Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:53

Toshkent bog‘cha va maktablariga ham paxta majburiyati yuklandi


Toshkent shahridagi bog‘cha va maktablar jamoasi xodimlarini paxta terimiga jo‘nata olmagani bois, kuniga 25 ming o‘zbek so‘miga mardikor yollamoqda.
Toshkent shahridagi bog‘cha va maktablar jamoasi xodimlarini paxta terimiga jo‘nata olmagani bois, kuniga 25 ming o‘zbek so‘miga mardikor yollamoqda.
Bunday muassasalarga 3 yoki 5 xodimini paxtaga jo‘natish haqida topshiriq berilgani aytilmoqda.

Toshkent shahar va tuman hokimiyatlari tomonidan shahardagi qator maktab va bog‘chalarning jamoalariga 3 yoki 5 nafardan xodimini har kuni paxtaga jo‘natish majburiyati yuklandi.

Bunday tajriba har yili kuzatilardi. Ammo, har yili xususiy tashkilotlar bunday ommaviy safarbarlikdan chetda qolar edi.

Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi xususiy bog‘chalardan birining xodimasiga ko‘ra, bu yil "ko‘pga kelgan to‘y" ularni ham chetlab o‘tmagan.

- Kuni kecha tumanimiz hokimi shunaqa buyruq bergan. Kuniga beshtadan xodimning paxtaga chiqarishim kerakmish. Mening to‘rttagina odamim bor. Ularni jo‘natsam, bog‘cha kimga qoladi, - deydi Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalardan birining rahbari.

Bu suhbatdoshga ko‘ra, uning yon-atrofidagi davlat bog‘chalariga bunday topshiriq ancha ilgari kelgan va ular o‘tgan yillari ham paxtaga chiqishgan.

- Bu yil birinchi marta bizga ham topshiriq keldi tepadan. Qo‘shni bog‘chadagi qizlar kelishdi va qiynalib ham o‘tirmay, mardikor yollanglar, deyishdi. Lekin bitta mardikorni kuniga 25 ming so‘mga yollash mumkin ekan, - deydi bunaqa ortiqcha harajatdan noligan bog‘cha mudirasi.

Toshkent shahrining Yunusobod, Sergeli kabi tumanlaridagi yana bir necha xususiy bog‘chalar jamoalari ham hokimiyatdan shunaqa talab bo‘layotganini tasdiqladilar. Ammo, qo‘shimcha tafsilotlardan tiyildilar.

Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktablaridan birining rahbaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bir necha kun muqaddam maktablarga ham shunaqa topshiriq kelgan.

- Bizga tuman xalq ta‘limi bo‘limidan shunaqa topshiriq berishdi. Kechqurun aytishgan bo‘lsa, ertalab ikkita o‘qituvchim paxtaga ketdi. Hozir navbat-navbatdan ikki kishidan jo‘natyapmiz, - dedi Sergeli tumanidagi maktablardan birining rahbari.

U kishiga ko‘ra ham, maktab jamoalaridan bir-ikki nafardan xodimni paxtaga chiqarish majburiyati o‘tgan yillarda ham bo‘lgan va umumiy o‘rta ta‘lim maktablarida ham xodim o‘rniga mardikor yollash ana‘anasi shakllanib ulgurgan.

- Lekin, biz har yili o‘qituvchilarni jo‘natamiz. O‘qituvchilarimiz o‘z ixtiyori bilan chiqishadi paxtaga. Mardikor yollamadik hech, - deydi Sergeli tumanidagi maktablardan birining rahbari.

Toshkent shahridagi ta‘lim maskanlarining rahbarlaridan bunaqa topshiriqqa munosabatini ham so‘radik.

Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi xususiy bog‘cha mudirasi buni "bizni o‘g‘irlikka majburlash", deb baholadi.

- "Agar o‘zingiz borolmasangiz, maridkor yollangmish". Nima endi davlat bizni o‘g‘irlikka majburlaydimi? Kuniga 25 ming so‘mdan bo‘lsa, kamida 15 kun chiqarish kerak, jami 2 yarim million bo‘lyapti bitta mardikorga, - deydi bog‘cha mudirasi.

Ammo, u bunaqa ishda tajribasi oshib qolgan qo‘shni bog‘chalar rahbarlarining maslahatlarini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

- Kelishdida: "Mardikor yollasangiz, hamma pulini birdan bermang. Ular qochib ketsa, kuyib qolasiz", deyishdi. Chunki, ertalab badbo‘y karam sho‘rva, kunduzi badbo‘y mastava berarkan. Bechora kolxozchilaram puling kerakmas, paxtang ham, deb qochib ketarkan, - deydi bog‘cha mudirasi.

Ammo, nima bo‘lishidan qat‘iy nazar Toshkentdagi maktabgacha va maktab yoshidagi ta‘lim muassalari jamoalari bu majburiyatni bajarishdan o‘zga chorasi yo‘qligini, bunga, hatto, e‘tiroz bildirish ham imkonsizligini ochiq tan olmoqdalar.

- Albatta, biz mardikor yollaymiz, chunki prezident Islom Karimov shunaqa topshiriq bergan, deb majburlashyapti. Lekin men ishonmayman, bizning sevimli prezidentimiz bolalarni tashlab, paxtaga chiqing, deganiga, - deydi Toshkent shahridagi xususiy bog‘cha mudirasi.

Yunusobod tumanidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktabi xodimasi esa buni qisqagina qilib "ko‘pga kelgan to‘y", deb izohladi.

- Sovyet davridayam chiqqanmiz paxtaga hoziram chiqamiz. Sevimli O‘zbekistonimiz uchun paxtani terishga tayyormiz aslida. Hamma teryapti, bizam teramizda endi, nima deya olamiz boshqa?! - deydi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida kuniga ikki-uch nafar xodimini paxta terimiga yo‘llashga majbur bo‘layotgan maktab rahbari.
XS
SM
MD
LG