Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:01

O‘zbek mutaxassislari Zarifiy iddaolarini rad etmoqda


Tojikiston tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy fikricha, daryolar quyisidagi mamlakatlarda yirik suv omborlarining qurilishi Orolning qurishiga olib kelgan.
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy fikricha, daryolar quyisidagi mamlakatlarda yirik suv omborlarining qurilishi Orolning qurishiga olib kelgan.
Ular Tojikiston tashqi ishlar vazirining Orol muammosiga daryolar quyisidagi mamlakatlarda joylashgan sun‘iy ko‘llar sabab ekani haqidagi so‘zlari asossizligini aytmoqdalar.

27 sentabr kuni BMT minbaridan so‘zlagan Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy yig‘ilganlar e‘tiborini Orol fojeasiga qaratar ekan, uni suv zahiralaridan oqilona foydalanmaganlik natijasi o‘laroq baholadi.

Uningcha, daryolar quyisidagi mamlakatlarda yirik suv omborlarining qurilishi Orolning qurishiga olib kelgan.

Tojik mulozimidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, ana shunday suv omborlarining soni mintaqada yuztadan oshgan. Zarifiy bu suv omborlaridagi suv hajmi bugungi Orol dengizidagi suv hajmidan bir yarim baravar ko‘pligini bildirdi.

- Aynan shuning uchun Tojikiston Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish barcha tizimida BMT rahbarligida kompleksli ekspertiza o‘tkazishni taklif qildi. Shuningdek, mavjud barcha suv omborlarining samarali va ratsional faoliyati masalasi ham ko‘rib chiqilishi lozim, - dedi Tojikiston hukumat rasmiysi Hamroxon Zarifiy.

Shu bilan birga, Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘z davlati umummintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan suv zahiralaridan foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyo barcha davlatlari bilan tig‘iz hamkorlikka hozirligini qo‘shimcha qildi.

Mintaqa suv zahiralaridan unumli foydalanish atrofida bahslar mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ko‘pdan buyon davom etib keladi. Bu masalaga xalqaro hamjamiyat diqqat-e‘tiborini qaratishga urinayotgan qo‘shnilar har gal bir-birlarini ayblaydi va “bu muammoni chuqurroq o‘rganish uchun xalqaro tekshiruv boshlash lozim” degan taklifni o‘rtaga tashlashadi.

Asnoda o‘zbekistonlik soha mutaxassislari Tojikiston taklifiga qarshi emasliklarini, zero, mintaqadagi suv omborlari va to‘g‘onlari bir necha marta ekspertizadan o‘tgani va bu hamma uchun ochiq mavzu ekanini aytmoqdalar.

O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi suv muammolari instituti direktori Ernazar Mahmadov Tojikiston tashqi ishlar vazirining iddaolari asossizligini aytadi.

Undagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Orol dengizi havzasida joylashgan barcha suv omborlarining hajmi 64 milliard kub metrni tashkil qiladi. Shundan 40 milliardi, Mahmadov janoblarining aytishicha, foydali hajmdir.

- Shundan hududimizdagi 52 ta suv omborida atigi 20 milliard metr kub suv bo‘lsa, bizdan yuqoridagi Tojikiston va Qirg‘izistonda 40 milliard metr kub hajmga ega bo‘lgan suv omborlari mavjuddir. O‘zingiz nisbatni ko‘rayapsiz, kim ko‘proq ta‘sir qilishi mumkin? - deya savol tashlaydi o‘zbekistonlik mutaxassis Ernazar Mahmadov Tojikiston tashqi ishlar vazirining aytganlariga munosabat bildirar ekan.

Mahmadovga ko‘ra, O‘zbekistonda suv omborlarida foydalanish madaniyati juda yuqori.

Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mas‘uli mintaqa suv zahiralaridan unumli foydalanish masalasida asosan suv boshidagi respublikalar muammo tug‘dirayotganidan norozilik bildirdi.

- Hozirgi kunda Qirg‘iziston hech kimga suv bermay, To‘qtog‘ulda 19,5 milliard metr kub suvni ushlab o‘tiribdi. Qurilganiga 40 yil bo‘lgan bo‘lsa, birinchi marta shunday bo‘layapti. Tojikistonning Norak suv omborida esa 10,5 milliard suvni ushlab turishibdi. Muammoni sun‘iy ravishda shakllantirish imkoniga faqat yuqorida o‘tirgan davlatlargina ega. Chunki u yerda suv omborlari hajmi bizdagi suv omborlaridagiga nisbatan bir necha baravar katta, - der ekan o‘zbekistonlik mutaxassis o‘z hukumatining suv zahiralaridan to‘g‘ri foydalanishga qaratilgan sa‘y-harakatlari yuqoridagilar tug‘dirayotgan muammolar bois yaxshi natijalar bermayotganini qistirib o‘tdi.

Janob Mahmadov O‘zbekiston Orol fojealarini bartaraf qilish borasida ham ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rayotganini qayd etdi.

- Orol va Orolbo‘yi muammolari bilan birinchi navbatda ekologiyaga taalluqli bo‘lgan eng katta tashabbuslar O‘zbekistondan chiqayapti. Paxta maydonlarini kamaytirish, suvdan kam foydalanish kabilar shular jumlasidandir. Suvga ta‘siri bo‘lgan ekologik muhitni yaxshilash uchun bizda faol sa‘y-harakatlar qilinayapti. Shuning uchun Orol bilan bog‘liq muammoda O‘zbekistonni ayblash bu noto‘g‘ridir, - deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mas‘uli Ernazar Mahmadov.

Uning aytishicha, O‘zbekistondagi sohillar va ichki daryolar suvi hisobiga to‘ldirilayotgan jami 52 ta suv ombori aholini ichimlik suvi bilan ta‘minlash va qishloq xo‘jalik sohasida ishlatiladi. Shuningdek, bu suv omborlari toshqin yuz berganida, ya‘ni favqulotda holatlarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta‘minlashga xizmat qiladi.
XS
SM
MD
LG