Линклар

Toshkentda itlar uchun saroylar qurilmoqda


Toshkentda it uchun qurilgan bunday saroylarning narxi 2000 dollarni tashkil qiladi.

Toshkentda it uchun qurilgan bunday saroylarning narxi 2000 dollarni tashkil qiladi.

Daydi itlardan tozalangan Toshkentda zodagon itlar uchun sharoitlar yaratish biznesi rivojlanmoqda.

Ozodlikning 20 yoshli tinglovchisi Abdullaning uyida Rembo laqabli iti bor. Remboning yotib turishi uchun hovlida uning egasi joy ham qilib bergan.

- Maydagina joy qilib berganman. Qo‘limdan keladi, shuning uchun uycha qilib berganman. Kuchuk ko‘p. Bir xil uylarda uchta-to‘rtta it bor. Bir xillarining egasi uycha qilib beradi, bir xillari qilib bermasa, itning o‘zi joy topadi, - deydi Abdulla.

Toshkentlik quruvchi Sergey aholi uchun uy qurish bilan emas, it budkalarini yasash bilan kun kechiradi. Uning bu hunari bugun ham oilasini tebratmoqda, ham itboqarlar orasida nomini tanitmoqda.

- Aynan Toshkentda qurgan eng qimmatbaho uyimizning narxi 600 AQSh dollariga baholangan edi. Endi o‘zingiz tushunasiz, kimda pul bo‘lsa, o‘sha odamgina shunday buyurtma beradi, - deydi mijozlari haqida gapirishni istamagan quruvchi Sergey.

Sergeyning aytishicha, bitta it budkasini yasash uchun 10-15 kun vaqt ketadi, it uychasi pishiq qurilish materiallaridan tayyorlanadi.

- Bu namga chiday oladigan gipsokarton, ya‘ni yomg‘ir ostida tursa ham hech narsa bo‘lmaydi,- deya ta‘riflaydi quruvchi.

Bugungi kunda nafaqat zodagon itlarga, balki laycha itlar uchun ham buyurtma olib turuvchi toshkentlik suhbatdosh uning mehnati u qadar qimmat emasligini qo‘shimcha qiladi:

- Endi qarang-da, budkalarning narxi 100 dollardan boshlanadi. Bu eng oddiy it uchun uyning narxi. Men hozir budkalar qilayapman. Birining narxi 750 ming so‘m, ikkinchisi 400 ming so‘mga tushayapti. Ular juda mustahkam va qishda issiqni saqlay oladi. 20 yilga aniq yetadi, -dedi Sergey.

O‘zbekistondagi “Zor.uz” saytidagi e‘lonlarni o‘qisangiz, itlar uchun uylarning narxi ham osmonda ekaniga guvoh bo‘lasiz. Taklif qilinayotgan it qasrlari orasida 2 ming AQSh dollariga sotilayotgan buyurtma uylar ham bor. Ular orasida Sergey taklif qilgan superbudka ham bor.

- Bu haqiqattan superbuyurtma, narxi ming dollar turadi,- deydi g‘ururlanib it uyi bo‘yicha mutaxassis.

Xonaki itlardan tashqari, Toshkentda boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi daydi itlar ko‘p edi. Shu yilning yoz oylarida Toshkent daydi itlardan tozalanishni boshlab, mingga yaqin itlar otib o‘ldirildi. Jonivorlar himoyasiga esa O‘zbekistondagi hech bir jonivorlarni asrash tashkilotlari chiqmadi.
XS
SM
MD
LG