Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:48

Fuad Rustamxo‘jayev o‘limi bilan bog‘liq ikki vyersiya ko‘rib chiqilmoqda


Tergovchilar Fuad Rustamxo‘jayevning o‘ldirlishiga uning siyosiy yoki tadbirkorlik faoliyati sabab bo‘lganini taxmin qilishmoqda.
Tergovchilar Fuad Rustamxo‘jayevning o‘ldirlishiga uning siyosiy yoki tadbirkorlik faoliyati sabab bo‘lganini taxmin qilishmoqda.
Tergovchilar O‘zbekiston Xalq Harakati faoli Fuad Rustamxo‘jayevning o‘ldirilishiga uning siyosiy yoki tadbirkorlik faoliyati sabab bo‘lganini taxmin qilishmoqda.

O‘zbekistonlik tadbirkor, siyosiy muxolifat faoli va mahalliy masjidda imomlik qilgan Fuad Rustamxo‘jayev 24 sentabr kuni kech soat 11 larda Ivanovodagi uyi oldida otib ketilgan edi.

Akasini dafn etgani Qozondan Ivanovoga kelgan Bahodir Rustamxo‘jayev Ozodlik bilan suhbatda qotillik ortidagi sabalar haqida aniq fikr aytishdan tiyildi, lekin F. Rustamxo‘jayevning o‘z siyosiy qarashlarini ochiq bildirish odati bo‘lganini ta‘kidladi.

- Men oxirgi paytlarda Qozonda istiqomat qilar edim. Ivanovo shahriga kelib turamanu, lekin firmasi borligini bilaman. Konflikt yoki mahalliy kelishmovchilik to‘g‘risida akamga qarshi bo‘lganlar haqida akam men bilan hech gaplashmagan. Menga shunaqa tahdid bo‘lyapti yo boshqa, deb hech gapirmagan. Hech kim xayoliga keltirmagan edi, bilasizmi... Akam bizda bo‘layotgan nohaqliklar va hokazolar haqida o‘z fikrini ayta olgan. Rossiyadagi xohlagan gastarbayterdan ham so‘rasangiz, o‘sha ham (O‘zbekistondagi ahvoldan) norozi. Shu yerlarga kelib, musofir bo‘lib yuradimi?! Kimdir ichida saqlaydi, kimdir bu narsani tashqariga chiqaradi. Akam shu masalada ochiq fikr bildira olgan.

Rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, qotillar taksida F. Rustamxo‘jayevning uyi oldigacha kelgan va u bilan o‘zbek tilida qattiq-qattiq so‘zlashishgan. So‘ngra esa u yerdan otishma ovozlari eshitilgan. Bahodir bu haqda o‘zi bilganlarini ham gapirib berdi.

- Endi bu yerda vyersiyalar juda ko‘p bo‘lyapti. Biz ham marhumning yaqinlari bo‘lganimiz uchun bevosita qatnashib turibmiz: so‘roq savolga chaqirishyapti, “Yordam beringlar, uchi chiqib qolsa ham dalda bo‘ladi”, deyishyapti. Bu narsani shu qo‘shnilardan biri aytgan, biz ko‘rganimiz yo‘q. O‘sha ayol guvohligicha, qora taksida kelgan, qora kepkali, bo‘ylari uzun, “nerusskoy vneshnosti”, ya‘ni rus bo‘lmagan. U “Ular o‘zbek tilida gaplashdi”, demagan, “Rus tilida gaplashmadi ular”, degan. Ovozlar biri biriga ko‘tarilgan va 6-7 marta uzluksiz o‘q ovozi eshitilgan... Men akamni o‘zim yuvdim, tanasidagi jarohatlarni ko‘rdim, juda ham vaxshiyona o‘ldirilgan,- deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Bahodir Rustamxo‘jayev.

24 sentabr kuni ro‘y bergan hodisani taftish etayotgan tergovchilar bir necha vyersiyani ko‘rib chiqmoqda. O‘zini Denis, deb tanishtirgan tergovchi Ozodlikka tergov birinchi navbatda marhumning tadbirkorlik va siyosiy faoliyati bilan bog‘liq vyersiyalarni ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qildi.

- Uning yaqinlari va tanishlari u biznesdan katta daromad olmagan, deyishyapti. Biznesini haqiqatan juda katta deb bo‘lmaydi, undan kattaroq daromad olayotganlar minglab. Qizig‘i, bu biznes bilan u yaqinda shug‘ullanishni boshlagan. Aytmoqchimanki, biznesi uni o‘ldirishga yetarli bo‘lgan katta miqdorda daromad keltirmagan, jiddiy raqobatchilari ham bo‘lmagan. Nima bo‘lganda ham tergov yakunlanishidan oldin biz faqat taxmin qilishimiz mumkin, xolos,- dedi tergovchi Denis.

Ma‘lum bo‘lishicha, Fuad Rustamxo‘jayev nafaqat O‘zbekiston Xalq Harakatini ta‘sis etish va harakatning tadbirlarida faol ishtirok etish bilan, balki Ivanovodagi o‘zbeklar diasporasida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ishtirok etib kelgan.

O‘zbekiston Xalq Harakati rahbari Muhammad Solih Fuad Rustamxo‘jayev harakatning Germaniyada o‘tgan ilk qurultoyidayoq O‘zbekiston hukumati nomiga keskin tanqidiy chiqish qilgani va qotillik ortida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati turganini iddao qildi.

Tergovchilar Fuad Rustamxo‘jayevning o‘limi uning diniy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham aytishmoqda.

Rossiyada oxirgi bir necha yil davomida bir nechta musulmon jamoalari rahbarlari o‘ldirib ketilgan.

O‘tgan yilning 10 oktabrida uyiga ketayotganida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘z mashinasida otib ketilgan Yangi Urengoy masjidi imomi Isomuddin Akbarov shular jumlasidandir. Asli Namangan viloyatining Uychi tumani Mashhad qishlog‘idan bo‘lgan 51 yoshli Isomuddin Akbarov 90-yillar o‘rtalaridan buyon Yangi Urengoy masjidida imomlik qilib kelgan.

Isomuddin Akbarov qotillari ham hanuzgacha aniqlanmadi.
XS
SM
MD
LG