Линклар

Paxta-2011: Yo‘lkira to‘lagan terimchi-o‘quvchi; Paxta mavsumida mehnat turizmi; Qolganini kichkintoylar teradi; Yetmaganini sotib ol!


Bu yilgi paxta terim mavsumini o‘zbekistonliklardan biri "Rasvo bo‘ldi bu yil", degan so‘zlar bilan ta‘rifladi. (Aleksey Protchenkov olgan surat)

Bu yilgi paxta terim mavsumini o‘zbekistonliklardan biri "Rasvo bo‘ldi bu yil", degan so‘zlar bilan ta‘rifladi. (Aleksey Protchenkov olgan surat)

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida paxta terimiga majburan chiqarilgan o‘quvchilardan avtobus puli ushlab qolinyapti.

Shu viloyatning Paxtakor tumanida hasharga kelgan toshkentlik o‘qituvchilar mahalliy aholiga ikki baravar haq to‘lab, paxta terdirmoqda.

Surxondaryo viloyatida quyi sinf o‘quvchilari ham paxtaga haydaldi.

Shu viloyatda paxta terimiga jalb qilingan tashkilotlar paxta qabul qilish punktlaridan paxta sotib olib, normani bajarmoqda.

Bu Paxta-2011 kampaniyasi manazarasiga ayrim chizgilar.

“Xayr qilsang, butun qil”


Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi Sharof Rashidov nomli 1-maktabning 8-9 sinf o‘quvchilari har kuni 10-15 kilometr masofadagi dalaga borib paxta termoqda.

Maktab o‘qituvchisi Ziyodillo Razzoqovga ko‘ra, o‘quvchilarning tergan paxtasidan har kuni avtobus xarajati uchun 400 so‘mdan ushlab qolinmoqda:

- Tashkilot tomonidan texnika bilan ta‘minlanishi kerakku. Texnika bilan ta‘minlaydi deb ta‘minlagan texnikasiga o‘quvchilarning o‘zi yonidan pul to‘laydi. Bizda masalan 8-9-sinf o‘quvchilari chiqqan. Masalan erta bilan soat 7da barcha o‘quvchilar yig‘iladi maktab hovlisiga. Har bir sinfning o‘zining rahbari bor. Guruh-guruhga bo‘lib rahbari egalik qiladi. Keyin avtobusga yuklashadi. Kattaroq LAZ avtobus bo‘ladigan bo‘lsa, 100tagacha mindirishadi. Maydaroq avtobus bo‘ladigan bo‘lsa, 40-50ta qilib ortishadi,- deydi Ziyodillo Razzoqov.

O‘qituvchiga ko‘ra, bolalar uchun paxta dalasida hatto oddiy qaynagan suv ham tashkil qilinmagan, bolalar uylaridan olib borgan sovuq suv va non bilan tushlik qilmoqda:

- Bolalar obedga uyidan yarimta-yarimta non olib chiqadi, bir baklashka suv olib chiqadi. Ota-onasi ovqat qilib bersa, yeydi xuddi biz qatori. Bizga ham hech qanaqa e‘tibor yo‘q. Erta bilan uyimizdan yarimta non, bir baklashka suv bilan chiqamiz,- deydi o‘qituvchi.

Z. Razzoqov mahalliy hokimiyat shunday ham darsdan qolayotgan, kunini paxta dalasida o‘tkazayotgan o‘quvchi va o‘qituvchilarning dalaga yetib olishlari uchun transport bilan ta‘minlamagani “xayr qilsang, butun qil” maqolini eslatadi, deydi.

“Yashasin yordamchilar!”


Bu Jizzax viloyati Paxtakor tumani hokimiyatining gapi emas. Bu gapni oddiy paxtakorliklar aytmoqda.

Zero, Paxtakor tumani aholisi paxta terimiga kelgan yordamchilardan xursand. Chunki bu “yordamchilar” terimchilarga fermerlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq haq to‘lamoqda.

Toshkent shahrining Bank kolleji, Axborot kolleji o‘qituvchilari va respublika o‘t o‘chiruvchilarining zarbdor brigadalari ayni kunlarda Paxtakor tumanida paxta termoqda.

Paxtakorlik Jahongir ismli yigit yordamchilar tufayli tuman ahli o‘z moddiy sharoitini biroz yaxshilab oladigan bo‘ldi, deydi.

- Shaharlik o‘qituvchilar kelgan. Paxta terishni bilmaydi, umuman bilmaydi. Bitta paxtani oladida shunday ushlab o‘tiradi. Bitta o‘qituvchi avvalgi kuni bir yarim kilo teribdi. Ayol o‘qituvchi ertalabdan kechgacha bir yarim kilo. Hozir ularga norma 30 kilo ekan. Bir kunda 2500 so‘m ovqat puliga olib qolar ekan. Shuni ishlash uchun bizga tergizishayaptida. 200 so‘m edi. Qattiq yomg‘ir yoqqaniga narxi 250ga ko‘tarilibdi. Pojarniklar esa 150 so‘mdan tergizayapti. Xorazmdan, Buxorodan, har xil joylardan kelgan. Kelgani juda yaxshi bo‘ldi. Fermerlar bizga 120 so‘mdan tergizayotgan edi. O‘qituvchilar 250 so‘mdan tergizayapti. Ular nomerini aytadi. Daraxtda, soya-salqinda dam olib o‘tiradi. Biz borib paxta terib nomerga topshirib beramiz. Kechqurun naqd pul beradi,- deydi Jahongir.

