Линклар

logo-print

G‘aniyev bayonotiga Bishkekda turlicha munosabatda bo‘lmoqdalar


O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev O‘sh qirg‘inining asosiy aybdorlari hali-hamon qo‘lga olinmaganidan taassuf izhor qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev O‘sh qirg‘inining asosiy aybdorlari hali-hamon qo‘lga olinmaganidan taassuf izhor qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning Nyu Yorkda O‘sh voqealari yuzasidan aytganlari qirg‘iz siyosatchilarini befarq qoldirmadi.

Elyor G‘aniyev BMTda so‘zlagan nutqida oradan bir yil o‘tib ham O‘sh qirg‘inining asosiy aybdorlari qo‘lga olinmaganidan afsus bildirdi.

- Qonli hodisalardan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Lekin shu kungacha o‘sha jinoyatni sodir etgan kuchlar va konkret shaxslar, jinoyat tashkilotchilari, buyurtmachilari hamda ijrochilariga nisbatan na siyosiy va na yuridik hukmlar chiqarildi. Tergov oxirigacha olib borilmas va jinoyatchilar munosib jazoga tortilmas ekan, o‘zbek va qirg‘iz jamoalari o‘rtasida o‘zaro ishonchni tiklash qiyin bo‘ladi,- dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev BMTda so‘zlagan nutqida.

Qirg‘izistonlik bir qator siyosatchilar O‘zbekiston rasmiysining bu bayonotiga nisbatan turlicha munosabat bildirdilar.

Qirg‘iziston parlamentidagi o‘zbek deputati Anvar Ortiqov Ozodlik radiosiga bu masalada juda qisqa javob berdi.

- Elyor G‘aniyevning gaplarida jon bor, asos bor. Men ham Qirg‘iziston kuch ishlatar tuzilmalari voqea aybdorlarini topish va jazolash uchun yetarli darajada harakat qilmayaptilar, deb hisoblayman, - dedi Anvar Ortiqov.

O‘sh voqealari paytida Qirg‘iziston muvaqqat hukumatining janubiy viloyatlar bo‘yicha vakili va Qirg‘iziston mudofaa vaziri bo‘lgan Ismail Isaqov esa Elyor G‘aniyevning mazkur bayonotiga o‘ta keskin munosabat bildirdi.

- O‘zbekiston vazirining Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashishiga haqqi yo‘q. men bu bayonotni Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashish sifatida baholayman. Qirg‘iziston hukumati O‘sh voqeasi aybdorlarini topib, jazolash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayapti. Bu ishning qanchalik professional darajada amalga oshirilayotgani esa ikkinchi masala. Albatta, tergov jarayonlarida kamchiliklar bor, qochqinlikda yurgan O‘sh qirg‘ini aybdorlarini izlashda kamchiliklar bor, - dedi Ismail Isaqov.

Siyosatchi ayni paytda O‘sh qirg‘ining asosiy aybdorlari deb gumonlanayotgan shaxslarning qo‘lga olinmay, jazolanmay qolinayotganida O‘zbekistonning ham hissasi bor, deb hisoblaydi.

- Biz bu bayonotni bergan vazirning mamlakatida O‘shda odamlarni o‘ldirganlar yashirinib yurganini bilamiz. Shuning uchun gapirgandan ko‘ra amaliy ishga o‘tib, qotillarni bizlarga topshirsalar, yaxshi bo‘lar edi, - dedi Ismail Isaqov.

Parlamentning yana bir deputati Shirin Aytmatova esa O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining O‘sh voqealari yuzasidan aytganlari qirg‘iz siyosatchilariga biroz keskinroq tuyulganini, ammo o‘zi bu borada keskin tanqidiy fikr bildirishdan tiyilishini aytdi:

- Men provokatsiyaga sabab bo‘luvchi fikr bildirmoqchi emasman, chunki Qirg‘iziston janubida yashagan aholi bilan bo‘lgan uchrashuvim chog‘ida, fuqarolarimiz “O‘zbekiston bilan chegaralarni bizga ochib beringlar, O‘zbekiston chegarasi yopiqligi uchun tirikchiligimiz o‘tmay qoldi, narx-navolar ko‘tarilib ketdi”, deb talab qo‘yishayapti. Men O‘shda bo‘lgani kabi millatlararo to‘qnashuvda kim aybdor ekanini, kim tashkilotchi ekanini aniqlash juda qiyin kechishini yaxshi tushunaman. Shuning uchun hozir hech kim O‘sh qirg‘inida mana bu odam aybdor, deb aytishga haqli emas, - deydi Shirin Aytmatova.
XS
SM
MD
LG