Линклар

logo-print

Moskvada Qur‘on hofizlari tanlovi o‘tkazildi


Moskva XII Xalqaro Qur‘on hofizlari tanlovi g‘olibi falastinlik Said Dovud va Rossiya Muftiylar Kengashi raisi Ravil G‘aynuddin.

Moskva XII Xalqaro Qur‘on hofizlari tanlovi g‘olibi falastinlik Said Dovud va Rossiya Muftiylar Kengashi raisi Ravil G‘aynuddin.

Moskvada bo‘lib o‘tgan XII Xalqaro Qur‘on hofizlari tanlovida falastinlik Said Dovud g‘olib deb topildi. 25 sentabr kungi tadbirda o‘zbekistonlik hofiz ham ishtirok etdi.

O‘tgan yakshanba kuni Moskvaning “Kosmos” mehmonxonasida an‘anaviy XII Xalqaro Qur‘on xofizlari tanlovida 36 mamlakatdan kelgan qiroat ustalari ishtirok etdi.

O‘tgan yildan boshlab YuNESKO madaniy tadbirlari ro‘yxatiga kiritilgan bu tanlovga Abunor Hasan Ahmad (AQSh), Yomad Zuxayr Hofiz (SAQ), Abdulloh Almuxib Bargut (SAQ), Mahmud Latfini (Eron), Mexmet Akif Kosh (Turkiya), Islom Dashkin (Rossiya) kabi qorilar hakamlik qildi. Hakamlarga Madinadagi Payg‘ambar masjidi imom-xatibi Yomad Zuxair Hofiz raislik qildi.

Tadbir Islom mavzusida ishlangan lazer shousi bilan boshlandi.



Yevropa, Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikadan kelgan ishtirokchilar qatorida tanlovda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hofizlari ham ishtirok etdi, deydi Ozodlikka musobaqa tashkiliy qo‘mitasi vakilasi Ayshat Apiyeva.

- Tanlovda Falastindan kelgan 28 yoshli Said Dovud g‘olib deb topildi. Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, u Quddusdagi Al-Aqsa masjidi imomlaridan biri ekan. Bu yil o‘tgan yillardan farqli o‘laroq, tanlov bir nominatsiya – hifz bo‘yicha, ya‘ni Kitobdan emas, balki yoddan o‘qiy olish qobiliyati tekshirildi. Bu yilgi ishtirokchilar soni har yilgidan ancha ko‘p bo‘ldi,- deydi Ayshat Apina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, markaziy-osiyolik, xususan o‘zbekistonlik ishtirokchilar yaxshi ishtirok etganiga qaramasdan, tanlovda yuqori pog‘onalarga ko‘tarila olmagan.

Qiroat ustalari orasida faxrli ikkinchi o‘rinni marokashlik 33 yoshli Xolid Albuzaidi, uchinchilikni esa Saudiya Arabistonidan kelgan 30 yashar Al-Valid Ashshamsan egalladi. 10 ming dollarlik g‘oliblik jamg‘armasi shu uch o‘rinni egallagan hofizlar orasida tegishli miqdorda taqsimlandi.

Undan tashqari, Moskva Xalqaro Qur‘on hofizlari tanlovi prezidenti, Rossiya Muftiylar Kengashi raisi Ravil G‘aynuddin rossiyalik ishtirokchi Ali Yoqubovga haj safariga borish ruhsatnomasini berdi. 13 yoshli peterburglik Emomrabboni Rashidov esa “Halol” markazining maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

Moskvadagi XII Xalqaro Qur‘on hofizlari tanlovi tashkiliy qo‘mitasi rahbarlaridan biri, Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlari idorasi raisi va Rossiya Muftiylar kengashi raisdoshi Nafig‘ulla Ashirov bu "ajoyib musobaqa" asosan islom mamlakatlari moddiy yordami tufayli amalga oshganini ta‘kidladi. “Lekin uni tashkillashtirishda Moskva hukumati va boshqa mahalliy hokimiyat idoralari ham katta yordam berdi”, deydi Ozodlikka Nafig‘ulla Ashirov.

- Bu Moskva yoki Rossiya Qur‘on hofizlari tanlovi xalqaro miqyosda tanilayotganidan darakdir. Bu tadbirga qo‘shilib borayotgan rossiyalik qiroat ustalari soni yildan yilga oshib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrlarida va undan keyin juda ommaviy bo‘lgan bu kabi musobaqa, afsuski Rossiyada deyarli yo‘q bo‘lib ketgan edi. Endi esa bizda o‘zimizning qorilarimiz borligidan mamnunmiz, deydi Nafig‘ulla Ashirov.

Rossiya Muftiylar Kengashi raisdoshi Qur‘on hofizlari tanlovi Rossiyada avj olib borayotgan millatchilik va neofashizmga qarshi kurash yo‘llaridan ekanligini ta‘kidlab, bunday "ajoyib qiroatni eshitgan har qaysi inson yuragida faqat ijobiy tuyg‘ular paydo bo‘lishi"ga ishonishini aytdi.

Buxoroning Mir-Arab madrasasi bitiruvchisi Nafig‘ulla Ashirov o‘zbek qiroat maktabiga yuqori baho berdi.

- Ko‘pchilikka o‘zbekistonlik va tojikistonlik ishtirokchilarning chiqishlari yoqdi. Umuman olganda o‘zbek-tojik qiroat maktabi juda katta tarix, o‘ziga xos uslubga ega. Biri-biri bilan chambarchas bog‘liq o‘zbek-tojik qiroat maktabi dunyoda ko‘plab hofizlar tomonidan tan olingan. Bizga tanish o‘zbekistonlik Abdurashid qori, Obid qorilar shu maktab vakillaridir. Afsus, ayrim sabablarga ko‘ra Obidxon qori o‘z vatanini tark etgan, bu albatta juda achinarli hol. Shunga qaramasdan, o‘zbek-tojik qorilarining Rossiya qiroat san‘atiga qo‘shgan hissasi ulkan,- deydi Nafig‘ulla Ashirov.

U shuningdek, Falastin hukumati BMT Bosh assambleyasida Falastinning mustaqil davlat sifatida tan olinishini so‘rab rasmiy ariza topshirgan bir paytda falastinlik hofizning bu nufuzli musobaqada g‘olib deb topilishi ortida biror bir siyosiy asos yo‘qligini ta‘kidlab shunday dedi.

- Hay‘atning bu qarorida qandaydir siyosiy sabablar bo‘lganiga ishonmayman, chunki birinchi navbatda hakamlar nafaqat qiroat go‘zalligi, balki qator boshqa qoidalar asosida, jumladan tinglovchilar reaksiyasi ham hisobga olindi. Lekin shunga qaramasdan, Falastin xalqining bu tashabbusi ortida nihoyat Falastin-Isroil mojarosining yakunlanishi yotganligiga ishonib qolamiz,- deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Rossiya Muftiylar kengashi raisdoshi Nafig‘ulla Ashirov.

O‘tgan yilgi XI Moskva Xalqaro Qur‘on hofizlari musobaqasida hakamlar birinchi o‘rinni eronlik Amin Puyaga bergan edi.

Birinchi Butunrossiya qorilar va hofizlar musobaqasi 2000 yilda o‘tkazilgan va unda asosan Moskva madrasalari talabalari ishtirok etgan.

2007 yildan buyon Rossiya Muftiylar kengashi qarori bilan musobaqa xalqaro darajaga ko‘tarildi.

O‘shandan beri Rossiyada ayollar o‘rtasida ham qiroat musobaqalari o‘tkazib kelinadi.
XS
SM
MD
LG