Uning fikricha, yordamchilarning kelgani tumanda mehnat turizmining, vaqtincha bo‘lsa-da, rivojlanishiga turtki bo‘lgan:

- Hamma uyiga 10-15-20 tadan yordamchilarni ijaraga qo‘ygan. Bir kunga 1500dan. Hamma savdoni yurishtirib yubordida bular. Meva-cheva, pivolarning savdosi zo‘r bo‘lib ketdi. Somsa, mantilar olib borib xotinlar sotayapti. Ertalab sut olib borib sotib keladi. Ular olavyeradida. Odamlar uyiga 20 tadan odam qo‘yayapti. Bir kunda 30 ming pul kelayaptida. Banyamiz uje bir oyda bir million pul ishlayapti. Iqtisodini rivojlantirdida ular. Shunga xursandmiz. Yana kelishsin, yana qabul qilamiz. Davlat bermagan narxni bular berayapti,- deydi kelgusi paxta mavsumigacha ikki xonali uyining qurilishini tugatib, unga kamida o‘n nafar yordamchini ijaraga qo‘yishni hozirdan rejalayotgan Jahongir.

“Quyi sinf o‘quvchilari ham paxtaga chiqarildi”


Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida quyi sinf o‘quvchilari ham paxtaga chiqarildi. Bu haqda Ozodlikka gapirgan O‘rol akaning aytishicha, dalalarda paxta qolmay, katta yoshdagilar terimga chiqmay qo‘yganiga qaramasdan, viloyat paxta rejasini bajarish uchun qolgan qutgan paxtani terib olishga kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari safarbar qilinmoqda:

- 3-4-sinf bolalarni ham paxtaga olib chiqib yotibdi. Paxtaning o‘zi yo‘q. Paxta yo‘q. Tamom bo‘lgan. O‘qish ham yo‘q, paxta ham yo‘q. Faqat hammani axmoq qilib yotibdida. Fermerlarni qamab, majburlab paxta oldirarmishmi. Rasvo bo‘ldi bu yil,- deydi jarqo‘rg‘onlik O‘rol aka.

“Paxta bo‘lmasa, sotib ol!”


Ozodlikning davlat korxonalaridan biridagi manbaga ko‘ra, bugun, ayniqsa, Surxondaryo viloyatida paxta terimi juda qattiq nazorat ostida olib borilyapti. Byudjetdagi har bir tashkilot va xususiy korxonalar paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilgan. Ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz dalada paxta qolmaganini ta‘kidlar ekan, tashkilotlar o‘z normalarini bajarish uchun paxta qabul qilish punktlaridan paxta sotib olayotganliklarini aytadi:

- Hozir tashkilotlarga norma solgan. O‘sha normani bajarishi shart. Paxta yo‘q bo‘lgandan keyin dalada, qayerdan oladi? Punktdan oladiku. Punktdan sotib oladigan paxtaning kilosi 300 so‘m. Paxta bo‘lmasa, bular qayerdan bajaradi? Pul yig‘ishtirib bular paxtani sotib olayaptida,- deydi suhbatdosh.

Paxta punktidan tarozidan urib qolingan yoki o‘g‘irlangan paxtani sotib olish sxemasi esa quyidagicha:

- Masalan, mana men boraman. Aytaylik menga bir-ikki tonna kerak. Albatta fermerning nomiga yozib beradi uni. Haligi DEU tashkiloti bo‘lsam yoki bo‘lmasa Raygaz bo‘ladigan bo‘lsam, nakladnoyga Raygaz deb yozib bermaysizku. Misol uchun bitta fermerni aytaman. O‘sha fermerning nomiga 300 so‘mdan bergandan keyin beshinchi sort qilib bir tonna o‘sha fermer terdi qiladi. Nakladnoyga fermerni yozasiz. Ustiga Raygaz tashkiloti yoki bo‘lmasa Yo‘lqurilishtashkiloti deb yozib qo‘yiladi.

Kim paxtada bo‘lsa, hammasiga shunday topshiriq berilganda. Shunday ketayaptida. Chunki 7 chislo kunimi Termizda kurash bo‘yicha musobaqa bo‘lishi kerak, shunga prezident boradi, o‘sha prezidentning oldida hokim yuzini yorug‘ qilib olmoqchida. Juda katta pripiska (qo‘shib yozish) ketayaptida hozir. Dalada umuman paxta yo‘q. Faqatgina g‘o‘zapoya qolgan,- deydi Ozodlik manbasi.
XS
SM
MD
LG