Линклар

Buryatiyadagi qo‘lqop ishlab chiqaradigan korxonada chiqqan yong‘in oqibatida 4 nafar ishchi xalok bo‘ldi, ikki nafari bedarak yo‘qoldi. Nobud bo‘lgan mehnat muhojirlaridan biri O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi. Yana ikki nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan.

Buryatiya Respublikasining Pribaykal tumaniga qarashli Turuntayevo qishlog‘ida 23-dan 24 sentabrga o‘tar kechasi charm qo‘lqop ishlab chiqaradigan fabrikaning ikki qavatli binosida chiqqan yong‘in oqibatida 4 nafar mehnat muhojiri nobud bo‘ldi, ikki nafari bedarak yo‘qoldi.

Buryatiya Respublikasi Tergov qo‘mitasi rasmiysi Yevgeniy Lagatskiy Ozodlik bilan suhbatda korxona mehnat muhojirlarini noqonuniy tarzda ishga yollagan va faoliyati ham qonun doirasida bo‘lmagan, deydi. Uning aytishicha, topilgan to‘rt jasaddan birining shaxsi aniqlangan.

- Vafot etgan 4 kishining biri 1985 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekani aniqlandi. Undan tashqari yong‘inda yo‘qolgan yana ikki nafar O‘zbekiston va ikki nafar Qirg‘iziston fuqarolari shaxslari aniqlanmoqda, hozircha menda bu shaxslarning ro‘yxati yo‘q. Yana bir topilgan jasadning kimga tegishliligini aniqlashning hozircha iloji yo‘q, chunki qattiq kuyib ketgan. Biz uni genetik ekspertizaga topshiramiz. Fabrikaning o‘zi bu turdagi ishlab chiqarishga hech qanday ruxsatnomasi bo‘lmagan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari hozircha yong‘in joyida surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda,- deydi Buryatiya Respublikasi Tergov qo‘mitasi vakili Yevgeniy Lagatskiy.

Tergov qo‘mitasi axborot markazi boshlig‘idan olingan xabarga ko‘ra, Turuntayevo qishlog‘idagi noqonuniy fabrikada chiqqan yong‘in bo‘yicha Rossiya Jinoyat Kodeksining 219 moddasi 3 qismi, ya‘ni yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Buryatiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan qo‘zg‘atilgan bu jinoyat ishi bo‘yicha javobgar deb topilgan fabrika egasi 7 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Ozodlik Turuntayevo fabrikasida bo‘lgan yong‘in tafsilotlarini aniqlash maqsadida o‘t o‘chirish va qidiruv ishlariga rahbarlik qilgan mahalliy tergov boshqarmasi boshlig‘i Siren Sirimpilov bilan bog‘landi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olov kechki smena paytida rezina qo‘lqop ishlab chiqaradigan stanoklardan birida chiqqan va ishchilar o‘z kuchlari bilan uni o‘chira olmagan. Alanga qisqa vaqt ichida butun ikkinchi qavatga yoyilgan, odamlar ikkinchi qavat derazalaridan pastga sakray boshlagan, ulardan biri oyog‘ini sindirib olgan, deydi u.

- Hozirga kelib nobud bo‘lganlardan faqat bir kishi shaxsi aniqlandi. Bu o‘zbekistonlik Mirzayev Rustam Og‘ajonovich. Hozircha faqat 4 kishining murdasi topildi, yong‘in paytida binoda bo‘lgan yana ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Bino to‘liq buzilib ketgan. Jasadlar esa Ulan-Ude shahridagi Sud tibbiy ekspertiza byurosiga jo‘natildi, deya so‘nggi ma‘lumotlarni berdi yong‘in joyini ko‘zdan kechirayotgan tergovchilar guruhi rahbari S. Sirimpilov.

Tergovchilardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, fabrika binosida 100 dan ortiq asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan mehnat muhojirlari ishlagan. Ularning aksari shu binoda ishlab istiqomat ham qilgan.

Binoda shuningdek lak-bo‘yoq mahsulotlari, gaz ballonlari bo‘lgan.

Fabrikadagi yong‘in natijasida jarohat olganlarning ahvolini bilish maqsadida Pribaykal markaziy tuman shifoxonasiga qo‘ng‘iroq qildik.

- Ularni bizga keltirishgan edi. Lekin jarohatlari og‘ir bo‘lmagani tufayli yotqizilmadi. Oyog‘i singan yigitga gips qo‘ydik, u ham ketvordi. Fabrikadan keltirilganlardan birortasi hozir shifoxonada yo‘q,- dedi shifoxonaning terapiya bo‘limi vrachi.

Tergovchilar jasadlarning kimga tegishli ekanini aniqlash uchun genetik ekspertiza zarur bo‘lishini ta‘kidladilar.

Buryatiya Respublikasi Tergov idorasi xodimlari shuningdek Rossiya Jinoyat Kodeksining 143 moddasi (mehnat muxofazasi qoidalarini buzish) yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun tergovoldi taftish ishlarini olib bormoqda.
XS
SM
MD
LG