Линклар

Norvyegiya politsiyasi toshkentlik sobiq militsioner Alisher Abdullayev va uning ikki sherigiga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq ayblovni rasman e‘lon qildi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ular Shimoliy dengizdagi bir nechta neft platformalarini portlatish va Daniyada Muhammad Payg‘ambarni hajv etgan karikaturachini o‘ldirishga til biriktirganlikda ayblanmoqda.

Alisher Abdullayev Norvyegiyada 2002 yilda qochqinlik maqomi olgach o‘z ismini David Yakobsen deb o‘zgartirgan.

U o‘tgan yil iyul oyida kurd va uyg‘ur yigiti bilan birga Al-Qoida terror tarmog‘iga aloqadorlikda gumonlanib, Norvyegiya politsiyasi tarafidan hibsga olingan edi.

Yakobsen-Abdullayevning sheriklaridan biri – 39 yoshli shinjonlik uyg‘ur Mikael Dovud ham, BMT qochqinlar komissarligi Qozog‘iston bo‘limi orqali Norvyegiyadan boshpana olgan.

Gumonlanuvchilarning uchinchisi – 37 yoshli iroqlik kurd Shavan Sadek Samd Buyak, Germaniyada hibsga olingan va Norvyegiyaga ekstraditsiya qilingan.

Norvyegiya Adliya vaziri Knut Storberget mazkur “radikal musulmonlar guruhi” bir yildan ortiq vaqt davomida maxfiy politsiya nazorati ostida bo‘lganini bildirib, Norvyegiyada boshpana topgan yana bir nechta o‘zbekistonlik va iroqlikning Al-Qoida guruhiga aloqadorligiga oid dalillar borligini bildirgan.

U 2009 yilning noyabr oyidan Norvyegiya xavfsizlik xizmati (PST) informatori bo‘lib o‘z sheriklari hatti-harakatlari haqida xabar berib kelgani va shu sababli unga yengil jazo berilishiga ishonishini bildirib kelmoqda.

Bu voqeaga mahalliy ommaviy axborot vositalarida “Norvyegiyaning 11 sentabri” deb nom berilgan.

Yakobsen-Abdullayev va uning ikki sherigi ustidan mahkama jarayoni 31 oktabrdan boshlanishi aytilayapti.

Uchala ayblanuvchi ham o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor qilayapti.
XS
SM
MD
LG