Линклар

O‘zbek muhojirlari yana bir imkondan quruq qolmoqda


Bundan buyon ShHT hududidagi 52 ta oliy ta‘lim dargohining diplomi tashkilotga a‘zo davlatlar hukumatlari tomonidan tan olinadi.

Bundan buyon ShHT hududidagi 52 ta oliy ta‘lim dargohining diplomi tashkilotga a‘zo davlatlar hukumatlari tomonidan tan olinadi.

ShHT doirasida diplomlarni tan olish bo‘yicha qonun loyihasi ishlanmoqda. O‘zbekiston loyihada ishtirok etayotgani yo‘q.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a‘zo davlatlari hududlarida faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini Rossiya hududida hech bir ekspertiza ko‘rigisiz qabul qilishga qaratilgan qonun loyihasining 2011 yil yakuniga qadar tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

Rossiya Fan va ta‘lim vaziri o‘rinbosari Igor Remorenkoning RIA Novosti agentligiga aytishicha, bu borada mavjud qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi va bunga muvofiq tarzda diplomi so‘zsiz tan olinadigan oliy o‘quv yurtlarining ro‘yxati ham ishlab chiqiladi.

"Hukumat darajasida diplomlari Rossiyada so‘zsiz tan olinadigan oliy o‘quv yurtlarining ro‘yxati ishlab chiqiladi. O‘ylashimcha, bu ro‘yxatga ShHT univyersitetlari tarmog‘iga kirgan hamma o‘quv yurtlari va tabiiyki, Kembrij, Oksford, Garvard, Stenford kabi dunyoga tanilgan bilim yurtlari kiradi",- deya ma‘lum qildi Igor Remorenko.

Hozirgi tartibga ko‘ra, Rossiyaga kelayotgan mutaxassis diplomiga qo‘shimcha ravishda Rossiya Fan va ta‘lim vazirligiga bir dasta hujjatni taqdim qilishi kerak. Ekspertiza guruhi uning diplomi Rossiyadagi qaysi bilim yurti darajasiga mos kelishi haqida qaror qabul qiladi va bunga bir necha oylar ketadi.

Buni e‘tirof etgan Rossiya Fan va ta‘lim vazirligi rasmiysiga ko‘ra, 2012 yildan boshlab ShHTga a‘zo davlatlardan keladigan mutaxassilar uchun shu muammo yo‘qoladi.

"InfoShOS" axborot portalining bosh muharriri Tatyana Sinitsina Ozodlik bilan suhbatda hozircha O‘zbekiston bundan mustasnodir, deya ma‘lum qildi.

- Ilgari sobiq sovyet davrida Toshkent va Samarqanddagi qator oliy o‘quv yurtlari sobiq ittifoq hududidagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan hisoblanar edi. Shu yilning oxirigacha tayyor bo‘ladigan ro‘yxatda bu o‘quv yurtlaridan qay biri bo‘lishi mumkinligidan aniq xabarim yo‘q. Lekin, vazir o‘rinbosari tilga olgan ShHT univyersitetlari tarmog‘ida O‘zbekiston univyersitetlari yo‘q,- dedi Tatyana Sinitsina.

Suhbatdoshimiz sobiq Toshkent Davlat univyersiteti, Toshkent va Samarqanddagi tibbiyot, politexnika, iqtisodiyot institutlarini sanab o‘tar ekan, ularni ShHT doirasida o‘tgan yili ishga tushgan univyersitetlar tarmog‘idan o‘rin olishga haqli, deb bilishini aytdi.

- Ammo, O‘zbekiston hozircha bu loyihada ishtirok etayotgani yo‘q. O‘zbekiston hanuzgacha o‘ylayapti. Bu har bir davlatning o‘z haqqi. Ammo, hozir ShHT univyersitetlari tarmog‘iga kiritilgan 52 ta univyersitetning diplomlari Rossiyada va ShHTga a‘zo boshqa davlatlarida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan bo‘ladi,- deydi Tatyana Sinitsina.

Turli manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir Rossiyada 2 milliondan 5 millionga qadar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishlamoqda.

Ular orasida nafaqat oliy ma‘lumotli, balki oliy toifali mutaxassislar: shifokorlar, o‘qituvchilar, injenerlar, texnologlar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxasisslari kabi malakali kadrlar bor.

Sinitsina o‘z kasbining ustasi bo‘lgan o‘zbeklarning mehnati darhol ko‘zga tashlanadi, deydi biz bilan suhbatda.

- Mana men yashaydigan ko‘p qavatli uyning hovlisida farroshlar qirg‘izistonliklar. Kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarining tom sozlash, gaz, elektr ta‘minoti kabi sohalarida ishlayotganlar esa o‘zbekistonliklardir. Aslida qo‘lida diplomi bo‘lgan o‘zbekistonlik yanada yuqori darajadagi ishga loyiq ekani aniq. Agar diplomlar tan olinadigan bo‘lsa va til muammosi bo‘lmasa, tabiiyki, malakali shifokor kelib istalgan shifoxonaga ishga joylashishi mumkin bo‘ladi,- deydi "InfoShOS" axborot portalining bosh muharriri Tatyana Sinitsina.

Ma‘lumki, ShHTga a‘zo bo‘lgan O‘zbekiston tashkilot doirasidagi ko‘pgina loyihalarda ishtirok etmay kelmoqda.

Rossiyada tirikchilik izlab eng qora ishlarga rozi bo‘layotgan o‘zbekistonlik yuqori malakali mutaxassilarning mushkulini oson qilishi mumkin bo‘lgan diplomlarning tan olinishigi oid loyiha O‘zbekiston tomonidan qabul qilinmagan navbatdagi qonun loyihasi bo‘lib qoladi, aftidan.

Loyiha ishtirok etayotgan bilim dargohlari ikki guruhga bo‘lingani aytilmoqda.

Biri ShHTga a‘zo bo‘lgan 6 davlat hududida ilm darajasi yuqori ekani tan olingan o‘quv yurtlari. Yana biri shu vaqtga qadar alohida tanlov orqali saralangan va ShHT univyersitetlar tarmog‘iga qabul qilingan 52ta oliy o‘quv yurtidir.
XS
SM
MD
LG