizmati rahbari:

Avval saylovlar o‘tkazilsin, keyin ko‘ramiz.


Bek Toshmuhamedov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi:

Gap shundaki, aslida Vladimir Putin juda murakkab odam. Nima bo‘lganda ham u demokrat emas. Shuning uchun bu (prezidentlikka da‘vogar bo‘lishi) odamni xursand qilmaydi. Men Rossiyada hozircha Yevropadagi kabi haqiqiy demokratiya yo‘q deb o‘ylayman. Chunki hokimiyat Yelsindan Putinga, Putindan Medvedevga va Medvedevdan yana Putinga o‘tmoqda. Umuman olganda bu demokratik saylovlar emas. Yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida hozir shuni aytishim mumkin xolos.


Asadullo Holiqov, Sirdaryo navolari dastasi rahbari:

Biz xursand bo‘lamiz Putin (prezident) bo‘lsa. Putin Rossiyaga prezident bo‘lsa yaxshida. Biladiku hamma narsani. Oldindan tayyorlagan, o‘zi biladi. Juda ham yaxshi bo‘ladi. O‘zbekiston bilan juda yaxshi bo‘lgan, aloqalarni juda tiklagan. Bizga do‘st odamda. O‘zbekistonga do‘st odam. O‘zbekistonga qanchalik do‘st bo‘lsa, biz ham shunchalik qo‘llab-quvvatlaymiz. Madaniy aloqlalar bundan ham zo‘r bo‘ladi. Hozir ham yaxshi.


Bahodir Musayev, mustaqil sotsiolog:

Men Putinning hokimiyatga qaytishini bir paytlar Anna Politkovskaya yozganidek “Putinning Rossiyasi” deb baxolayman. Bu so‘zlarda hammasi mujassam. Politkovskaya Putin yuritayotgan siyosat va Rossiyada nimalar qilayotgani to‘g‘risida haqiqatni aytgani uchun o‘ldirilgan deb o‘ylayman. Putin haqida yana nima ham deyish mumkin?


O‘zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi vakili:

Siyosat bilan shug‘ullanmaymiz aka biz. Jamoatchilik tashkiloti bo‘lsa bu. Ekologiya masalalariku bizlarni qiziqtiradigan. Bizlarni umuman siyosat qiziqtirmaydi. Bizlarni faqat ekologik masalalar qiziqtiradi.


Safar Bekjon, yozuvchi, Xalqaro PEN klubi a‘zosi:

Yo‘q, hech xursand emasman. Chunki Putin olib borgan siyosati Rossiya xalqi uchun balki manfaatli bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo atrofdagi xalqlar uchun zararli. Putin iqtidorga kelgandan beri bir necha urushlar kelib chiqdi. Bir necha davlatlarda davlat to‘ntarishlari bo‘ldi. Bu atrofdagi butun xalqlar uchun zararli. Hatto o‘zining xalqini milliyatlashtirish ya‘ni rus shovinizmi kuchayib ketishiga sabab bo‘layapti va shovinistik tashkilotlarni ta‘qib qilayotgani yo‘q, ularni to‘xtatib qolayotgani yo‘q. Aksincha ularga moddiy va siyosiy yordam berib unaqa tashkilotlarni Rossiyada doimiy ravishda boshqa millatlarga qarshi faoliyat ko‘rsatish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayapti. Putin yana bir marta kelib Rossiya dunyo iqtisodida olg‘a ketadigan bo‘lsa, juda ko‘p katta xatoliklar, insoniy jabr-zulmlarga olib kelishi mumkin.


Albina Ahmadjonova, Rossiya bilan hamkorlik qiladigan shirkat menejeri.

Ha, u (Vladimir Putin) shaxs va inson sifatida menga yoqadi. Men uni kuchli shaxs deb bilaman. Xolbuki Dmitriy Medvedev ham undan kam emas. Ammo u o‘zini yetarlicha ko‘rsata olmadi. Balki unga vaqt yetmagandir. Balki boshqa sabablar bordir. Agar men rossiyalik bo‘lganimda va oldimda tanlov bo‘lganida men Putinga ovoz bergan bo‘lardim.


Dilorom Is‘hoqova, Birdamlik harakati a‘zosi:

Yo‘q, Putin menga prezident bo‘lganda ham yoqmasdi, Bosh vazir bo‘lganda ham qilgan ishlari umuman yoqmaydi. Men Putinni nima uchundir juda yovuz inson deb bilaman. Shuning uchun albatta men xursand emasman Rossiyada yashamasam ham. Putin (iqtidorga) kelishining O‘zbekistonga albatta ta‘siri bor. Putin Rossiyada diktaturani borgan sari kuchaytirib boradi. Putin demokratiyadan yiroq, inson huquqlarini himoya qilishdan yiroq bo‘lgan bir siyosatchi...

O‘zbekistonga ta‘siri shundan iborat bo‘ladiki, O‘zbekistonda bo‘layotgan hamma narsani Putin qo‘llab-quvvatlaydi. Rejimni juda qattiq qo‘llaydi va juda katta bir davlat sifatida hatto bizdagi rejimga qarshi bo‘lgan davlatlarga ham o‘z ta‘sirini o‘tkazib boradi. O‘ylaymanki, Rossiya Putin davrida iqtisodiy emas ko‘proq harbiy jihatdan kuchayadi va Putinda imperskiy nima bor. Ana shu narsa rivojlanadi. O‘zbekistondagi nodemokratik nimaiki bo‘lsa, Putin labbay, deb javob berib hamisha qo‘llab-quvvatlab turadi deb o‘ylayman.


Rasul, Sankt Peterberg shahridagi o‘zbekistonlik mehnat muxojiri:

Mening fikrim yaxshi. Putinning ish yuritish uslubi yaxshi boshqa prezidentlarga nisbatan. Endi har holda Putin prezident bo‘lsa, yomon emas. Nimagaki bitta biz uchun emas rus xalqi uchun ham yaxshi Putinning prezident bo‘lishi. Yangi kelib o‘tirib ish boshlagan odamdan shu sohani kishisi bo‘lgan odamga ish yuritish oson deb o‘ylayman.

Agar shunaqa bo‘lsa, Putin bizga (o‘zbekistonlik mardikorlarga) ko‘p imkoniyat yaratib berdida. Ish tomonidan muammo bo‘lmaydi mening o‘ylashimcha. Medvedev ham bu haqda bizga yomon fikr bildirgani yo‘q. Kelib dokument qilib ishlashga imkoniyatimiz bor. Boshqa prezident bo‘lsa bilmadim qanaqa bo‘ladi. U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
XS
SM
MD
LG