Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:21

O‘zbek muxolifati Toshkent rejimini qotillikda ayblamoqda


O‘zbek muxolifati Fuad Rustamxo‘jayev o‘limida o‘zbek MXXsini ayblayapti.
O‘zbek muxolifati Fuad Rustamxo‘jayev o‘limida o‘zbek MXXsini ayblayapti.
O‘XH Fuad Rustamxo‘jayev o‘limini qoralab, O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligi oldida piket o‘tkazdi.

29 sentabr kuni muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati a‘zolari va Turkiyadagi inson huquqlari guruhlari O‘XHning Rossiyadagi faoli Fuad Rustamxo‘jayevning o‘limini qoralab, O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligi binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazdilar. Harakat a‘zolari F. Rustamxo‘jayev o‘limida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatini ayblamoqda.

Istanbuldagi piketda O‘XH faollari va Turkiyadagi "Adolat platforma" tashkiloti ishtirok etdi.
O‘XH muassislar majlisi a‘zosi va muvofiqlashtiruvchisi Namoz Normo‘min bu jinoyatda O‘zbekiston rejimining qo‘li borligiga shubha yo‘q va piketni o‘tkazishdan maqsad Karimov rejimiga bosim o‘tkazishdir deydi.

- Bizning Rusiyadagi vakilimiz Fuad Shokiriy (Rustamxo‘jayev) otib o‘ldirildi. Bizning fikrimizcha, bu O‘zbekistondagi mavjud rejimning o‘z xalqiga qarshi o‘tkazib kelayotgan zolimona diktator siyosatining bir parchasidir. Bu sodir bo‘lgan o‘lim voqeasi O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyingi birinchi voqea emas. Islom Karimov rejimi o‘tgan 20 yil ichida, buning aniq sonini faqat Olloh subhonohu va taolo biladi, minglarcha kishini hech qanday aybsiz, gunohsiz qatl qildi. Buning dalili avvalo Andijon voqealari. O‘zbekiston xalq harakatining maqsadi shu diktatura rejimi o‘rniga erkin, adolatli, huquqiy fuqarolik jamiyati qurishdir. Biz tinchlik bilan bu hukumatga islohotlarni amalga oshirishni taklif qilgan edik. Biz bu rejimga qarshi qurol olish u yoqda tursin hatto biror-bir qo‘pol so‘z aytganimiz yo‘q. Lekin rejim o‘zining ayanchli, vahshiy basharasini ko‘rsatib, biror gunohi bo‘lmagan bir birodarimizni otib o‘ldirish orqali o‘zining haqiqiy basharasini ko‘rsatdi. Bugungi bizning tadbirimiz shu qotillikka qarshi norozilik tadbiridir,- dedi Namoz Normo‘min.

Piket ishtirokchilari prezident Islom Karimovning iste‘fosini ham talab qildilar.
Istanbuldagi piketda Turkiyadagi "Adolat platforma" tashkiloti faollari ham ishtirok etdi.

Ushbu tashkilotning rahbari Odam Chevikka ko‘ra, tadbir ishtirokchilari F. Rustamxo‘jayev o‘limini qoralash bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning iste‘fosini ham talab qilayaptilar.

- Karimov hukumati Andijonda qatliom qildi. Qatliom va insoniyatga qarshi jinoyat qilganligi uchun uning xalqaro mahkamaga tortilishini, iste‘fo berishini istaymiz. Chunki O‘zbekiston konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident ikki marta saylanishi mumkin. U esa to‘rt martadan beri prezident. Diktatura o‘rnatib, xalqqa zulm o‘tkazayapti. 20 mingga yaqin odam qamoqda o‘tiribdi. 5 million odam mamlakatdan tashqarida. Xalqaro tashkilotlar tomonidan kuzatib turilgan holda tezda saylov o‘tkazilishini, diktatorning esa saylovda ishtirok etmasdan iste‘fo berishini istaymiz. Shuning uchun bu piketni o‘tkazayapmiz. Mana O‘zbekiston xalq harakatining Rossiyadagi yetakchisi, imom Fuad Shokiriyni o‘ldirib ketishdi. Bu nechanchi qotillik? Oldin O‘zbekistonni asoratdan qutqarish, ozod qilish uchun kurashganlarni, yozuvchi va shoirlarni o‘ldirdi. Shuning uchun uning iste‘fo berishini va xalqaro mahkamaga tortilishini istaymiz,- dedi Odam Chevik.

O‘zbekiston Xalq Xarakati faollarining Vashingtondagi piketi.
28 sentabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston Xalq Harakati faollari amerikalik hquq faollari bilan birgalikda AQSh-O‘zbekiston Savdo va sanoat palatasi homiyligidagi Biznes forum o‘tkazilgan bino oldida norozilik namoyishi o‘tkazdi. Biznes forumini O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning ochib berishi kutilayotgan edi. Lekin so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, E. G‘aniyev tadbir boshlanishiga kelmagan.

AQShdagi faollar 8-15 sentabr kunlari Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan Moda haftaligida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarashli Guli brendi liboslari tomoshasining ko‘rsatilishiga qarshi qator norozilik tadbirlari uyushtirgan edilar.

Mazkur piketlar va AQSh matbuotidagi keskin chiqishlar ortidan Moda haftaligi tashkilotchilari Gulnora Karimova tomoshasini bekor qilgan va Guli brendi liboslari ko‘rgazmasi xususiy restoranda imi-jimida o‘tkazilgan edi.
XS
SM
MD
LG