Линклар

26 sentabr kuni Toshkent shahrida mahalliy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatuvchi yangi aerovokzal ishga tushdi.

Poytaxtning Sirg‘ali tumanida joylashgan "Toshkent aeroporti - 3" yangi aerovokzali shaharning Sayfi Olimov (sobiq Polevaya) ko‘chasi bilan "Toshkent avtomobil aylanma yo‘li" kesishgan joyda joylashgan.

Mustaqillikning 20 yillik bayramiga topshirilishi rejalashtirilgan yangi aerovokzal kutilganidan qaryib bir oy o‘tib o‘z faoliyatini boshladi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkatining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, qurilish materiallari yetishmaganligi bois aerovokzal belgilangan vaqtida ishga tushirilmagan.

Shirkat xodimiga ko‘ra, 26 sentabrdan boshlab eski aerovokzal yopilib, mahalliy yo‘nalishdagi barcha reyslar Sirg‘alidagi yangi aerovokzaldan ucha boshladi.

Milliy me‘morchilik an‘analaridan keng foydalanilgan holda barpo etilgani aytilayotgan ikki qavatli yangi aerovokzal soatiga 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.

Toshkent aerovokzali (UzA saytidan olindi).
Yangi terminalda 10 ta samolyot uchun perron bo‘lib, aerovokzal binosida uchish va kelish zallari, rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatish zali, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, dorixona, valyuta ayirboshlash shoxobchasi, restoran, ma‘lumotxona xizmati mavjud.

29 avgust kuni aerovokzalga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishgan prezident Islom Karimov binodagi xavfsizlik masalalari yaxshi yo‘lga qo‘yilganini alohida ta‘kidlagan edi.

O‘zA agentligiga ko‘ra, yangi aerovokzal xavfsizligini ta‘minlash uchun zamonaviy elektron asbob-uskunalar va texnik vositalar bilan jihozlangan, terminal binosi oldida ikkita nazorat-o‘tish joyiga ega xavfsizlik zonasi tashkil etilgan.

Yangi aeroportning fuqarolar uchun noqulaylik taraflari ham bor. Endilikda xorijdan uchib kelgan o‘zbekistonliklar xalqaro aeroportdan yangi aeroportgacha avtobusda 10 daqiqa yurishlariga to‘g‘ri keladi.

“O‘zbekiston xavo yo‘llari” shirkati xodimasiga ko‘ra, hozirda xalqaro aeroportdan yangisiga har 10-15 daqiqada maxsus avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular yo‘lovchilarga tekin xizmat ko‘rsatadi.

Xalqaro aviayo‘nalishlar orqali uchib kelgan xorijliklar endilikda rasmiylashtirish jarayonlaridan o‘tgach, aeroport hududidan chiqmagan holda maxsus avtobusda yangi aerovokzalga yetkaziladi va O‘zbekistonning istagan hududiga uchish imkoniga ega bo‘ladilar.

Dastlab avgust oyida, keyinchalik sentabr oyi boshida ishga tushirilishi aytilgan yangi aeroport qurilishiga qariyb 100 milliard so‘m mablag‘ sarflangani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG